Breaking News

AQSh Xitoy ta'siriga qarshi tashabbus bilan chiqdi


AQSh Prezidenti Jo Bayden "Katta Yettilik" sammiti ortidan matbuot anjumanida so'zlamoqda. London, 13-iyun, 2021.

“Katta Yettilik” sammitida AQSh Xitoyning “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusiga javoban muqobil taklif bilan chiqqan. Sammit a’zolari Prezident Jo Bayden taklifini qo’llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Xalqaro taraqqiyot bo’yicha ekspertlar mavzuga ehtiyotkor optimizm bilan yondashmoqda.

Mutaxassislar o’rta va kam daromadli mamlakatlarda infrastrukturani rivojlantirishga doir tashabbusni olqishlagan. Biroq bu tashabbusning qay tarzda amalga tatbiq qilinishi yuzasidan savollar javobsiz qolmoqda.

Oq uy bayonotiga ko’ra, yaqin yillarda o’rta va kam daromadli mamlakatlar infrastrukturasini takomillashtirish uchun yuzlab milliard dollar sarmoya kiritish rejalangan. Bu Bayden tashabbusining bir qismi ekanligi bildirilgan. AQSh liderining ta’kidlashicha, “Katta Yettilik” va boshqa demokratik davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga ta’sir ko’rsatish borasida Xitoy va Rossiya kabi avtokratik mamlakatlarga qarshi kurashmoqda.

“Dunyo hamkorligini qayta tiklash” nomini olgan bu tashabbus, Bayden ta’biriga ko’ra, demokratik davlatlarning global muammolarga qarshi hamkorlikda kurashishini, jahon xalqlariga adolatli yordam ko’rsatishini nazarda tutadi.

“Albatta, AQShning “Katta Yettilik” sammitidagi ishtiroki va o’ta faolligi favqulodda ijobiy qadam. Biroq bu liderlik maqsadlarning real natijaga erishishni hamda tashabbuslarning chinakam mazmun kasb etishini nazarda tutadimi?” – deydi “World Vision” global gumanitar tashkiloti direktori Liza Bos.

Uning ta’kidlashicha, pandemiyaga qarshi kurash dunyoning o’zaro bog’liqligini hamda qudratli institutlarning ahamiyatini yaqqol ko’rsatib qo’ygani global hamkorlik uchun yangi zamin yaratmoqda.

“Qator rivojlangan mamlakatlarning yanada xavfsiz, yanada progressiv, yanada sog’lom dunyoni tuzishga oid tashabbuslarini qayta jonlantirish va kuchaytirishning ayni chog’i. Buni hozir qilmasak, qachon qilamiz? Biz favqulodda og’ir vaziyatdamiz … ortga chekinib bo’lmaydi. Hozir ayni gazni bosadigan davr”, - deydi Bos.

“Katta Yettilik” mamlakatlarining muammoni idrok etishi va unga qarshi chora ko’rish lozimligini anglashi ijobiy holat. Hal etish lozim bo’lgan real muammolar talaygina. Rivojlanayotgan va qoloq mamlakatlar demokratik davlatlardan biror yordam ko’rmasa, har qanday ko’makni boshqa joydan qidiradi. Iqtisodiy qudratga ega Xitoy bundan ustalik bilan foydalanadi”, - deydi Amerika kengashi vitse-prezidenti Erik Farnsvort.

Uning izohlashicha, Bayden ma’muriyati o’rtaga tashlayotgan tashabbus uni qo’llab-quvvatlayotgan barcha tomonlardan doimiy harakatni talab etadi. “Katta Yettilik” tarkibidagi sanoati rivojlangan, iqtisodiy qudratga ega bo’lgan Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Britaniya va AQSh o’z ahdida qat’iy qolishi lozim.

Farnsvortga ko’ra, biror bir tashabbus e’lon qilish bilan tugab qolmasligi kerak. Aksincha, bu uzviy, izchil, muqim va progressiv jarayonga aylanishi kerak. Bu tashabbus oradan uch yil o’tib ham, besh yil o’tib ham o’z yo’lida jadal davom etayotgan bo’lishi muhim.

Bayden o’z tashabbusini e’lon qilar ekan, iqlim, sog’liqni saqlash, raqamli texnologiyalar, gender tengligi masalalariga qaratilgan rejalar Xitoy bilan raqobat doirasidan tashqarida ekaniga urg’u bergan.

Xitoyning asosiy nigohi an’anaviy infrastrukturaga sarmoya kiritish, xususan, portlar, avtomagistrallar, aeroportlar, suv omborlari kabi yirik inshoot va loyihalarni qamrab olishga qaratilgan. Shu tariqa, Pekin rivojlanayotgan mamlakatlarni o’ziga iqtisodiy qaram qilib olish bilan ta’sir doirasini kuchaytirishga intilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG