Breaking News

Xalqaro ekspertlar prezidentlik saylovlarini kuzatishga shay


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) missiyasi rahbari O’zbekiston prezidenti, prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan.

Uchrashuvda bo’lajak saylovlarni xalqaro standartlarga muvofiq tarzda o’tkazish yuzasidan fikr almashilgani, shuningdek, Mirziyoyev nomzodini prezidentlikka ko’rsatgan O’zbekiston liberal demokratlari saylov dasturi yuzasidan muhokama borgani xabar qilinadi.

So’nggi xabarlarga ko’ra, YXHT saylovni kuzatish missiyasini yanada faollashtirgan. 21-oktabrdan YXHT Parlament assambleyasining 100 kishilik missiyasi saylovni kuzatishga kirishgan.

22-oktabrdan esa DIIHB rahbari Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyaning O’zbekistonga safari boshlanadi.

DIIHBning uzoq muddatli kuzatuvchilari, xususan, Prezident Mirziyoyev bilan uchrashuvda bo’lgan missiya sentabr oyidan mamlakatda ishlayotgan bo’lsa, qisqa muddatga mo’ljallangan 250 nafar ekspertlar asosan 24-oktabrda bevosita ovoz berish jarayonini kuzatishadi.

Markaziy saylov komissiyasi tarqatayotgan xabarlarga tayanilsa, prezidentlik saylovini kuzatish qaroridagi xalqaro tashkilotlar vakillari ayni paytda O’zbekistonda, ayrimlari o’zi ishni boshlagan, ayrimlari bevosita saylov kuni ishga kirishadi.

Umumiy hisobda mingga yaqin xalqaro kuzatuvchilar ishlashi kutilmoqda. 24-oktabrda o’tadigan prezidentlik sayloviga nomzodlar ham, kuzatuvchilar ham, aholi ham shaydek ko’rinadi.

Prezidentlik uchun kurashayotgan besh nomzod saylovchilar bilan uchrashuvlarni yakunlab bo’lishdi. Shavkat Mirziyoyev so’nggi uchrashuvini o’zi tug’ilgan Jizzax viloyatida o’tkazdi.

Qonunchilikka ko’ra, nomzodlarning tashviqotlari saylovga bir kun qolganda, 22-oktabrdan to’xtaydi. Targ’ibot ishlari taqiqlangan oradagi bir kun saylovchilarga xolis tanlash imkoniyati berilishini nazarda tutadi.

Faollar O’zbekiston prezidentligi uchun kechayotgan bu galgi saylovda ham aholiga tanlash imkoniyati berilmagani, siyosiy raqobatga o’rin qoldirilmaganini ta’kidlab kelishadi.

Saylov kampaiyasida raqobat, siyosiy munozaralar kuzatilmagani YXHT/DIIHB missiyasi tomonidan tayyorlangan oraliq hisobotda ham qayd etildi.

Bundan qat’i nazar YXHT O’zbekiston prezidenti saylovini kuzatish uchun yirik missiya jalb etdi. Bu missiya saylov ortidan o’zining dastlabki xulosalarini e’lon qilishi kutilyapti.

Saylovda YXHTning yirik missiyasi ishlashiga nisbatan turli munozarali qarashlar mavjud. Saylovlardan chetlashtirilgan o’zbek muxolifati saylovni kuzatmaslik talabi bilan tashkilotga murojaat bilan ham chiqqan edi.

Muxoliflarga ko’ra, YXHT missiyasining dastlabki xulosalari qanday bo’lishidan qat’i nazar O’zbekiston prezidenti uchun saylovlar soxta, adolatsiz va raqobatsiz o’tkazilayotganiga doir haqiqatni o’zgartirmaydi.

Mamlakatda siyosiy partiya tuzish harakatida yurgan faollardan biri Aleksey Garshin DIIHB ekspertlari bilan bir necha bor uchrashgan. Hatto tashkilot nomiga saylov adolatsiz tashkil etilganiga doir shikoyat arizasi ham kiritgan.

“Men ular bilan uchrashuvda Prezident Mirziyoyev o’tkazayotgan soxta saylovlar haqidagi barcha haqiqatni aytdim. Bu shunchaki spektakl. Bu nimasi bilan xalqaro miqyosda bu darajada kuzatishga loyiq ko’rilyapti, menga tushunarsiz. Ehtimol ularning o’z manfaatlari bordir. Ammo men ularga aniq aytdim, bu narsani saylov sifatida baholashning o’zi jinoyat ekanligi haqida. Bilishimcha, nafaqat men, balki boshqa faollar ham DIIHB missiyasi ekspertlari bilan uchrashuvda soxta saylovlar haqidagi o’z fikrlarini ochiq aytishgan. Xullas, ko’ramiz ular bu tanlovsiz saylovni qanday baholashadi”, - deydi Garshin.

DIIHB missiyasining saylov borasidagi dastlabki xulosalari saylov o’tishi ortidan bildiriladi. Toshkentda missiya ekspertlari ishtirokidagi matbuot anjumani o’tishi kutilmoqda.

Tashkilotning yakuniy xulosalari esa saylovdan ancha o’tib, hisobot shaklida jamoatchilikka taqdim qilinadi.

O’zbekiston prezidentligi uchun amaldagi Shavkat Mirziyoyev qatorida yana to'rt nomzod kurashmoqda. Barchasi O’zbekiston parlamentidan o’rin egallab turgan siyosiy partiyalarni tamsil etadi. Mustaqil nomzodlar, muxolif partiyalarning saylovda qatnashishiga izn berilmadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG