Breaking News

Qirg'iz-tojik chegarasida nima uchun o'q uzildi?


Qirg'iziston chegarachilari. 4-may, 2021.

Afgʻoniston bilan chegarada vaziyat qaltis turgan bir paytda tojik-qirgʻiz chegarasida ham otishma yuz berdi.

Tojikiston va Qirgʻiziston chegarachilari orasida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar ham bor. Otishma ikki davlat orasidagi delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan, ammo bungacha toʻqnashuvlar kuzatilmagan hududda yuz berdi. Bu maʼlumotni har ikki tomonning Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitalari tasdiqlamoqda. Yuz bergan voqeada tomonlar yana bir-birini ayblamoqda.

Tojikistonning So’gʻd viloyatiga qarashli Devashtich nohiyasining Rosrovut qishlogʻi va Qirgʻizistonning Batkent oblastidagi Leylak rayoniga tegishli Koch-Jayloo qishlog’i orasidagi Naumina dovoni chegara hududida yuz bergan qurolli toʻqnashuvda bir-necha chegarachilar jarohat olgan. Kamida bir xodim halok boʻlgan.

Otishma aholi yashash punktidan 10 kilometr masofada, ikki davlat chegarachilari orasida yuz bergan. Rasmiy bayonotlarda har ikki davlat harbiylari qarshi tomonni ayblamoqda. Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, “to’rt nafar “Kalashnikov” avtomatlari bilan qurollangan qirgʻiz chegarachilari Rosrovut qishlogʻi hududida chegarani noqonuniy buzib oʻtib, tojikistonlik mahalliy fuqarolarga tegishli boʻlgan to’qqizta otni Qirgʻizistonga haydab ketishga uringan”.“Qirgʻiz harbiylari Tojikiston xodimlarining chegaradan noqonuniy o’tganlik haqidagi buyurigʻiga itoat qilmay, tojik xizmatchilariga tomon oʻq uzdi. Natijada, ikki nafar qirgʻiz chegarachilari yaralandi”, deyiladi Tojikiston tomoni bergan bayonotda.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi tarqatgan maʼlumotga koʻra, hujumni tojik chegarachilari boshlagan.

“Tojikiston chegarachilari Qirgʻizistonning otliq chegarachilar otryadiga hujum qildi”, deya xabar qiladi Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi.

«Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara xizmati otryadi Botken viloyatining Leylak tumanidagi Naumin dovoni hududida qirgʻiz-tojik chegarasi boʻylab xizmatini davom ettirar edi. Chashmagildan dovoni hududida Qirgʻiziston chegara qoʻriqchilari otryadiga Tojikiston chegara xizmati toʻsatdan hujum qildi. Harbiy xizmatchilar oʻrtasida otishma boʻldi”, deyiladi Qirgʻiziston tomoni xabarida.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi xabarlarida aytilishicha, 1994-yilda tugʻilgan Chegara qoʻshinlarida xizmat qilgan harbiy Husniddin Hojiyev otishma paytida jarohat olib, voqea joyida halok boʻlgan. Tojik chegarachilari orasida ham yarador boʻlgan va hatto halok boʻlganlar borligi aytiladi. Ammo Tojikiston tomoni bu maʼlumotni tasdiqlamadi.

Otishma ortidan bu mintaqaga har ikki tarafdan davlat masʼullari tashrif buyurib, tojik harbiylari asir olgan qirgʻiz chegarachisini qaytarib berish va boʻlib oʻtgan voqeani oʻrganish masalasida muzokaralar boshlangan. Ayni paytda chegarada vaziyat moʻtadil ekanligi aytilmoqda.

Tojikiston tomonidan mahalliy masʼullarning aytishicha, voqea kutilmaganda yuz bergan.

Devashtich tuman raisi birinchi oʻrinbosari Umar Mahmadyorzodaning aytishicha, bu tuman hududida istiqomat qiladigan aholi har doim qoʻshni qirgʻizlar bilan ahil-inoq yashab kelgan.

“Rosrovut qishloq jamoati tarkibida beshta qishloq bor. Bular Oftobroʻ, Dahkat, Xishekat, Bobuchak va Rosrovut qishloqlari. Barcha qishloqlarda jami 15 mingdan ortiq aholi, etnik tojik va oʻzbeklar yashaydi. Rosrovutliklar bilan qirgʻizlar orasida hech qachon mojarolar kuzatilmagan”, - deydi suhbatdoshimiz.

Devashtich nohiyasi maʼmuriyati masʼuli Atoxon Qayumiyning aytishicha, Tojikiston va Qirgʻizistonning delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan chegara mintaqalarining 10 foizdan ortiqrogʻi shu nohiya hududiga toʻgʻri keladi.

“Devashtich nohiyasi qoʻshni Qirgʻiziston bilan 67 kilometr chegaraga ega. Bu hudud ham delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan. Lekin mahalliy aholi, hamma qoʻshnilar bilan shartli chegara chizigʻi qayerdan oʻtishini biladi. Bizning mintaqada ilgari hech qachon hech qanday muammo, toʻqnashuv kuzatilmagan”, - deydi Qayumiy.

Suhbatdoshimizning aytishicha, 8-iyul kuni yuz bergan mojaro va otishmalarda ham mahalliy odamlar ishtiroki boʻlmagan. Otishma ikki davlat harbiylari orasida boʻlgan.

“Otishma yuz bergan mintaqa aholi yashash punktidan 8-9 chaqirimcha masofada, yaylov yerlar hududiga toʻgʻri keladi”, - deydi mahalliy maʼmuriyat masʼuli. Suhbatdoshimizning aytishicha, Tojikiston tomonidan halok bo’lganlar yo’q.

Tojikiston tomonidan mahalliy fuqarolar ham chegarada oʻq ovozlari eshitilgani, otishma taxminan yarim soat davom etganini aytgan. Ammo otishmaning kelib chiqish sababi va talafot haqida mahalliy odamlar maʼlumotga ega emasligi maʼlum boʻlgan.

Markaziy Osiyo davlatlarining Afgʻoniston bilan chegarasida vaziyat oʻta qaltis boʻlgan bir paytda har bir davlat oʻz chegarasini mustahkamlashi tabiiy holat. Ammo mahalliy tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidov fikricha, 8-iyul kuni tojik-qirgʻiz chegarasida yuz bergan toʻqnashuvlar Afgʻoniston bilan chegaradagi vaziyatga bogʻliq emas.

“Buning Afgʻoniston bilan chegaradagi vaziyatga aloqasi yoʻq. Birinchidan, otishma roʻy bergan tojik-qirgʻiz chegarasi Afgʻoniston bilan chegaradan juda uzoq masofada joylashgan. Bu chegaradagi harbiy mashqlar bilan ham bogʻliq emas. Chunki aynan shu mintaqada Tojikiston ham, Qirgʻiziston ham harbiy mashqlar oʻtkazayotgani yoʻq. Birinchi boʻlib kim oʻq uzganini esa, aniqlash juda qiyin ish. Odatda, bu imkonsiz. Aytish mumkinki, bu ikki davlat chegarasida, delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan hududda yuz bergan navbatdagi toʻqnashuv. Bu yerda uchinchi kuch yoki provokatorlar bor-yoʻqligi ham mavhum masala. Bunday holatlar yuz bermasligi uchun to’qnashuvga turtki bo’ladigan omillarni yoʻqotish kerak. Bunga sabab va bahona qoldirmaslik kerak. Ayni holda delimitatsiya va demarkatsiya masalasi hal etilishi lozim. Aholi yashamaydigan maydonlarda bu ish nisbatan oson. Mintaqada chegara chizigʻini aniqlab, belgilar qoʻyib chiqish kerak”, - deydi tahlilchi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG