Breaking News

AQShda aholi xilma-xillashib bormoqda, oq tanlilar ilk bor kamaygan


Qo’shma Shtatlar irqiy jihatdan xilma-xillashib bormoqda. Mamlakat tarixida ilk bor so’nggi 10 yilda oq tanli aholi kamaygan.

Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, Amerikada 331,4 million odam yashaydi, ya'ni 2010-yilga qaraganda 7,4 foizga ko’p. Bu 1790-yilda aholini ro’yxatga olish boshlanganidan buyon eng sekin o’sish hamdir. 1930-yillardagi Buyuk Depressiya davri bundan mustasno.

Mamlakatning irqiy va etnik tarkibi o’zgarib bormoqda. Ko’proq oilalar shaharlarga, xususan janubiy va g’arbiy shtatlarga ko’chmoqda. Kichik jamoalarni tark etayotganlar ko’paygan.

Oq tanlilar AQShda hamon eng katta guruh – 204,3 million. Biroq oxirgi 10 yilda ular soni 8,6 foizga kamaygan.

Ikkinchi eng katta guruh bu ispanzabonlar yoki latinolar – 62,1 million. So’nggi 10 yilda ular 23 foizga ko’paygan.

O’zini ikki va undan ortiq irq vakili deb biladiganlar 33,8 millionni tashkil etib, ushbu kategoriyada 2010-yildan buyon 276 foizlik o’sish kuzatilgan. Afro-amerikaliklar soni – 46,9 million, osiyolik amerikaliklar – 24 million va tub aholi, jumladan Alyaskada – 9,7 million.

Ba’zi demograflar fikricha, 2045-yilga borib ham oq tanlilar eng katta guruh bo’lib qolishi mumkin, ammo boshqa irqiy guruhlar, jumladan latino, qora tanli, osiyolik amerikaliklar va boshqalar birgarlikda kattaroq sonni tashkil etishi ehtimoli yuqori.

So’nggi 10 yilda AQShdagi ozchilik guruhlar orasida aholi o’sishining kamida yarmi ispanzabonlar hissasiga to’g’ri keladi. O’tgan 30 yilda ular ikki karra ko’paygan.

AQSh qishloqlari bo’shab bormoqda. Okruglarning yarmidan ko’pida (52 foiz) aholi kamaygan.

Mamlakatning eng yirik 10 shahri ro’yxati o’zgarmagan. 8,8 million odam yashovchi Nyu-York birinchi o’rinda. Ilk bor eng yirik shaharlarning har birida aholi milliondan oshgan. Eng tez o’sayotgan shahar – Arizona shtatidagi Finiks shahri.

2010-2020 yillar oralig’ida 384 ta metropolisdan 312 tasida aholi ko’paygan, 72 tasida kamaygan. Eng tez o’sayotgan aholi punkti bu – Florida shtatining “The Villages” mahallasi. Odatda nafaqaga chiqadiganlar ko’chib o’tadigan bu joyda aholi soni 39 foizga oshgan.

Siyosatga ta’siri

Aholi soni AQSh siyosatida ham muhim rol o’ynaydi. Mahalliy siyosatchilar bu ma’lumotdan saylov okruglari chegarasini qayta belgilash uchun foydalanadi.

Respublikachilar ham, demokratlar ham saylovchilarni o’z manfaatlariga mos tarzda muayyan okruglarga taqsimlab, saylovda ustunlikni qo’lga kiritishga harakat qiladi. Jarayon adolatli bo’lishi uchun ayrim shtatlar bu vazifani mustaqil komissiyalarga yuklaydi.

Aholi har 10 yilda hisoblanishi va buning ketidan okruglar chegarasi mahalliy siyosatchilar tomonidan qayta belgilanishi ko’plab shikoyatlarga sabab bo’ladi, partiyalar bir-birini sudga beradi.

2022-yilning noyabrida o'tadigan oraliq saylovlar Kongressda qaysi partiya ustun bo’lishini belgilaydi. Vakillar palatasidagi 435 o’rin uchun kurash keskin kechishi kutilmoqda. Respublikachilarga palata nazoratini qo’lga olish uchun atigi besh o’rin kerak.

Tahlilchilar fikricha, respublikachilar hukmron mahalliy qonunchilik organlari saylov okruglarini qayta taqsimlash orqali bu o’rinlarni qo’lga kiritishi mumkin.

100 a’zodan iborat Senatda esa 2022-yilda o’rinlarning uchdan biri yangilanadi. Hozirda bu organda kuchlar nisbati 50/50. Ammo aholi soni Senat saylovlariga ta’sir ko’rsatmaydi. Aholi sonidan qat’i nazar har bir shtatdan ikkitadan senator saylanadi.

Mamlakatdagi demografik o’zgarishlar - Vakillar palatasidagi 435 o’rin 50 shtat orasida qayta taqsimlanadi degani. Respublikachilar hukmron Texas ikki qo’shimcha o’rinni qo’lga kiritadi, yana besh shtat bittadan. Yetti shtat Kongressdagi bir o’rindan mahrum bo’ladi.

So’nggi 10 yilda janubiy shtatlar aholisi o’sayotgani respublikachilarga qo’l kelishi, shimoliy shtatlar aholisi o’zgarishsiz qolgani esa saylovlarda demokratlarga ziyon bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG