Breaking News

Mirziyoyev saylovdagi g’alabasi haqida dastlab Putinga xabar berdimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz bermoqda, Toshkent, O'zbekiston, 2021-yil, 24-oktabr
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz bermoqda, Toshkent, O'zbekiston, 2021-yil, 24-oktabr

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovidagi ishonchli g’alabasi bilan hali rasmiy natijalar e'lon qilnishidan oldin tabriklashi Markaziy saylov komissiyasiga ham, o’zbek xalqiga ham ko’rsatilgan bepisandlikdan darak o’laroq baholanmoqda.

Putinning tabrigidan bir necha soat otib, Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan saylovda g’alaba qozongani e’lon qilindi.

Bu tabrik Putin va Mirziyoyev o’rtasidagi telefon muloqoti ortidan e’lon qilindi, “saylovdagi ishonchli g’alaba”ga doir ma’lumot prezidentlikka nomzod Mirziyoyevga tegishli bo’lganmi yoki Kremlning boshqa manbalariga, bu noma’lum.

Manba Mirziyoyevning o’zi ekanligi taxmin qilinsa, prezident saylovdagi g’alabasi haqida dastlab O’zbekiston xalqini emas, Rossiya rahbarini xabardor qilishga shoshilgani ko’rinadi.

Putinning Mirziyoyevga atalgan tabriknomasi matbuotda e’lon qilingunga qadar O’zbekiston prezidenti saylovlari natijalariga doir biror rasmiy ma’lumot mavjud emas edi.

“Euronews” kanalida Mirziyoyevning 90 foiz ovoz bilan g’alaba qilganiga doir xabar tarqalgan xabarlar esa darhol MSK tomonidan raddiya uchradi. Putinning tabrigini esa O’zbekiston hukumati ham, Markaziy saylov komissiyasi ham sukut bilan qarshiladi.

Prezidentlik saylovida mustaqil kuzatuv olib borgan jurnalist, huquq himoyachisi Yusuf Ro’zimurod Vladimir Putinning tabrigini nafaqat MSKga, balki o’zbekistonliklarga nisbatan ham hurmatsizlik o’laroq baholaydi.

“Putinning bu tabrigi o’zbek xalqiga, qonunchiligiga nisbatan bepisandlik. Prezident saylovida Mirziyoyev g’alaba qozonganini hamma biladi, ammo hurmat yuzasidan MSK natijalari kutildi. Qolaversa, Putin rasmiy shaxs, mamlakat prezidenti. Men prezidentlar o’rtasidagi suhbatda bu narsa muhokama qilinganini, Mirziyoyev Putinni xabardor qilganini ham tushunaman, lekin saylov natijasi kutilmasdan bunday bayonot qilish hurmatsizlik. Putin O’zbekistonga o’zining bir guberniyasidek qaramoqda, kim g’alaba qozonganini oldindan hal qilyapti. Bu narsa Mirziyoyev bilan kelishilgan holda e’lon qilingan degan taxmindan yiroqman, har qalay Mirziyoyev MSK natijalarini kutaylik deb iltimos qilgan bo’lardi. O’zbekistonliklar kim prezident bo’lganini MSK orqali emas, Rossiya prezidenti orqali bilayotgani vaziyatning o’ta ayanchli ekanligini ham ko’rsatadi”, - deydi Yusuf Ro’zimurod.

O’zbekiston prezidenti saylovlari natijalarini e’lon qilish qonunchilikka ko’ra, Markaziy saylov komissiyasi vakolatidagi masala hisoblanadi. O’zbekistonda saylovning dastlabki taxminiy natijalarini aniqlovchi so’rovnomalar o’tkazish ham taqiqlangan. Vladimir Putinning saylovda Shavkat Mirziyoyev ishonchli g’alabaga erishganiga doir xulosasi kimga, nimaga asoslanganini faqat taxmin qilish mumkin.

Yusuf Ro’zimurodga ko’ra, uning saylov jarayonidagi shaxsiy kuzatishlari bir qator qonun buzilishlari qayd etilganidan, jumladan, ayrim qatlam saylovga majburan olib chiqilganidan darak beradi.

“Men saylovda qonun buzilishlari kuzatilmadi degan fikrlarga qo’shilmayman, joylarda bunday holatlar bo’ldi, hatto rasman ruxsatnomaga ega jurnalistlar faoliyati qarshilikka uchragani haqida ham ma’lumotlar bor. Qolaversa, ayrim qatlam, xususan mehnat muhojirlari saylovga majburan olib chiqilgani haqidagi xabarlar kelmoqda. Biz hozir bu ma’lumotlarni o’rganyapmiz”, deydi Ro’zimurod.

O’zbekiston prezidentligi uchun saylov jarayonlarini mustaqil tarzda kuzatgan Yusuf Ro’zimurodovning o’zi saylovda ovoz bermagan, boykot qilgan.

“Bu mening ongli qarorim, chunki boshidanoq aniq edi, muxolafatga izn berilmagan, raqobat mavjud bo’lmagan saylovlarda qatnashishdan foyda yo’q. Aynan shuning uchun ham ovoz bermadim. Lekin bundan qat’i nazar saylov o’tdi, Mirziyoyev ikkinchi muddat boshqaruvini boshlayapti. Men uning ikkinchi muddatga boshqaruvidan kutayotgan narsam hech bo’lmaganda, prezidentlikning birinchi muddatida berilgan va’dalarini bajarilishi. Mayli besh yil davomida bu amalga oshmadi, ehtimol ikkinchi muddatida imkon topar. Ammo buning uchun u kadrlar siyosatini mutlaqo qayta ko’rib chiqishi, yangi, iqtidorli kadrlar bilan ish boshlashi kerak”, - deydi Ro’zimurod.

24-oktabr kuni o’tgan prezidentlik saylovida parlamentdagi rasmiy partiyalardan surilgan 5 nomzod kurashdi. Amaldagi prezidentni, hukumat siyosatini qo’llab kelgan bu partiyalar nomzodlari o’rtasidagi kurashda iqtidordagi Mirziyoyevning g’alaba qilishi shubhasiz ko’rilayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG