Breaking News

AQSh Afg’onistonga 3,3 milliard dollar yordam ko’rsatmoqchi


AQShning Afg'onistonda tinchlik o'rnatish bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod
AQShning Afg'onistonda tinchlik o'rnatish bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod

AQShning Afg’onistonda tinchlik o’rnatish missiyasiga mas’ul maxsus elchi Zalmay Xalilzod 6-iyun kuni Kobulda mamlakat liderlari bilan uchrashgan. Tomonlar AQSh va xalqaro koalitsiya kuchlari 11-senatbrga qadar mamlakatni tark etgach, AQSh-Afg’oniston munosabatlarining qanday davom etishi bo’yicha muzokara olib borgan.

Afg’oniston rahbarining matbuot kotibi Muhammad Amiriyning ma’lum qilishicha, Xalilzod delegatsiyasi bilan Prezident Ashraf G’ani o’rtasidagi muzokaralar mudofaa, iqtisod va gumanitar yordam masalalariga bag’ishlangan.

Vashington Tolibonga qarshi kurashayotgan Afg’oniston xavfsizlik kuchlarini dastaklash maqsadida navbatdagi ikki yilda 3,3 milliard dollardan mablag’ ajratadi. AQSh diplomatining bu xabarini Amiriy e’lon qilgan.

Shuningdek, AQSh obyektlari va harbiy texnikasini, xususan, samolyotlarni Afg’oniston ixtiyoriga topshirish masalasi navbatdagi muzokaralarning kun tartibiga kiritilgan.

Xalilzodning tashrifi tafsilotlariga doir so’rovni AQShning Kobuldagi elchixonasi javobsiz qoldirgan.

Afg’oniston kuchlari Tolibonga qarshi kurashda uzoq yillardan buyon AQShning havodan to’g’ridan-to’g’ri quvvatloviga tayanib kelgan. Xorijiy harbiy dastaksiz Tolibonning qo’li baland keladi degan qarashlarni Afg’oniston rasmiylari inkor etmoqda.

Xalilzod boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Tolibon bilan sulh muzokaralariga mas’ul rasmiy Abdulla Abdulla bilan ham uchrashgan.

Tomonlar Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha kelishuvlarning joriy holati, Vashington va Kobul hamkorligida ochilayotgan yangi sahifaga doir masalalarni muhokama qilgan. Bu haqda Abdulla “Twitter”dagi sahifasida ma’lum qilgan.

“Biz Tolibon bilan mavjud imkoniyatlar asosida muzokaralar yo’li bilan adolatli va barqaror tinchlik o’rnatish ahdida qat’iy ekanimizni yana bir bor tasdiqladik”, deb yozgan Abdulla.

Xalilzodning tashrifidan bir kun avval Vashington bergan bayonotga ko’ra, maxsus elchi delegatsiyasi tarkibiga Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik kengashi va USAID tashkiloti vakillari ham kiritilgan.

Bayonotda, shuningdek, Xalilzodning Qatarga ham safar qilishi qayd etilgan. Diplomat Doha shahrida Tolibon va Afg’oniston hukumati kelishuvlarida vositachilik qilayotgan tomonlar bilan uchrashadi. Tomonlarni siyosiy murosaga keltirish bo’yicha dadilroq kurashish bo’yicha muzokaralar olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG