Breaking News

Ostin: Xitoy tahdidlariga qarshimiz, lekin hamkorlikka tayyormiz


AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Singapurda, 2021-yil, 27-iyul
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Singapurda, 2021-yil, 27-iyul

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Singapurda Vashingtonning mintaqadagi hamkorlari bilan uchrashdi.

Pentagon yetakchisining tashrifidan asosiy maqsad Xitoyning Janubi-sharqiy Osiyoda kuchayib borayotgan ta’sirini kamaytirish ekani aytilmoqda. Ostin mintaqada AQShning harbiy salohiyatini oshirish hamda hamkorlarning birga ishlay olish imkoniyatlarini yaxshilash haqida gapirgan.

“Zo’ravonlik va bosqinning oldini olish uchun hamkorlar birgalikda ishlashi muhim. Bu turli nizolarni, xususan, Janubi-sharqiy Osiyo aholisining tirikchiligi va huquqlari daxl qilinayotgan hududni ham o’z ichiga oladi”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri.

Ostinning aytishicha, Janubiy Xitoy dengizi hududlarining aksariyati ustidan Xitoy qilayotgan da’vo Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarining xalqaro huquq asosida kafolatlangan suverenitetiga tahdid soladi.

Xalqaro hayot - 28-iyul, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:58 0:00

Xitoy Filippinning eksklyuziv iqtisodiy zonasida baliqchilarni ta’qib qilib, shuningdek, Malayziya va Vyetnam sohillariga yaqin hududlarda neft va gaz sanoatchilari ishiga xalal berayotganlikda ayblanadi.

Boshqa davlatlarning e’tirozlariga qaramay, Pekin tabiiy resurslarga boy dengiz hududida yuzlab gektar sun’iy orollar barpo etgan.

Mintaqa davlatlari AQSh yordamidan mamnun bo’lsa-da, Pekin va Vashington o’rtasidagi ziddiyat ular uchun yanada ko’proq muammolar yaratishi mumkinligidan ham xavotirda.

“Shinjon, Gonkong, Tayvandan tortib Janubiy Xitoy dengizigacha bo’lgan turli hududlarda Xitoy va AQSh o’rtasida o’sib borayotgan ziddiyatlar ko’plab xavotirlarni o’rtaga chiqaryapti. Ular qaysidir tomonni tanlash majburiyati ostida qolishni istamaydi”, - deydi ekspert Myurrey Hiybert.

Ostinga ko’ra, Bayden ma’muriyati mintaqadagi hamkorlaridan Vashington yoki Pekindan birini tanlashni so’ramaydi. Vashington, ayni paytda, iqlim o’zgarishi kabi muhim masalalarda Xitoy bilan birga ishlashga tayyor.

“Manfaatlarimiz tahdid ostida qolsa, aslo seskanmaymiz. Ayni paytda bizga ziddiyat kerak emas. Vazir sifatida Xitoy bilan barqaroq, konstruktiv aloqa o’rnatishga tayyorman”, - dedi AQSh mudofaa vaziri.

Kuzatuvchilar fikricha, Tayvandan Janubiy Xitoy dengizigacha ziddiyatlar kuchaygan bir paytda Xitoy bilan barqaror munosabat olib borish eng yaxshi yechim bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG