Breaking News

AQSh: Afg'onistonda vaziyat izdan chiqqanini tan olamiz


Tolibon kuchlari Qunduz shahrida, 2021-yil, 9-avgust

AQShning harbiy salohiyati va ko’p sonli Afg'oniston xavfsizlik kuchlari Tolibon jangarilariga teng kela olmayotgandek. So’nggi haftalarda isyonchilar yangidan yangi hududlarni o’z nazorati ostiga olishda davom etmoqda.

AQSh rasmiylari dushanba kuni Afg'onistondagi vaziyatni "juda xavotirli" deb baholadi.

Tolibon so’nggi 72 soat ichida beshta viloyat markazini egallab olgani Pentagonning eng yuqori eshelonlari e'tiboridan chetda qolmadi.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi Afg'oniston "to'g'ri yo'ldan ketayotgani yo'q", deya tan oldi. Unga ko’ra, AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham "xalqaro hamjamiyatning xavotiriga qo’shiladi".

"Vazir Afg'oniston kuchlarining qobiliyatiga, ularning jang maydonida katta o'zgarishlarga qodirligiga ishonishda davom etmoqda", - deb qo'shimcha qildi Kirbi.

Ammo bu qarash hozircha o’zini oqlagani yo’q. Afg’oniston armiyasi shu paytgacha Tolibon hujumlarini to'xtata olgani yo’q.

AQSh bir necha bor Afg'oniston xavfsizlik kuchlari salohiyatini kuchaytirishga urinib ko'rdi. Dastlab o'g'irlangan texnika va transport vositalarini havodan nishonga olib, toliblarning yurishini to’xtatish choralari ko’rildi.

O'tgan bir hafta ichida, AQSh rasmiylariga ko'ra, havo hujumlari asosan Qandahor, Hirot va Lashkargoh kabi muhim shaharlarda Afg'oniston maxsus kuchlari bilan shiddatli janglarga kirishgan Tolibon kuchlariga qarshi qaratildi.

Bu amaliyotlarda “AC-130” samolyoti, “MQ-9 Reaper” dronlari hamda ba’zi holatlarda “B-52” bombardimonchi va “F-18 Hornets” qiruvchi samolyotlaridan foydalanilgan. Ammo aynan qancha zarba amalga oshirilgani haqida ma’lumot berilgani yo’q.

Havo zarbalarini amalga oshiruvchi samolyotlar bir necha soat uzoqlikdagi manzillardan uchib kelmoqda. Agar havo hujumlariga zarurat tug’ilsa, Qatardagi Al-Udeid aviabazasidan yoki hozirda Fors ko'rfazida joylashgan “USS Ronald Reagan” avianosetsidan foydalanilmoqda.

Tolibon turli yo’llar bilan AQSh havo kuchlarining ta'sirini minimallashtirishga urinmoqda. Shunigdek, Afg’oniston askarlari orasida Tolibon bilan urishishni istamagan yoki osonlikcha taslim bo’layotganlar soni oz emas.

"Amerika Ovozi" AQSh bunday vaziyatda nima qilishi mumkinligi haqidagi so’raganda, Kirbi ochiqchasiga "ko’p narsa emas", deb javob berdi.

Xalqaro aksilterror rasmiylari va hatto Afg'onistondagi voqealarni kuzatayotgan ba'zi AQSh rasmiylarining ogohlantirishicha, AQSh deyarli barcha jangovar qo'shinlarini olib ketgandan keyin Afg'oniston qurolli kuchlarining butunlay qulashi ajablanarli hol bo’lmaydi.

Afg'oniston xavfsizlik kuchlari ixtiyorida 300 mingga yaqin askar, havo kuchlari hamda AQSh qurollari bor. Ammo ularning hech biri Tolibonga qarshi samarali ishga solinmagan, deydi kuzatuvchilar.

AQShning Afg'onistonni qayta tiklash bo'yicha maxsus inspektori Jon Sopko fikrlari yanada salbiy.

AQShning yuqori martabali harbiy rahbarlari "Afg’oniston armiyasi qanchalik yomonligini bilishgan", dedi u.

Ammo dushanba kuni Pentagon o'z sa'y-harakatlarini himoya qilib, Tolibon muvaffaqiyati uchun javobgarlik Afg'oniston hukumati va harbiy qo'mondonlari zimmasida ekanini aytdi.

"Biz, albatta, qachon va qayerda kerak bo’lsa, havodan qo'llab-quvvatlaymiz, lekin bu Kobuldagi yetakchilikning o'rnini bosa olmaydi”, - dedi Kirbi.

"Bu ularning vatani. Bu ularning harbiy kuchlari. Bu ularning viloyat poytaxtlari; himoya qilish lozim bo’lgan odamlar ham ularning xalqi, - deya qo'shimcha qildi u. – Bu paytda qanchalik ish ko’rsata olish, albatta, alal-oqibat yetakchilarga bog’liq".

Ayni paytda AQSh havo hujumlari yordami uzoq vaqt davom etishiga kafolat yo’q. Oy oxirida AQSh kuchlari mamlakatni to’liq tark etishi bilan havo zarbalarini amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma muddati ham tugaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG