Breaking News

Bayden Merkel bilan Yevropadagi vaziyatni muhokama qildi


AQSh Prezidenti Jo Bayden (o'ngda) Germaniya Kansleri Angela Merkelni Oq uyda qabul qildi, 2021-yil, 15-iyul.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda Germaniya Kansleri Angela Merkelni qabul qildi. Bu Merkel uchun so’nggi rasmiy tashrif. Bir necha oydan so’ng u 16 yil davom etgan kanslerlik lavozimidan ketadi.

“Siz Atlantika hamkorligi va transatlantik ittofoqning ishonchli himoyachisi bo’ldingiz. Sizning rahbarligingiz ostida AQSh va Germaniya do’stligi va hamkorligi yanada kuchaydi”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.

Bayden va Merkel AQSh va NATO kuchlarini Afg’onistondan olib chiqish, koronavirus pandemiyasi, iqlim o’zgarishi, kiber xavfsilik kabi bir qator mavzularda gaplashdi.

O’zaro ziddiyatlar ham yo’q emas. Rossiya gazini Germaniyaga tashuvchi 11 milliard dollarlik “Shimoliy oqim - 2” loyihasidan Vashington norozi. AQShga ko’ra, bu loyiha G’arbning Rossiya gaziga qaramligini oshiradi; natijada Moskvaning mintaqaga, ayniqsa, Ukrainaga ta’siri kuchayadi.

Merkel bunga yo’l qo’yilmasligini aytdi.

“Bu loyiha nimani anglatishi haqida qarashlarimiz farqli. Lekin sizga ochig’ini aytay, Ukraina tabiiy gaz uchun tranzit davlat sifatida qoladi va Ukraina dunyodagi boshqa har qanday davlat kabi hududiy suverenitet huquqiga ega”, - dedi Merkel.

Xalqaro hayot - 16-iyul, 2021
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

Bayden yaqinda “Shimoliy oqim -2” qurilishida qatnashayotgan nemis kompaniyalarini sanksiyalardan ozod qilgan edi. Bu noroziliklarga sabab bo’ldi.

“Prezident bo’lganimda loyiha 90 foiz tugatib bo’lingan, sanksiya qo’llashda ma’no qolmagan edi. Bundan ko’ra Rossiya bu loyiha orqali Ukrainani shantaj qilmaydimi, degan masalada kansler bilan ochiq gaplashib olganimiz ma’qul”, - dedi Bayden.

Merkel va Bayden Xitoyda inson huquqlarini himoya qilish lozimligi masalasida hamfikr, ammo Pekin bilan iqtisodiy aloqalar bobida farqli qarashlarga ega. Germaniya Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirib bormoqda.

Shunga qaramay, bugun AQSh-Germaniya munosabatlari Tramp davriga qaraganda ancha silliq.

NATOga a’zolik badali, ko’p tomonlama hamkorlik va savdo masalasidagi ziddiyatlar tufayli 2017-yil Tramp Merkel bilan qo’l berib ko’rishishdan bosh tortgan edi.

“AQSh va Germaniya o’rtasida hozir yangi hamkorlik bor. Bu muhim, chunki Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etgandan beri Germaniya Yevropaning markaziy qudratiga aylangan. Yevropaning markaziy davlati bilan ishlash AQSh manfaatlari uchun muhim”, - deydi Vilson markazi tadqiqotchisi Den Hemilton.

Merkel tashrifi oldidan Nyu-Yorkda “Pfizer” kompaniyasi idorasi oldida faollar koronavirus vaksinasi uchun intellektual mulk huquqini bekor qilishni talab qilib namoyish o’tkazdi. Bayden bu g’oyani qo’llab-quvvatlaydi, ammo Merkelga ko’ra, ixtirochilarni egalik huquqidan mosuvo qilish ilmiy tadqiqotlarga zarar yetkazadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG