Breaking News

AQSh va G'arb davlatlari Xitoyni xakerlarni himoya qilmaslikka chaqirdi


“Microsoft” kompaniyasining elektron pochta serverlari global miqyosda xakerlik hujumiga uchragani yanvar oyida fosh bo’lgan edi. Bayden ma’muriyati shu hafta bu hujum ortida Xitoy turganini e’lon qildi.

Pekin ayblovlarni rad etmoqda.

“Xitoy yana bir bor AQSh va uning ittifoqchilarini Xitoyni nishonga oluvchi kiber xuruj va o’g’irliklarni to’xtatishga hamda kiber xavfsizlik masalasida Xitoyga loy chaplashni bas qilishga chaqiradi”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Chjao Litzyan.

AQSh Prezidenti Jo Baydenga ko’ra esa, Pekin xakerlarni himoya qilmoqda.

“Xitoy hukumati, Rossiya hukumatidan farqli o’laroq, bu ishni o’zlari qilmayapti, lekin shu ish ortida turganlarni himoya qilyapti. Ularga hatto sharoit yaratib berayotgan bo’lishi mumkin”, - dedi Bayden.

NATO, Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Britaniya, Kanada, Yaponiya va Yangi Zelandiya ham Pekinni kiber josuslikda ayblab chiqdi.

Vashington AQSh va boshqa davlatlarga qarshi davlat rahnamoligidagi josuslik faoliyatiga aloqador to’rt xitoylikka ayblov qo’ydi.

“Bu to’rt ayblanuvchining uchtasi Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi ofitserlari. Hukumat ishtirokini yashirish uchun ular kiber xurujlarni boshqa kompaniyalar orqali amalga oshirgan”, - deydi Kaliforniya prokurori Rendi Grosmen.

AQSh kiber hujumlar uchun Rossiyani sanksiyalar bilan jazolagan edi. Bayden ma’muriyati hozircha Pekinga qarshi bunday chora qo’llagani yo’q.

“Ular Pekin qarshi javob berib, Xitoy ichidagi AQSh kompaniyalarini nishonga olishi mumkinligidan xavotirda. Xitoyga nisbatan keng miqyosli sanksiyalar qo’llash uchun bir qator ittifoqchilarni, masalan, Xitoy bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega kichikroq Yevropa davlatlarini ko’ndirish qiyin bo’lishi mumkin”, - deydi Tahqi aloqalar kengashi eksperti Adam Segal.

Oq uyga ko’ra, tashqi kiber xurujlar bo’yicha tekshiruv davom etmoqda va kelajakda jazo choralari qo’llanishi ehtimoli bor.

“Xitoy yoki Rossiyaga aloqador kiber faoliyatlar bo’yicha so’nggi xulosa hali berilmagan”, - dedi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.

Xitoy kiber jinoyatlarning har qanday turiga qarshi ekanini va bunday xurujlarning aksariyati AQShdan kelishini da’vo qiladi. Tahlilchilar fikricha, Xitoy, Rossiya, AQSh kabi davlatlar kiber josuslik bilan shug’ullanishda davom etadi va ularning bu ishlarni to’xtatishi ehtimoli kam.

“Ma’lumotlarni yoki tizimlarni ishdan chiqaruvchi hujumlar bo’yicha qandaydir kelishuvlarga erishilishidan umidvorman. “Colonial Pipeline” kompaniyasining quvurlar tizimini bir necha kunga to’xtatib qo’ygan hujum kabi holatlarning oldini olish uchun Xitoy, Rossiya va boshqalar qandaydir o’zaro kelishuv normalarini belgilab olishi kerak”, - deydi Segal.

2015-yil o’sha paytdagi AQSh prezidenti Barak Obama va Xitoy rahbari Si Zinpin o’z hududlarida yuz beradigan kiber jinoyatlarni tekshirish va zararsizlantirish bo’yicha kelishuvga erishgan edi.

So’nggi hodisa AQSh-Xitoy aloqalaridagi sovuqlikni yanada kuchaytirishi kutilyapti.

Xalqaro hayot - 21-iyul, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:19 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG