Breaking News

AQShda soliqdan bo'yin tovlaganlarga qarshi kurash kuchaytiriladi


AQSh Soliq idorasi binosi

Bayden ma’muriyatining aytishicha, har yili boy amerikaliklar to’lashi lozim bo’lgan 600 milliard dollardan ortiq soliq davlat g’aznasiga kelib tushmayapti. Bu mablag’larning o’z vaqtida undirilishini ta’minlash maqsadida soliq idorasining nazorat qilish vakolatlarini kuchaytirish taklif qilinmoqda.

Agar chora ko’rilmasa, kelasi 10 yil ichida to’lanmagan soliqlar miqdori yetti trillion dollarga yetishi mumkin. Bu jami soliqlarning 15 foizini tashkil etadi, deyiladi Moliya vazirligi e’lon qilgan hisobotda.

“Bu to’lanmagan soliqlar Amerika oilalari va itoatkor soliq to’lovchilar uchun qimmatga tushadi. Qaror beruvchilar defitsitni oshirish, muhim yo’nalishlarga kam mablag’ sarflash yoki boy berilgan tushumni qoplash uchun soliqlarni yanada oshirish kabi yo’llardan birini tanlashga majbur bo’ladi”, - deyiladi hujjatda.

Yangi choralar natijasida kelasi 10 yil ichida 700 milliard dollar to’lanmagan soliq qaytarib olinishi aytilmoqda.

Soliqlarning o’z vaqtida yig’ilmasligi faqat AQShga xos muammo emas. Amerika soliqlarning 15 foizini boy bersa, bu ko’rsatkich, London universiteti tadqiqotiga ko’ra, Yevropa Ittifoqida 16 foizni tashkil etadi. 2015-yilda Yevropa Ittifoqida to’lanmagan soliq miqdori bir trillion dollardan oshgan.

Bu oson ish emas

“Bu vaqt oladi. Bir necha yil davomida xodimlar sonini oshirib borishadi. Soliq idorasida ishlab yurgan va bu jarayonni yaxshi biladigan odamlarning aytishicha, bittaq auditorni tayyorlashga besh yil vaqt ketadi. Ayniqsa, soliqdan bo’yin tovlashning idora tekshirishni istayotgan murakkab turlarini ko’rish uchun. Bu pullarni yig’a olishsa kerak, lekin buni bir kunda bo’ladi, deb kutmaslik kerak”, - deydi soliq bo’yicha tadqiqotchi Xovard Glekmen.

Oldinda turgan vazifaga shubha bilan qarayotganlar ham yo’q emas.

“Biroz balandparvoz ko’rinyapti. Soliq idorasida tekshiruvlarni yaxshilash va qonunlar ijrosini kuchaytirish tushumni oshirishning yaxshi yo’li. Lekin ularga shu maqsadda ajratilayotgan katta miqdordagi puldan qanchalik samarali foydalana olishlariga ishonchim komil emas”, - deydi yana bir ekspert Aleks Muresianu.

“Amerika oilalari rejasi”ni moliyalash

To’lanmagan soliqlarni qaytarish tashabbusi Bayden ma’muriyatining xarajatlarni oshiruvchi yana bir rejasi e’lon qilingan paytda olg’a surilmoqda. “Amerika oilalari rejasi” deb atalayotgan qonun loyihasiga ko’ra, bolalar bog’chasi, bepul ta’lim, oilalar uchun tibbiy sug’urta va bolalar uchun soliq imtiyozlari kabi yo’nalishlarga federal byudjetdan ko’proq mablag’ ajratiladi.

Ammo, deydi Glekmen, Soliq idorasi tomonidan undiriladigan pul bu reja asosida ajratiladigan mablag’ning, ya’ni 1,8 trillion dollarlik rejaning yaqiniga ham kela olmaydi.

“Agar Kongressdagilar to’lanmay qolgan soliqni yig’ish bu xarajatlarni qoplaydi deb o’ylayotgan bo’lsa, xomtama bo’lishadi. Bu yaxshi narsa, buni qilish kerak va u ko’p pul jamg’aradi, lekin bu pul trillion dollarlik infratuzilma loyihasiga yetmasligi aniq”, - deydi u.

Soliqlarni undirish rejasi tafsilotlari

Bayden ma’muriyati nazoratni kuchaytirish uchun soliq idorasiga qo’shimcha 80 milliard dollar mablag’ ajratmoqchi. O’tgan o’n yil ichida idora byudjeti 20 foizga qisqartirilgan edi. Natijada xodimlar soni kamayib, ish faoliyati sustlashgan.

Agentlikning ma’lumotlar bilan ishlash tizimi ham yangilanishi kutilmoqda. Bu tizimning ba’zi qismlari eskirgan dasturlash tilida, o’tgan asrning 60-yillarida barpo etilgan infratuzilmada ishlashi aytiladi.

Shuningdek, soliq to’lovchilarga deklaratsiya to’ldirishda yordamlashuvchi shaxs va firmalar ustidan nazoratni kuchaytirish, soliqdan bo’yin tovlaganlik uchun jarimalarni oshirish choralari ko’zda tutilmoqda.

Bank ma’lumotlarini yig’ish

Hukumat banklar tomonidan soliq idorasiga beriladigan ma’lumotlar miqdorini oshirishni ham taklif etmoqda. Bu esa moliyaviy institutlar noroziligiga sabab bo’ldi.

Rejaga ko’ra, fuqarolar hisob raqamiga kelib tushayotgan va undan chiqayotgan pul mablag’lari ma’lum summadan oshsa, banklar bu haqda soliq idorasini xabardor qilishi kerak. Maqsad soliqdan bo’yin tovlash uchun yashiriladigan noqonuniy mablag’ manbalarini aniqlash.

Banklar bu tartibga e’tiroz bildirib, yangi chora xarajatlarning oshishi va boshqa murakkabliklarga olib borishi haqida ogohlantirmoqda.

“Soliq to’lovchilar o’z majburiyatini bajarishini ta’minlash uchun ko’rilayotgan choralarni qo’llaymiz, lekin bu hisob raqami egalari haqida ma’lumot beruvchi institutlarga ortiqcha moliyaviy bosim qo’ymasligi kerak, ayniqsa, foyda ko’rish ancha mavhum bo’lib turgan bir paytda”, - deyiladi banklar birgalikda yozgan xatda.

Glekmenning aytishicha, soliq idorasi banklardan qo’shimcha ma’lumot yiqqani bilan ulardan samarali foydalana olishi dargumon.

“Har bir bank hisobiga tushgan va undan chiqqan mablag’ haqida juda ko’p ma’lumot so’rashyapti. Soliq idorasi shu paytgacha berilgan ma’lumotlarni ham yetarli darajada ko’rib chiqa olmayapti. Yangi tartib ular ishiga yana milliardlab axborot qo’shadi”, - deydi tadqiqotchi Xovard Glekmen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG