Breaking News

AQSh va Britaniya fuqarolarini Afg'onistonni tark etishga undamoqda


Kobulda 4-avgust kuni ro'y bergan portlash

Qo'shma Shtatlar va Britaniya o’z fuqarolaridan Afg’onistonni zudlik bilan tark etishga undamoqda.

“Xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat va xodimlar kamaygani bois elchixonaning Amerika fuqarolariga yordam berish imkoniyati juda cheklangan, hatto Kobulda”, deyiladi AQSh elchixonasi veb saytidagi e'londa.

Aprel oyida AQSh hukumati o’zi ishini boshqa joydan bajara oladigan elchixona xodimlarini mamlakatdan ketishni buyurgan edi.

“Xavfsizlik bilan bog’liq sharoit noaniq ekanini muntazam aytib kelayapmiz”, - deydi Britaniya elchixonasi so’zlovchisi.

Xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etishi to’g’risidagi e’londan buyon Afg’onistonda zo’ravonlik sur’ati oshib bormoqda.

Tolibon mamlakatning bir necha qismlarida hujumlar uyushtirib, o’z nazoratidagi hududlarni qariyb ikki baravar kengaytirgan.

Jurnalistlar, huquq himoyachilari va rasmiylarni nishonga olish holatlari ham keskin ko’paydi. 6-avgust kuni Hukumat media va axborot markazi direktori Dava Xon Menapal juma namozi paytida o’ldirilgan.

Bir necha shaharda janglar davom etmoqda. Oxirgi uch kunda toliblar to’rt viloyat markazini, jumladan Qunduz, Sari Pul va Juzjon poytaxti Shibirg’onni egallagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda shiddatli janglar ketayotganda Juzjon qamoqxonasidan mahbuslar qochganini ko’rish mumkin.

Bu orada, afg’on xavfsizlik kuchlari Hilmand viloyati poyxtaxti Lashkargohga qayta nazorat o’rnatdi. Havo hujumlari va janglarda tinch aholi vakillari halok bo’lgan, shahar infrastrukturasiga ziyon yetgan.

Shanba kungi bayonotida AQShning Kobuldagi elchixonasi hujumlarni qoralab, jangarilarni sulhga undadi.

“Tolibonning majburan o’z hukmdorligini o’rnatish harakatlari ularning Doxada kechayotgan tinchlik jarayonini quvvatlash haqidagi da’volariga ziddir. Ular fuqaro farovonligi va huquqlariga beparvo ekanini namoyish etmoqda va gumanitar inqirozni yanada kuchaytiradi”, - deyiladi bayonotda.

BMTning Afg’onistondagi missiyasi rahbari Debra Layns BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaatida ma’lum qildiki, oxirgi 10 kun ichida Lashkargohdagi janglarda kamida 104 kishi halok bo’lgan. Ularning ismlari shaharning ikki asosiy kasalxonasida qayd etilgan.

“O’tgan haftalarda Afg’onistondagi urush yangi, yanada halokatli bosqichga kirdi”, - deydi Layns.

Tolibon ham bayonot chiqarib, hukumat sektorida ishlaydiganlar, jumladan “Nimro’z va boshqa viloyatlardagi xavfsizlik xodimlariga” qochishga hojat yo’q, sizga ziyon yetmaydi, deya ishontirgan.

Biroq toliblar mamlakatning boshqa hududlarida vahshiyliklar sodir etgani haqidagi xabarlar bois ko’pchilik uy-joyini tashlab ketmoqda. Nimro’zning bir guruh aholisi Eron tomonga o’tishga harakat qilgan, ammo eronlik chegarachilar tomonidan ortga qaytarilgan.

Debra Laynsga ko’ra, urush “yaqin o’tmishda Suriyada yoki Sarayevoda ro’y bergan voqealarni eslatmoqda”. Xavfsizlik Kengashi yordam bermasa, deydi u, mamlakatni jiddiy falokat kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG