Breaking News

Karzay: AQSh Afg'onistonda mag'lub bo'ldi


Afg'onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay “The Associated Press” muxbirlari bilan suhbatda. Kobul, 20-iyun, 2021.
Afg'onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay “The Associated Press” muxbirlari bilan suhbatda. Kobul, 20-iyun, 2021.

Sobiq prezident Hamid Karzayning ta’kidlashicha, AQSh Afg’onistonga 20 yil avval ekstremizmga qarshi kurashish va urush girdobidagi mamlakatda barqarorlik o’rnatish uchun kirib kelgan edi. Biroq oradan shuncha yillar o’tib, AQSh har ikki yo’nalishda ham mag’lubiyat bilan ortga qaytmoqda.

AQSh va NATO kuchlari Afg’onistonni to’liq tark etishiga bir necha hafta qolar ekan, mamlakatning sobiq rahbari “The Associated Press” muxbirlariga intervyu berdi. Karzayning aytishicha, Afg’onistonda ekstremizm hanuz avj pallasida. Mamlakatdan chiqib ketayotgan xorijiy kuchlar o’z ortida yirik xavfni qoldirmoqda.

Uning xulosasiga ko’ra, AQSh va NATO bu urushda mag’lub bo’lgan. Ulardan qolayotgan meros - urush domidagi mamlakat, sharmandalik va kulfat ichidagi xalq.

“Biz afg’on xalqi o’laroq barcha mag’lubiyatimizni tan olamiz. Biroq aniq maqsad bilan kelgan yirik kuchlar va qudratli davlatlarchi? Ular bizni qay ahvolda tark etmoqda? Bizni butunlay sharmandalik va kulfat ichida qoldirishmoqda”, - dedi Karzay.

Biroq o’zining 13 yillik prezidentlik davrida AQSh hukumati bilan muntazam tortishuvlarga borgan Karzay xorijiy kuchlarning Afg’onistondan chiqib ketishini istagan. Afg’on xalqi o’z tinchligini mustaqil o’rnatish va kelajagi uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olishga tayyor ekanini ta’kidlab kelgan.

Karzay rahbarligi AQSh boshchiligidagi koalitsiya Tolibonni hukumatdan ag’darib, 11-sentabr fojialari ortida turgan “Al-Qoida” va uning lideri Usama bin Ladenga qarshi kurash missiyasiga kirishgan 2001-yildan boshlangan edi.

Karzay prezidentligi davrida ayollarning haq-huquqlari tiklandi. Qizlar maktabga qatnay boshladi. Yangi fuqarolik jamiyati shakllandi. Poytaxt Kobulda ko’p qavatli binolar qad ko’tardi. Yo’llar qurildi, infrastruktura rivojlandi.

Biroq u rahbarlik qilgan davrda mamlakat bo’ylab korrupsiya ildiz otdi. Narkotik moddalar savdosi kuchaydi. Prezidentligining so’nggi yillarida Karzay Vashington bilan ko’p bor jiddiy nizolarga bordi.

“AQSh va NATO kampaniyasi ekstremizm yoki terrorizmga qarshi emas, ko’proq Afg’oniston qishloqlari va orzulariga qarshi qaratilgan edi. Mamlakatda qamoqxonalar qurildi, afg’on xalqi panjara ortiga tashlandi. Qishloqlar bombardimon qilindi. Bu katta xato edi”, - deydi Karzay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG