Breaking News

Pxenyan muloqotga tayyorligini aytmoqda, faqat AQSh bilan emas


Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un

Ikki yilga yaqin xalqaro izolyatsiya va koronavirus pandemiyasining og’ir iqtisodiy asoratlari ortidan Shimoliy Koreya nihoyat muloqotga tayyor ekaniga ishora qilmoqda. Faqat AQSh bilan emas.

Xalqaro hayot – 5-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:20 0:00

Shimoliy Koreya shu hafta Janubiy Koreya bilan aloqalarni yaxshilash, koreyalararo ziddiyatni bartaraf etish uchun ishonch telefonlarini tiklash bo'yicha dastlabki qadamlarni qo'ydi. Shimoliy Koreya rasmiylari, shuningdek, mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti va ularning rasmiy urush holatini tugatish bo'yicha muzokaralari yuz berishi mumkinligiga ham ishora qilgan. Ikki Koreya hanuz rasman urush holatida hisoblanadi. Chunki 1950-yillardagi mojaro tinchlik shartnomasi bilan emas, balki sulh bilan tugagan.

Ikki yil davomida Shimoliy Koreyani muzokaralarga ko'ndirishga uringan Janubiy Koreyaning so’l qanot hukumati so’nggi o’zgarishlarga ehtiyotkorlik bilan umidvor qaramoqda. Shimoldagi qo’shni bilan aloqalarni tartibga soluvchi Seul Birlashish vazirligi xabariga ko’ra, Pxenyanning ishonch telefonlarini qayta ochish qarori uzoq muddatli do'stona chegaralararo munosabatlar uchun poydevor bo’lib xizmat qiladi.

Ammo Pxenyan AQSh bilan muloqotni qayta tiklash niyatida emas. Shimoliy Koreya AQShning hech qanday shartlarsiz muzokara boshlash taklifini rad etdi yoki e'tiborsiz qoldirdi. O'tgan hafta qilgan nutqida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un AQShning takliflarini "dushmanlik niqobini yashirishga qaratilgan ayyorona chalg'itish” deb atadi.

Ko'plab tahlilchilarga ko'ra, Shimoliy Koreyaning maqsadi Janubiy Koreyani AQSh bilan xavfsizlik bo’yicha shartnomadan chiqishga majburlash.

Janubiy Koreya koreyalararo loyihalar, masalan, birgalikda yuritiladigan Kesong sanoat majmuasi orqali qo’shni yurtga iqtisodiy yordam ko'rsatishga urinib keladi. Shimoldagi davlat hududida joylashgan Kesong obyekti Janubiy Koreya kompaniyalariga Shimoliy Koreyadan arzon ishchi kuchi yetkazib beradi. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli bunday loyihalar sustlashib qolishi natijasida Pxenyan Seuldan boshqa imtiyozlarni, masalan, AQSh va Janubiy Koreya o’rtasida o’tkaziladigan harbiy mashqlarni butunlay to'xtatish kabi choralarni talab qilmoqda.

Shimoliy Koreya nazarida hozir prezidentlik muddatining so’nggi oylarini o’tkazayotgan Janubiy Koreya prezidenti Mun Jey Inga bosimni kuchaytirish uchun eng yaxshi vaqt bo'lishi mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp (chapda) Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan ko'rishmoqda, Xanoy, Vyetnam, 2019-yil, 27-fevral.
AQSh prezidenti Donald Tramp (chapda) Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan ko'rishmoqda, Xanoy, Vyetnam, 2019-yil, 27-fevral.

Mun 2018-yilda Kim Chen Un bilan uchta sammit o'tkazdi. Muloqotlar Kimning AQSh prezidenti bilan uchrashishiga yo’l ochdi. 2019-yil AQShning o’sha paytdagi rahbari Donald Tramp bilan o’tkazilgan muzokaralar samarasiz yakunlangach, Pxenyan Seuldan g'azablanib, tinchlik muloqotini muzlatib qo'ydi.

Garchi Mun o'sha paytdan beri transchegaraviy iqtisodiy loyihalarni jonlantirishga tayyor ekanini aytib kelayotgan bo'lsa-da, Shimoliy Koreyaning noqonuniy yadroviy qurol dasturi tufayli qo'yilgan AQSh va xalqaro sanksiyalar bunga yo’l bermayapti. Shimoliy Koreya koreyalararo muzokaralarni qaytadan boshlashga ishora berib, Seulni AQShdan uzoqlashishga undamoqchi, deydi janubiy koreyalik ekspert Dyuyon Kim.

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya ichki siyosatiga ham ta'sir o'tkazishga urinayotgan bo'lishi mumkin. Ommaviy so'rovlarning ko’rsatishicha, Munning tinchlik harakatlari to'xtab qolgan bo'lsa -da, uning shimol bilan do’stona aloqa o’rnatish siyosati janubiy koreyaliklar orasida ijobiy qabul qilinadi. Bu esa keyingi saylovlarda uning partiyasiga qo’l kelishi mumkin.

Albatta, Shimoliy Koreya bilan muzokaralar shu tarzda davom etishiga hech qanday kafolat yo'q. Pxenyan iyul oyida koreyalararo ishonch telefonlarini qayta ochgach, ikki haftadan so’ng Janubiy Koreya va Qo'shma Shtatlar yillik qo'shma harbiy mashg'ulotlarni o'tkazishi ortidan ularni yana uzib qo'ygan edi.

Ba’zi amerikalik tahlilchilar fikriga ko’ra, Pxenyan janub bilan munosabatlarni yaxshilash ahdida samimiy emas. Shimoliy Koreya bo’yicha AQSh razvedkasi rasmiysi Sidney Seyler so'zlariga ko'ra, Pxenyan yadro dasturini davom ettirish uchun vaqtdan yutishga intilmoqda.

Janubiy Koreyaning hozirgi hukumati nuqtai nazariga ko’ra esa, hech narsa qilmaslik ham variant emas. O'tgan hafta “Washington Post” gazetasiga bergan intervyusida Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Chun Yu Yon AQShni muzokaralar chog'ida Shimoliy Koreyaga nimalar taklif qila olishi haqida aniqroq tafsilotlarni berishga chaqirdi.

"Agar biz status-kvo davom etishiga yo'l qo'yadigan bo'lsak, bu Shimoliy Koreya raketa salohiyatining kuchayishiga olib keladi. Biz bundan juda xavotirdamiz", - dedi Chun.

AQSh-Shimoliy Koreya muzokaralari qay bosqichda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:00 0:00

Vashington va Seuldagi ko'plab tahlilchilar Baydenning Shimoliy Koreya siyosatini sobiq prezident Barak Obamaning "strategik sabr" yondashuviga o’xshatadi. Obama prezidentligi davrida Shimoliy Koreya to'rtta yadroviy sinov o’tkazgan va 50 dan ortiq raketa uchirgan.

AQSh rasmiylari bu tanqidlarga qo’shilmaydi. O'tgan oy Koreya-Amerika tadqiqotlari instituti tomonidan o'tkazilgan onlayn tadbirda AQSh Davlat kotibining Yaponiya va Koreya bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Mark Lambertning aytishicha, muzokaralardagi turg’unlikning asosiy aybdori Shimoliy Koreyaning o’zi.

"Agar biz shimol bilan o'tirib, ular nimani xohlayotganini bilib olsak va taxmin qilishni bas qilsak, menimcha, biroz siljishga erishgan bo’lamiz. Biz o’zimiz bilan o’zimiz muloqot o’tkazishimiz xato", - dedi Lambert.

Ayni paytda, deydi u, ikkinchi tomon gaplashishni xohlamasa, buni amalga oshira olmaysiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG