Breaking News

ShHT yig'ini: Afg'oniston bo'yicha ziddiyatli qarashlar


ShHT yig'ini 16-17-sentabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo'lib o'tdi.

16-17-sentabr kunlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) Dushanbedagi sammitida, shuningdek, har ikki tashkilotning birgalikdagi yigʼilishida Аfgʼoniston inqirozi eng asosiy masala sifatida muhokama etildi. Аfgʼonistondagi holat, toliblar tomonidan eʼlon qilingan Kobul muvaqqat hukumati masalasida har bir ishtirokchi oʼz fikr-mulohazalarini oʼrtoqlashdi.

ShHT va KXShTning Dushanbe shahrida oʼtkazilgan mushtarak yigʼilishida qatnashgan Belarus Prezidenti Аleksandr Lukashenko Аfgʼoniston masalasini hal etish uchun ShHTdan qulayroq maydon mavjud emasligini taʼkidladi.

“Аfgʼoniston ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega. Biz hammamiz bu davlatning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligini eʼtirof etamiz. Biz ichki ishlarga aralashmaslik toʼgʼrisidagi xalqaro huquq tamoyillariga amal qilamiz”, - dedi Belarus prezidenti.

Lukashenko fikricha, Аfgʼonistonning aksariyat qoʼshni davlatlari aynan shu tashkilotga aʼzo va bu davlatlar taʼsir kuchiga ega.

“Qoʼshni davlatlar ham yordamlashishi lozim, ammo muammoni afgʼon xalqi hal qilishi kerak. Sobiq Sovet ittifoqi va АQShni qoʼshib hisoblaganda 30 yildan beri xorijliklar Аfgʼoniston masalasini hal qiilishga urinib keldi va oqibati nima boʼlganini koʼrib turibmiz. Ular oʼz kelajagini oʼzi tanlashi kerak”, - dedi Аleksandr Lukashenko.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Аfgʼoniston kelgusi ikki-uch yilda xalqaro terrorizm markaziga aylanishi va 2001-yil 11-sentabr voqealari takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Toliblar tomonidan Panjsher vodiysida mahalliy aholiga nisbatan qilinayotgan yovuzliklarga tashkilot aʼzolari diqqatini tortishga urindi.

Tojikiston davlat rahbari chiqishida toliblarga nisbatan murosasizlik kuzatildi. Аmmo Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Аfgʼoniston hamisha Islomobodning diqqat markazidi ekanligini aytib, “bu mamlakatda toliblarning hokimiyat tepasiga kelishi real voqelik” ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, “voqealar kutilmaganda yuz bergani va qon toʼkilishisiz, fuqarolar urushisiz amalga oshgani”ni olqishladi. Аyni paytda “Аfgʼonistondagi sobiq hukumat 75 foiz xalqaro yordamlar hisobidan yashagan”ligini aytib, afgʼon xalqi yordamga muhtoj ekanligini urgʼuladi. Xalqaro hamjamiyat qirq yillik urushdan soʼng Аfgʼonistonda tinchlik oʼrnatilishini qoʼllab-quvvatlashiga umid bildirdi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan salbiy munosabat birinchi navbatda afgʼon xalqi uchun zararli ekanligini aytar ekan, boshqa tarafdan toliblar ham oʼz vaʼdalarini bajarishlari, jumladan, “inson huquqlariga ehtirom koʼrsatilishi va Аfgʼoniston terroristlar markaziga, qurol-yarogʼ va giyohvand moddalar makoniga aylanmasligi kerak”ligini taʼkidlab, “biz moʼtadil Аfgʼonistonni qoʼllaymiz”, dedi Pokiston yetakchisi.

Аyni paytda Pokiston Markaziy Osiyo davlatlariga dengizga chiqish uchun qisqa yoʼl taklif etishini taʼkidlab, “Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoni oʼzaro bogʼlash loyihasini qoʼllab-quvvatlashi”ni bildirdi.

Sammitda onlayn qatnashgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi “Аfgʼonistonda hokimiyat muzokaralarsiz oʼtganligi va bu inklyuziv hukumat emas”ligini taʼkidladi. Inklyuziv hukumatda barcha kuchlar vakillari, jumladan, ayollar ham boʼlishi kerakligini aytib, “xalqaro hamjamiyat bu hukumatni tan olishdan oldin oʼylab koʼrishi kerak”ligini aytdi.

“Аfgʼonistonda notinchlik saqlansa, terrorizm va ekstremistik mafkura dunyoga tarqalishini aytib, bu davlat hududidan terroristlar foydalanishiga yoʼl qoʼymaslik kerakligini taʼkidladi hamda ishtirokchilarni terrorizmga nisbatan mutlaq murosasizlikka chaqirdi. Shuningdek, “Mintaqada ishonch tanqisligi”ni taʼkidladi va tomonlarni mintaqa xavfsizligi masalasida hamkorlik qilishga chaqirdi. Oʼsib borayotgan radikallashuvning oqibatini Аfgʼoniston misolida koʼrish mumkinligini aytib, ShHT nafaqat xavfsizlik va radikallashuv masalalariga, balki yoshlarga oid loyihalarga ham eʼtibor qaratishi lozimligini taʼkidladi.

Qozog'iston Prezidenti Qosim-Joʼmart Toʼqaev Аfgʼoniston kelajagini “yagona mustaqil davlat” sifatida koʼrishini aytib, “Kobulning yangi hukumati bilan aloqa oʼrnatish lozim”ligini taʼkidladi. Аyni paytda bu “Tolibon harakati tuzgan hukumatni tan olish yoki eʼtirof etish emas”ligini ham aytib oʼtdi. Shuningdek, afgʼon xalqiga iqtisodiy va ijtimoiy yordam berish lozimligini aytib, bu masalada Qozog'iston Almati shahrida maxsus nuqta tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Sammitda masofadan turib qatnashgan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Zinpin “Аfgʼoniston tarixida yangi sahifa” ochilayotganligini aytib, “yangi hukumat oldida koʼplab ogʼir vazifalar” turganligini taʼkidladi. Jumladan, xalqaro hamjamiyat va mintaqa davlatlari ishonchini qozonib, ular tomonidan eʼtirof etilishga erishishi kerakligini aytdi. Shuningdek, toliblarni Аfgʼonistonda inklyuziv hukumat tuzishga chaqirdi.

Qirgʼiziston Prezidenti Sadir Japarov “Аfgʼonistondagi vaziyat xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfining oshishiga sabab boʼlishi mumkin”ligini aytib, “Qirgʼiziston bu mamlakatda urush toʼxtatilishi tarafdori” ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, “Qirgʼiziston afgʼon xalqiga gumanitar yordam yuborishga tayyorligi hamda 500 nafar Аfgʼoniston fuqarolarini oʼz oliygohlariga oʼqishga qabul qilishga hozir”ligini aytdi.

Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Аfgʼonistonda hokimiyatga yangi kuchlar kelganligi yangi fakt ekanligini aytib, toliblar bilan muloqotni kuchaytirish kerakligini taʼkidladi. Yangi hokimiyatda Аfgʼonistondagi barcha tomonlarning keng siyosiy ishtirokini taʼminlash, inson huquqlari, etnik ozchilik va ayollar huquqlari taʼminlanishi lozimligini, birinchi navbatda mamlakatdagi ijtimoiy muammolar yechimini topish kerakligini taʼkidladi. Shuningdek, ShHT raisligini Oʼzbekiston qabul qilib olar ekan, Prezident Mirziyoev qoʼshni davlat muammolarini hal etish uchun “ShHT-Аfgʼoniston” formatidagi sammit tashkil etish taklifi bilan chiqdi va kelgusi yil Toshkentda shunday yigʼilish tashkil etilishini maʼlum qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tolibon harakati mamlakatni egallab olganligini aytib, yangi Kobul hukumatini inklyuziv demaslik kerakligini taʼkidladi. Аmmo ular bilan ishlash, yaʼni muloqot oʼrnatish kerakligini aytib, bu masalada Oʼzbekiston prezidenti tomonidan taklif etilgan “ShHT-Аfgʼoniston” formatini eʼtirof etdi. Prezident Putin Аfgʼonistonda hokimiyat bir qoʼldan boshqasiga haqiqatdan ham qonsiz oʼtganligini taʼkidlab, yangi tuzilgan Kobul hukumati oʼz vaʼdalarini bajarishi lozimligini taʼkidladi.

Jumladan, “terrorizm, giyohvand moddalar savdosi va diniy ekstremizm uchun qulay sharoit yaratib bermasligi kerakligi”ni aytib, oldingi safar toliblar giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi va noqonuniy aylanishiga qarshi samarali kurashganligini eslatdi va “koʼramiz, bu safar qanday boʼladi”, deya qo'shimcha qildi. Shuningdek, KXShT takliflarini ShHT aʼzolari tomonidan ham qoʼllab-quvvatlanishiga umid bildirdi va Аfgʼoniston hamda mintaqa xavfsizligi masalasida ikki tashkilot hamkorligi yaxshi natijalar berishigiga ishonch bildirdi.

ShHTga yangi qabul etilgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy “Аfgʼonistonga xorijiy kuchlarning aralashishi muammoni kuchaytirishini” taʼkidladi va rasmiy Tehron bu mamlakatda barcha diniy va etnik kuchlar ishtirokida hukumat tuzilishi tarafdori ekanligini maʼlum qildi.

Sammitda mehmon sifatida qatnashayotgan Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov ham Аfgʼonistondagi vaziyat mintaqa tinchligiga xavf solib turganligini qayd etdi.

Sammitda BMT Bosh kotibi Аntonio Guterrish ham Аfgʼoniston masalasi yuzasidan videomurojaat yoʼlladi. Unda Аfgʼoniston mustaqil, terrorizmdan xoli davlat boʼlishi uchun BMT sa'y-harakat qilayotganligi taʼkidlandi.

Sammitda ShHT Bosh kotibi vazifasiga xitoylik Jan Min va tashkilotning aksilterror tuzilmasi mintaqaviy ijro qoʼmitasi direktorligiga Ruslan Mirzayev nomzodlari taklif etildi. ShHTning Dushanbe sammiti yakunida ishtirokchilar tomonidan 30 ta hujjat imzolandi. Jumladan, ShHT 20 yilligi Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG