Breaking News

Transmilliy jinoyatga aloqador 800 dan ziyod shaxs hibsga olindi


"Troyan qalqoni" operatsiyasi doirasida Yangi Zelandiyada musodara qilingan pullar. 8-iyun, 2021.

Huquq-tartibot organlarining ma’lum qilishicha global uyushgan jinoyatchilik ishiga aloqadorlikda gumonlangan 800 dan ziyod shaxs hibsga olingan. Jinoiy to’dalardan jami 148 million dollar naqd pul, 32 tonna giyohvandlik moddalari musodara qilingan.

“Troya qalqoni” nomini olgan maxsus reydlarda politsiya 16 ta mamlakat hududidagi operatsiyalarda ishitirok etgan. To’dalardan jami 250 dona o’qotar qurol va 55 ta qimmatbaho mashinalar musodara qilingan. Bu haqda 8-iyun kuni Gaagada o’tgan matbuot anjumanida ma’lum qilingan.

Niderlandiya Milliy politsiyasi rahbari Jannin van den Bergning ta’kidlashicha, “global masshtabda ildiz otgan jinoiy to’dalar faoliyatiga misli ko’rilmagan zarba berilgan”.

“Troyan qalqoni” operatsiyasi dunyoning turli mamlakatlaridagi huquq-tartibot organlarining xalqaro hamkorligi nimalarga qodir ekaniga yorqin misol bo’ldi. Xususan, hamkorlar transmilliy jinoyatlarni fosh etish, jinoiy amaliyotni to’xtatish va qonunbuzarlarni qo’lga olishda zamonoviy tergov texnikasidan muvaffaqiyatli foydalanganini alohida ta’kidlash lozim”, - dedi AQSh Federal qidiruv byurosi vakili Kelvin Shivers.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, politsiya jinoiy to’dalarning yashirin mobil ilovalar va telefon orqali muloqotini tinglash va kuzatishga muvaffaq bo’lgan.

Federal qidiruv byurosi so’nggi 18 oy mobaynida ANOM ilovali shifrlangan telefonlarni tarqatgan. Yuzga yaqin mamlakatlarda telefonning xavfsiz ekaniga ishongan 300 dan ziyod jinoiy guruhlar xufiyona aloqa uchun aynan shu telefonlarni tanlagan.

Federal qidiruv byurosi boshchilik qilgan “Troyan qalqoni” operatsiyasida AQSh narkotik moddalarni nazorat qilish ma’muriyati, Yevropa Ittifoqi politsiyasi agentligi Yevropol hamda o’ndan ziyod mamlakatlarning huquq-tartibot organlari ishtirok etgan.

Birgina Avstraliya hududida uch yil davom etgan tergov natijasida 224 shaxs qo’lga olingan. To’rt tonnadan ziyod giyohvandlik moddalari va 35 million dollar pul musodara qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG