Breaking News

Bayden: Tolibon qadamini o'ylab tashlamasa, keskin javob beriladi


Tolibon jangarilari
Tolibon jangarilari

13-avgust kuni Kobulga Doxadan taklif kelgan. Unga ko'ra, Prezident Ashraf G'ani va Tolibon sulh imzolashi mumkin. Shartlar nimadan iborat, mavhum. 14-avgust kuni bu taklifga javob berilishi kerak edi. Hozircha javob noma'lum.

14-avgust kuni Balx viloyati ham Tolibonga o'tgach, minglab afg'onlar, jumladan, harbiylar O'zbekiston chegarasiga borib, Termiz-Hayraton postidan o'tib, qo'shni mamlakatga kirishga harakat qilgan. Norasmiy manbalarga ko'ra, O'zbekiston ularni qabul qilmagan. Toshkent bu masala yuzasidan hali lom-mim demagan.

Bu orada AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Prezident G'ani va Doxada Kobul nomidan muzokara qilayotgan Abdulla Abdulla bilan gaplashgan. Vashington hukumatni quvvatlashini aytib, hali ham siyosiy murosadan umidvor.

Prezident Jo Bayden esa amerikaliklar Afg'onistondan eson-omon chiqib olishini ta'minlash uchun 5000 harbiyni safarbar qilgan.

Kanada 20 ming afg'onni qabul qilishga tayyor. NATO esa Kobulda diplomatik vakolatxonasi yopilmasligini bildirgan, ammo xodimlar kamayadi. Britaniya o'z fuqarolarini olib chiqmoqda. Elchixonasining tarkibi qisqaradi.

Tolibon mamlakatning har tarafida ko'plab viloyatlar va shaharlarni hukumatdan tortib olgan. Har kuni bir necha hudud uning izniga o'tmoqda.

AQSh afg'on qurolli kuchlari ishni eplay olmaganidan norozi, ammo ularga yordamni to'xtatmagan. Rasmiylarga ko'ra, jang qiladiganlar afg'onlar, amerikaliklar emas.

Afg'oniston qanday davlat va jamiyat bo'lishini afg'onlar o'zi hal qiladi, deya eslatib turibdi Oq uy.

Prezident Bayden mamlakat razvedka xizmatiga Afg'onistonda har qanday terror tahdidini aniqlash va xavfning oldini olishni buyurgan.

Davlat kotibi Blinken deydiki, Vashington Afg'oniston hukumati va boshqa taraflar bilan muloqotda. Maqsad - siyosiy murosa, qon to'kilishining oldini olish va o'tish davrini belgilash.

AQSh harbiy qo'mondonligi Tolibonni agar uning manfaatlariga nisbatan biror tahdid qilinsa, qattiq qarshilikka uchrashi haqida ogohlantirgan.

Prezident Bayden bunga alohida urg'u berib, AQSh xizmatchilari yoki missiyaga biror zarar yetkazilsa, darhol va keskin javob berilishini eslatmoqda.

Turkmaniston va Tojikistonda bosh diplomatlik qilgan Treysi Jekobson Amerikaga ishlagan afg'onlarni olib chiqish ishlariga bosh-qosh bo'ladi. Oq uy bu insonlar, hozirgi vaziyat naqadar qiyin bo'lmasin, himoya qilinadi va qutqariladi, deya va'da bermoqda. Minglab afg'onlar tez orada evakuatsiya qilinishi kerak.

Afg'oniston qanchalik beqaror va notinch bo'lishiga qaramasdan, deydi Prezident Bayden, AQSh bu mamlakatdan butkul chiqish qaroridan qaytmaydi.

20 yillik missiya yakunlanadi. AQSh 300 mingdan oshiq afg'onni harbiy jihatdan tayyorlagan, ularni qurol-aslaha bilan ta'minlagan, 1 trillion dollardan ziyod mablag' aynan shu maqsadlarda sarflangan.

"Bir yilmi yoki besh yil, AQSh harbiylari u yerda qolishining ahamiyati yo'q. Afg'oniston qurolli kuchlari o'z mamlakatini himoya qila olishi kerak. Boshqa bir davlatning ichki mojarolarida Amerikaning mavhum tarzda ishtirok etishiga yo'l qo'ymayman", - deydi prezident.

Baydendan oldingi uch rahbar uchun Afg'oniston ulkan muammo edi. Bayden o'z prezidentligi davrida bu masalaga nuqta qo'ymoqchi va o'zidan keyingi rahbarga uni meros qilib qoldirmoqchi emas.

Afg'onistondan askarlarni olib chiqish qarori Donald Tramp prezidentligi paytida, 2020-yilda qabul qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG