Breaking News

Uyushgan jinoyatga qarshi kurashayotgan global jurnalistika


Korrupsiyaga qarshi kurashib halok bo'lgan Dafne Karuana Galiziya uchun yodgorlik, Malta

2017-yilda o'ldirilishidan oldin Maltaninng taniqli jurnalisti Dafne Karuana Galiziya ikki kompaniyani tekshirayotgan edi, "Panama qog'ozlari "deb ataladigan ish yuzasidan. "Panama qog'ozlari" – o'g'irlangan boylikning olisdagi mamlakatlarda, xususan orollarda saqlanayotgani haqidagi surishtiruv natijalari.

Karuana Galiziya, Malta hukumati xususida tanqidiy materillari bilan nom qozongan edi. U mamlakatning yetakchi siyosatchilari xalqdan yashirayotgan va davlat xazinasidan o'marilgan mablag' izida yurar edi.

Oxirgi surishtiruvi jurnalistni o'limga yetakladi. 2017-yilda uni mashinasida portlatishdi. Bu jinoyat ortida turganlikda ayblangan, sudlangan uch kishidan biri 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Qolganlar aybni tan oladi. To'rtinchi odam - Yorgen Fenech, tadbirkor, qotillikni rejalaganlik va moliyalaganlikda ayblangan, ammo haligacha iqror bo'lmayapti.

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi global tarmoq bo'lib, Karuana Galiziyaning chala qolgan ishini yakunladi. Izquvar jurnalistlar noqonuniy energetik kelishuvlar, sotiladigan vizalar va boshqa ko'plab qora ishlarni aniqlashdi.

Loyiha bosh muharriri o'rinbosari Juliya Vollas "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashar ekan, marhum jurnalist ulkan bir jinoyatni fosh etish arafasida bo'lgani va aynan shu bois o'ldirilganini qayd etadi.

Karuana Galiziya "Macbridge" va "17 Black" degan kompaniyalarni tekshirayotgan bo'lgan. Ular "Panama qog'ozlari" da chiqqan bizneslar edi.

Dafne Karuana Galiziya izquvar jurnalist edi
Dafne Karuana Galiziya izquvar jurnalist edi

Bu kompaniyalar Birlashgan Arab Amirliklarida ro'yxatdan o'tgan bo'lib, Panamadagi bank hisoblariga millionlab dollar yuborib turgan. Hisoblar esa Maltaning ikki siyosatchisiga yetaklaydi. "17 Black", aniqlanishicha, Yorgen Fenechga tegishli, ya'ni jurnalistning o'limini rejalaganlik va buning uchun pul to'laganlikda ayblangan shaxsga.

Fenech hibsga olingach, "Macbridge" ham u bilan bog'liq ekanligi, bu "biznes" aslida Malta va Xitoy orasidagi jinoiy ko'prik ekanini tan olgan.

Xitoyda izlanish juda qiyin, lekin izquvar jurnalistlar uni ham eplashmoqda. Vollasning aytishicha, bu mamlakat tizimini ichkaridan tekshira oladigan mutaxassislar bor, jasoratli va qobil.

Xitoyning "Weibo" ijtioiy tarmog'i orqali "Macbridge" va Chen Cheng orasidagi aloqa aniqlandi. Chen Cheng Malta siyosatchilarining mashlahatchisi bo'lgan.

Gongkongning ham aloqador joyi bor. Xitoyda ma'lumotlar yopiq. Gongkongning ochiqroq ekani jurnalistlarga qo'l keldi.

Vizalar sotiladigan yurtlar bor. Boylar kelib yashashi, sarmoya qilishi uchun imkoniyat taklif qilinadi.

Ammo bu jarayon agar qonun ustuvor bo'lmagan jamiyatlarda kechsa, jinoyat uchun katta yo'l ochiladi. O'margan boyligini yashirish uchun joy qidirayotganlarga ayni muddao.

Yevropa Ittifoqida bu muammoga qarshi kurash kuchaygan, ammo ko'plab davlatlarda qora ishlar allaqachon qilib bo'lingan.

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi mahalliy jurnalistlar bilan yaqindan ishlaydi. Serbiya, Qirg'iziston, Rossiya va boshqa mamlakatlarda hamkorlar bor.

Izquvar muxbirlar birlashishib, bir-biriga yordam bergan holda ishlashga intilmoqda. Pul oson va tezlikda aylanadigan zamonda moliyaviy jinoyatchilar keng va chuqur. Ular bir davlat bilan bog'liq emas. Karuana Galiziya boshlagan va hamkasblari davom ettirgan ish mana shuni yana bir isbotlagan.

Vollas deydiki, xavfsizlik - eng og'ir masala. Izquvar jurnalistlarni nishonga olish, ularni yo'q qilishga intilish tez-tez kuzatiladigan holat. Shu bois ham hamkasblar orasida birdamlik zarur. Masalani yoritish kerak bo'ladi, qora ishlarga bir paytda ko'plab media e'tiborini qaratish zarur bo'ladi. Shunda izquvar jurnalist yakkalanib qolmaydi.

Jurnalistga tahdid uni ishdan to'xtatish demakdir. Afsuski, jurnalistni o'ldirishga qodir insonlar ko'p, deydi Vollas.

"Lekin uni o'ldirgan taqdiringizda ham materialni o'ldira olmaysiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG