Breaking News

Kobulda aviareyslar tiklanmoqda


Kobul Xalqaro aeroportini qo'riqlayotgan AQSh harbiylari. 16-avgust, 2021.

Xorijiy diplomatlar va fuqarolarni Afg’onistondan olib chiqish jarayonida minglab afg’onlarning vatandan qochishga intilishi aeroportda vaziyatni chigallashtirgan. Natijada, ayrim reyslar bekor qilingan edi. 17-avgust kuni Kobul xalqaro aeroportida evakuatsiya reyslari qayta tiklangan.

NATOning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Stefano Pontekorvo “Twitter” sahifasida e’lon qilgan suratlarda AQSh Havo kuchlariga qarashli samolyotlarning Kobul aeroportiga qo’nayotgani va uchib ketayotganini ko’rish mumkin.

Kobul aeroportida sarosimaga tushgan aholi vakillari. 16-avgust, 2021.
Kobul aeroportida sarosimaga tushgan aholi vakillari. 16-avgust, 2021.

Fransiya Qurolli kuchlari vaziri Florens Parli mamlakatning Afg’onistondagi fuqarolari 17-avgustga o’tar kechasi Birlashgan Arab Amirliklari aeroportiga yetib kelganini ma’lum qilgan. Parij navbatdagi parvozlar raundini boshlashga tayyorgarlik ko’rayotganini e’lon qilgan.

Hindiston Kobuldagi elchixonasida ishlaydigan diplomatlar, ishchilar va xavfsizlik xodimlaridan iborat qariyb 140 kishini 17-avgust kuni maxsus reys bilan vatanga olib kelgan.

Pentagon aeroportda ikki qurollangan shaxs o’ldirilganini tasdiqlagan. 16-avgust kuni sarosimada aeroportga to’plangan xalqqa qarshi o’q uzayotgan ikki jangarini AQSh kuchlari otib tashlagan. Bu haqda Pentagon vakili Jon Kirbi ma’lum qildi.

Prezident Jo Bayden esa AQSh kuchlarining Afg’onistonni tark etishiga doir qaroridan aslo qaytmasligini ma’lum qildi.

“Afg’on kuchlari o’z vatani uchun kurashishni istamayotgan urushda Amerika askarlari jang qila olmaydi va jang qilmasligi lozim”, - deya ta’kidladi prezident Oq uydan televideniye orqali qilgan murojaatida.

AQSh harbiy samolyotida 640 nafar afg'on mamlakatdan chiqib ketmoqda. 15-avgust, 2021.
AQSh harbiy samolyotida 640 nafar afg'on mamlakatdan chiqib ketmoqda. 15-avgust, 2021.

BMT Xavfsizlik Kengashi Afg’onistonda qurolli to’qnashuvlarni to’xtatish, ochiq muzokaralar asosida inklyuziv hukumat tuzish, davlat boshqaruviga ayollarni teng huquqlar asosida jalb etishga chaqirdi.

20 yil avval 11-sentabr fojialari ortidan AQSh kuchlarini “Al-Qoida” jangarilariga qarshi Afg’onistonga kiritgan sobiq prezident Jorj Bush chuqur qayg’uda ekanini ma’lum qildi. Afg’on xalqi va shu zaminda katta yo’qotishlarni boshidan o’tkazgan amerikaliklar va NATO mamlakatlariga achinayotganini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG