Breaking News

AQSh: Afg'on xalqiga yordam ko'rsatishda davom etamiz


AQSh Prezidenti Jo Bayden
AQSh Prezidenti Jo Bayden

AQSh Prezidenti Jo Bayden 12-oktabr kuni dunyoning eng boy davlatlari rahbarlari ishtirokidagi virtual yig’inda qatnashdi. Italiya bosh vaziri mezbonlik qilgan anjumanda Afg’oniston xalqiga gumanitar yordam ko’rsatish masalasi muhokama qilindi.

Oq uy so’zlovchisi Jen Psakining aytishicha, “Katta yigirmalik” davlatlari yetakchilari bilan o’tkazilgan yig’in terrorizmga qarshi kurash va xalqaro gumanitar yordam ishlarini muhokama qilish uchun konstruktiv imkoniyat vazifasini o’tadi.

AQSh avgust oxirida Afg’onistonni tark etgandan beri bu mamlakatga gumanitar yordam ko’rsatish bo’yicha ilk bor xalqaro sammit tashkil etildi. O’tgan hafta AQSh rasmiylari Qatar poytaxti Doxaga borib, Tolibon hukumati vakillari bilan birinchi yuzma-yuz muloqotni ham o’tkazgan edi.

Doxadagi uchrashuvda Vashington Afg’onistonga gumanitar yordam ko’rsatishda davom etishi qayd etilgan. Ammo AQSh Tolibon hukumatini tan olishi haqida hali biror gap yo’q.

Seshanba kuni o’tgan virtual yig’inda AQSh Afg’oniston uchun qo’shimcha gumanitar yordam ajratilishi yoki yordam berishda davom etishi haqidagi maqsadlarini qanday amalga oshirishi haqida ma’lumot bermadi. Ammo Psakining aytishicha, AQSh shu yil Afg’onistonga jami 330 million dollar yordam ko’rsatgan va bu masalada dunyoning eng katta donori hisoblanadi.

“Afg’on xalqi mashaqqatlarini aritish choralarini davom ettiramiz va boshqa donorlarni ham muhim yordamni yetkazish bo’yicha qadamlarini tezlatishga chaqiramiz”, - dedi Oq uy so’zlovchisi.

“O’ta xavfli palla”

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg’oniston o’ta xavfli pallada ekani haqida ogohlantirdi.

“Agar afg’on xalqiga bu sharoitdan chiqishda yordam bermasak va buni tezroq amalga oshirmasak, nafaqat ular, balki butun dunyo buning og’ir badalini to’laydi”, - dedi u virtual sammitda.

Tolibon mamlakatda nazoratni qo’lga kiritishidan oldin Afg’onistondagi davlat xarajatlarining 75 foizi xalqaro yordam hisobiga bo’lgan. Kobul Tolibonga o’tishi ortidan xalqaro tashkilotlar va hukumatlar bu yordamni to’xtatib qo’ydi.

BMTning Gumanitar masalalar bo’yicha ofisi ma’lumotiga ko’ra, Afg’oniston aholisining yarmi insonparvarlik yordami yoki himoyaga muhtoj. Ularning uchdan bir qismi esa ocharchilik bilan yuzlashmoqda.

“Hozir Afg’oniston bolalarini o’z holiga tashlab qo’yadigan payt emas. Nima yuz berayotganidan ko’zingizni olib qochadigan palla ham emas. Ular tirik qolish uchun yordamga muhtoj. To’yib ovqatlanmaydigan bolalar hozir hayot-mamot masalasi bilan yuzlashmoqda”, - dedi UNICEF so’zlovchisi Salom Al-Janabiy.

Bu esa, deydi Guterrish, odamzot uchun falokatli oqibatlarga olib keladi.

“Oziq-ovqatsiz, ishsiz, huquqlari himoyasiz qolgan afg’onlar yaxshiroq hayot izlab yanada ko’proq miqdorda uyini tashlab ketadi. Noqonuniy giyohvand moddalar savdosi, jinoiy va terror tarmoqlari ko’payishi ehtimoli yuqori”, - deya qo’shimcha qildi u.

Afg'oniston bolalari, Kobul yaqinidagi qishloq, 2021-yil, 3-fevral
Afg'oniston bolalari, Kobul yaqinidagi qishloq, 2021-yil, 3-fevral

Anjumanda qatnashmaganlar

Seshanba kungi anjumanda geografik jihatdan Afg’onistonga yaqin Xitoy va Rossiya davlatlari ishtirok etmadi. Ular Afg’onistonga hech qanday shartlarsiz yordam ko’rsatilishini talab qilib keladi.

Vilson markazining Osiyo dasturi rahbari o’rinbosari Maykln Kugelmenning aytishicha, “Katt yigirmalik” davlatlari yordam ko’rsatish masalasida o’zaro tafovutlarni bir chetga surishi ehtimoli yuqori.

“Katta yigirmalik” davlatlari, hatto bir-biri bilan yaxshi chiqisha olmaydiganlari ham fikrini bir joyga yig’ib, kerakli gumanitar yordamni yetkazish bo’yicha aniq bir reja ishlab chiqishi uchun asoslar yetarli”, - deydi u.

Bu orada AQSh Davlat departamenti Elizabet Jounsni afg’on qochoqlarini joylashtirish masalalari uchun mas’ul etib tayinladi. Veteran diplomat AQShga kelish huquqiga ega afg’onlarni mamlakatdan olib chiqish va Amerikaga joylashtirish ishlariga yetakchilik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG