Breaking News

Boshpanasiz afg'onlar: Tolibon va hukumat hayotimizni barbod qildi


Hirot ko'chalarida, 1-avgust, 2021

Afg'oniston Tolibon qo'liga o'tar ekan, xotin-qizlar va bolalar hayoti yanada og'irlashishi kutilmoqda. 1990-yillardagi azob-uqubatni millionlab afg'onlar unutmagan.

Poytaxt Kobulda do'konlar yopiq. Odamlar vahimada. Ertangi kun emas, bugun qanday jon saqlash haqida o'ylayapti.

Urush sabab boshpanasiz qolganlar talay. Ayollar va bolalar ular orasida ko'pchilik.

Mittigina uyda besh oila yashamoqda. Uch ayol beva, bolalarning aksariyati yarim yetim. Maktablar ochiq emas. Go'daklar tashqariga chiqishga qo'rqadi. Katalakka tiqilib qolishgan. Guldasta ismli ayol deydiki, turmush o'rtog'i va uch o'g'li janglarda halok bo'lgan. Nevaralari hozir Kobulda axlat yig'ib, bir amallab qornini to'yg'azmoqda.

"Bolalarga qarang", - deydi Guldasta. "Kuni bilan nima topsa, shunga tayanadi. Prezident Ashraf G'ani nima qildi biz uchun? Undan oldingi rahbar Hamid Karzay nima karomat ko'rsatdi? Tolibon biz uchun nima qildi? Hammasi bevalarni ko'paytirdi. Qizlarimiz tul qoldi. Yegulik yo'q. Go'sht ko'rmaymiz. Kiyim, oyoq kiyim ololmaymiz. Doriga ham iloj yo'q".

Shaharda kim hokim, bu odamlar bilmaydi. Yordam kelib turar edi, u ham endilikda uzulgan.

"Biz insonparvarlik ko'magi yetkazishga harakat qilayapmiz", - deydi Eylin Makkarti, Norvegiya tashkiloti xodimi. "Ammo vaziyat qaltis ekan, xodimlarimizning xavfsizligidan xavotirdamiz. Yuk tashish, odamlarga eltib berish juda qiyin".

Afg'oniston bo'ylab toliblar o'z nazoratini o'rnatar ekan, qizlarning o'qishi, ayollarning ishlashi deyarli mumkin bo'lmaydi, degan qo'rqinch bor. Tolibon ularni ezmaslikni va'da qilmoqda, ammo xotin-qizlar va umuman omma bunga ishonmaydi.

"O'sha-o'sha Tolibon. O'sha munosabat, o'sha falsafa. Ular boshqa bir dunyoda yashaydi va bizni ham o'sha yoqqa yetaklamoqchi. Afg'on xalqining qonini ichaverishadi, ayniqsa ayollar va yoshlarning", - deydi Meri Akromiy, faol.

Nega biz oddiy bir hayot kechira olmaymiz, boshqa xalqlarga o'xshab, deya so'raydi Umar ismli afg'on.

"Tolibonga gapim bor: sening ham onang va opa-singillaring bordir. Hukumat-chi, senlarning ham oilalaring bor. Xudodan qo'rqib, shu urushni to'xtasalaring bo'lmaydimi? Qur'onga ishonsang, urush qilma. Urush tugasin, uyga qaytaylik, ishlaylik, oilamizni boqaylik. Darbadarmiz hozir".

Ko'plar uyiga qaytishga ham qo'rqadi, chunki toliblar hududlarni minalab tashlagan. Minglab bolalar nogiron.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG