Breaking News

AQSh-Kanada chegarasining ochilmagani bizneslarga zarar keltirmoqda


AQSh-Kanada chegarasi
AQSh-Kanada chegarasi

AQShning muhim bo'lmagan sayohatlar uchun Kanada bilan chegarani yopishi har ikki mamlakat chegara hududlari iqtisodiyoti uchun katta yo’qotish bo’lmoqda.

Bayden ma'muriyati Kanada va Meksika bilan quruqlik orqali sayohat qilishga qo’yilgan taqiqni hech qanday izohsiz 21-oktabrgacha uzaytirdi. Bu cheklov koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yil mart oyida e’lon qilingan edi.

Kanadaliklar uchun AQShga havo orqali uchishda hech qanday cheklov yo’q. Kanada o’z navbatida 9-avgustdan boshlab to'liq emlangan barcha amerikaliklarga quruqlik yoki havo orqali kirishga ruxsat bergan.

Vashington shtatidagi 12.65 kvadrat kilometrlik Point Roberts hududi Kanadaga tutash Amerika eksklavi hisoblanadi. U uch tomondan suv bilan o'ralgan va shimolda Kanadaning Vankuver shahri bilan chegaradosh.

Chegaraning yopilishi Point Robertsdagi bizneslar uchun og’ir kechdi. Anklavdagi mulklarning to'rtdan uch qismiga egalik qiladigan kanadaliklar chegaradan o’ta olmayapti. Bu yerdagi amerikaliklar Vankuverga borishi mumkin, lekin kanadaliklar kiritilmayotgani daromadi qo’shni davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlarga bog’liq do’konlar uchun katta yo’qotish bo’lmoqda.

Oziq-ovqat sotishga ixtisoslashgan Xalqaro bozor egasi Ali Xeyton tushum 30 foizga tushib ketganini aytadi.

Point Roberts Savdo palatasi prezidenti Brayn Kalderning aytishicha, bu cheklov faktga emas, mantiqsizlikka asoslangan.

“Bu aqlsizlikdan boshqa narsa emas. Agar biz ilm -fanga amal qilsak, deltaliklarga bu yerdagi o'z mulklariga kelishiga va biz u yerga borishimizga ruxsat bergan bo'lar edik, - deydi Kalder. - Kanada bizga bu yerdan Deltaga borishga ruxsat berdi, lekin ularning kelishiga ruxsat berilmagani bizneslarimiz uchun katta yo’qotish bo’lyapti".

Har kuz qishni o’tkazish uchun minglab kanadaliklar Florida, Arizona va Kaliforniya shtatlariga ko’chib keladi.

Kanadaning Mayamidagi konsulligi tomonidan o'tkazilgan tadqiqotning ko'rsatishicha, kanadalik sayyohlar 2017-yilda Florida iqtisodiyotiga 6,5 milliard dollar kiritgan va ular ayni paytda 53 milliard dollardan ortiq ko'chmas mulkka ega.

Bob Slek va uning rafiqasi Luis 23 yildan beri har qishda Ontariodan Florida shtatiga keladi. Shaxsiy mashinasini haydab chegaradan o’tishga odatlangan oila bu safar avtomobilni alohida jo’natib, o’zlari samolyot orqali uchishga qaror qildi. Bu esa 1500 dollar ortiqcha xarajatga sabab bo’ldi.

“Men bir qancha odamlar bilan gaplashdim. Hammada bir savol, - dedi Slak. - Biz reysga buyurtma beramizmi yoki 21-oktabrgacha kutaylikmi? 21-oktabrda chegara ochiladimi?”

Chegaraning yopilishi Milliy futbol ligasining “Buffalo Bills”, “Detroit Lions” va “Seattle Seahawks” kabi sport jamoalariga ham salbiy ta’sir qilmoqda. Chegaraga yaqin joylashgan bu jamoalarning o’yinlariga, odatda, Kanadadan minglab ishqibozlar tashrif buyuradi. “Seattle Seahawks” jamoasi, agar chegaralar ochilmasa, kanadaliklarga sotilgan uch ming chipta puli qaytarib berilishini e’lon qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG