Breaking News

Tolibon masalasida Pokiston-Afg'oniston aloqalari hanuz tarang


Afg'oniston bilan chegarada turgan Pokiston askarlari, 2020-yil, 16-sentabr

Afg’oniston hukumati so’zlovchisi Pokistonni Tolibon bazalarini yopish va guruhga yordam ko’rsatishni to’xtatish bo’yicha amaliy qadamlar tashlashga chaqirdi.

“Afg’onistonning talablari aniq. Biz terroristlar Pokistonda bazalarga va qo’llab-quvvatlovga ega ekaniga ishonamiz”, - dedi Afg’oniston hukumatining Media va axborot markazi rahbari Dava Xan Menapal.

Menapal bu bilan Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani 14-may kuni “Der Spigel” jurnaliga bergan intervyuga ishora qildi. Suhbatda G’ani Tolibon Pokistondan logistika, moliya va odam yollash bo’yicha yordam olishini aytib, isyonchi guruh hatto o’z mashvarat guruhlarini Pokiston shaharlari nomi bilan Peshovar sho’rosi, Kvetta sho’rosi va Mironshoh sho’rosi deb atashini ta’kidlagan edi.

“Asossiz aybovlar”

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Zohid Hafiz Chaudrining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Kobulning da’volari “mas’uliyatsiz bayonotlar” va “asossiz ayblovlar”dir.

“Pokiston Islomoboddagi Afg’oniston elchisi orqali kuchli e’tiroz bildirib, o’zining jiddiy xavotirlarini Afg’oniston tomoniga yetkazdi”, - dedi u.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligining 17-mayda e’lon qilgan bayonotiga ko’ra, bunday ayblovlar “o’zaro ishonchni yemirib, ikki birodar davlatlar o’rtasidagi muhitni buzadi hamda Afg’on tinchlik jarayonini tashkillashtirishda Pokiston qo’shayotgan konstruktiv hissani oyoqosti qiladi”.

Tolibon bazalari

Pokiston Tolibon yetakchilarini boshpana bilan ta’minlayotgani haqidagi da’volar yuzasidan ikki qo’shni davlat munosabatlari uzoq yillardan beri silliq emas.

Kobulga ko’ra, Pokiston o’z hududida Tolibonga qarshi yetarli darajada chora ko’rmagani uchun Afg’onistonda zo’ravonlik tinmayapti.

Islomobod barcha Tolibon bazalarini yopishga va ularga bo’layotgan qo’llab-quvvatlov tizimini tugatishga va’da bergan edi, deydi Menapal.

Iste’fodagi Pokiston harbiy qo’mondoni Haris Navaz bu da’voni inkor etib, Pokistonda Tolibonning barcha yashirin maskanlari va xavfsiz boshpanalari yo’q qilinganini ta’kidladi.

“Hatto amerikaliklardan ham so’radik. Agar sizda biror joy bo’yicha ma’lumot bo’lsa, bizga bering, o’sha zahotiyoq borib ularni yakson qilamiz”, - dedi Navaz.

Pokistonning Tolibon bilan aloqasi

Pokistonning Afg’onistondagi sobiq elchisi Ayaz Vazirga ko’ra esa, Pokiston Tolibon ustidan hanuz kuchli ta’sir va aloqaga ega.

“Tolibon bilan uzoq muddatli aloqalarimiz ularni amerikaliklar bilan muzokaralar stoliga olib kelishga yordam berdi”, - deydi u.

Vazirning aytishicha, Islomobod Tolibonning Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olishiga qarshi, chunki Kobulga mafkuraviy jihatdan ekstremist hukumatning kelishi Pokistonda ham tolibonlashuvni kuchaytirishi mumkin.

Kutilmagan ayblov

Tahlilchilarning aytishicha, Afg’onistonning Pokistonga nisbatan e’lon qilgan so’nggi ayblovi Islomobod uchun kutilmagan hol bo’lgan. Ushbu bayonotlardan bir necha kun avval Pokiston armiyasi qo’mondoni general Qamar Javed Bajva hamda mamlakat razvedka idorasi rahbari general-leytenant Fayz Hamid Kobulda Afg’oniston rasmiylari bilan uchrashgan edi.

Kobul da’volari ortidan Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Quraysh mamlakat qonun chiqaruvchi organiga murojaat qilib, qo’shni davlatni malomat qildi.

“Men Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’anidan so’ramoqchiman: bir tomondan, siz Pokistondan yordam so’rayapsiz, lekin ikkinchi tomondan xodimlaringiz Pokistonga qarshi ayblovlar e’lon qilib, Pokiston institutlarini yomonotliq qilyapti. Xudo haqqi ayting, o’zi nimani xohlaysiz?” – dedi u.

Xitoyning roli

Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, Pokiston tashqi ishlar vaziri Afg’onistonga barqarorlik va mintaqaviy aloqalarni kuchaytirishni taklif qilganda, Xitoy bilan munosabatlarga ham ishora qilgan.

Xitoy mintaqaning boy tabiiy resurslaridan foydalanish hamda Pokiston bilan mavjud iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun Afg’onistonda tinchlik bo’lishidan manfaatdor.

17-may kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi Afg’onistonning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi bilan gaplashib, Pekin afg’onlar tashabbusi va yetakchiligidagi tinchlik jarayonini qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Pokiston ham Afg’onistonda barcha tomonlarning ehtiyojlarini muvozanatga soluvchi yechim bo’lishini xohlaydi, deydi islomobodlik tahlilchi Matin Haydar.

“Islomobod Xitoy-Pokiston iqtisodiy loyihasini nihoyasiga yetkazib, Markaziy Osiyodan energiya liniyalarini olib kelishni hamda Afg’oniston orqali o’tadigan yo’llarni qo’llab-quvvatlashni asosiy vazifalardan biri deb belgilagan”, - deya qo’shimcha qiladi u.

AQShning ishtiroki

AQSh o’z kuchlarini Afg’onistondan olib chiqar ekan, Pokiston va Afg’onistonni o’zaro yanada yaqinroq ishlashga undamoqda.

Jenevada AQSh va Pokiston rasmiylari o’rtasida kechgan muloqotda ham shu masalaga alohida urg’u berilgan.

Vilson markazi tahlilchisi Maykl Kugelmenning aytishicha, AQShning maqsadi Pokiston va Afg’oniston hududidan terror amaliyotlarining yana yuz berishiga yo’l qo’ymaslik.

Ikki qo’shni davlatning bu masalada hamkorlik qilishi afg’on xalqiga ham, pokistonliklarga ham katta yordam bo’lar edi, deydi u.

Diplomatiya muhim

Pokistonlik sobiq diplomat Vazir fikricha, Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishiga hissa qo’shuvchi har qanday AQSh tashabbusini Islomobod qo’llab-quvvatlaydi.

“Har ikki tomon og’zaki hujumlarni, jamoatchilik oldiga kelishmovchiliklarni olib chiqishni bas qilib, sahna ortida ishlashga o’tishi kerak”, - dedi Vazir.

Unga ko’ra, Afg’oniston va Pokiston o’rtasidagi kelishmovchiliklar hal qilib bo’lmas masalalar emas.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi 17-may kuni chiqargan bayonotga ko’ra, ikki mamlakat o’zaro kelishmovchiliklarni avvalroq qabul qilingan mexanizm – Tinchlik va birdamlik uchun Afg’oniston-Pokiston harakat rejasi asosida hal qilishi zarur.

Ilgari chegara nizolarini hal qilishda ishlatilgan bu rejadan endi har qanday ikki tomonlama masalalarni yechishda foydalanish ko’zda tutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG