Breaking News

COVID dorisini dunyoga tarqatish uchun Geyts jamg’armasi 120 million dollar ajratadi


COVID dorisi kambag'al davlatlarga ham tarqatiladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

COVID-19 ga qarshi kapsula shaklidagi dori AQShda foydalanishga topshirilishi uchun sinovlardan o’tmoqda. Shuningdek, uni dunyo bo’ylab tarqatishda xususiy jamg’arma moliyaviy yordam ko’rsatadi.

Koronavirusga qarshi yangi dori – molnupiravir – “Merck” kompaniyasiga ko’ra, koronavirus ko’payishining oldini olishga qodir.

Erta qabul qilinsa, bu tabletkalar kasalxonaga tushish yoki o’lim hollarini ikki baravar kamaytiradi. Qabul qilish ham oson.

“Tabletkani boshqa dorilar kabi dorixonadan olasiz”, - deydi doktor Vilyam Shaffner.

AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi tasdig’idan o’tsa, preparat yil oxirigacha foydalanishga topshirilishi mumkin. Kompaniya boshqa davlatlarda ham shoshilinch ruxsat olishni rejalamoqda.

Ammo bu dori va boshqa davolash usullarini moliyalashtirish hamda kambag’al mamlakatlarga tarqatish oson kechayotgani yo’q.

“Masalaga jiddiy yondashish, global yechimlar bilan chiqish lozim. Hammamiz xavfsiz bo’lmasak, hech kim xavfsiz emas”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti vakili Anna Lindstrand.

AQSh yangi dori bilan davolanishning 1,7 million kursini oldindan sotib oldi.

Uni dunyoning boshqa qismlariga tezroq tarqatish uchun Bill va Melinda Geyts jamg’armasi 120 million dollar ajratmoqda. Boshqa farmatsevtik kompaniyalar ham ishlab chiqarishga jalb etiladi.

Albatta, izlanishlar moliya talab qiladi.

Doktor Kaleb Hernandez koronavirusga qarshi qanday dorilar yaratilayotganini kuzatib boradi. Uning aytishicha, ayni paytda COVIDga qarshi yana uch dori yaratilgan. Ulardan biri molnupiravirga o’xshash. Ammo ularni tasdiqlatish uchun kompaniyalarda pul yo’q.

“Hukumatimiz 500 ming dollarlik izlanishlarni o’zi olib bormaydi. Bu ishni xususiy kompaniyalar bajaradi va kashfiyotini sinov uchun taqdim etadi. Shu bois ko’p innovatsiyalar qilinmaydi”, - deydi Hernandez.

Bir xavotir shuki, odamlar bu doriga ishonib, vaksinadan voz kechishi mumkin. Vaholanki, aynan vaksina organizmni virusga qarshi kurashishga o’rgatadi.

“Vaksina birinchi navbatda kasallikni bartaraf etishi mumkin. Infeksiyaning oldini olishni istaymiz”, - deydi Oq uy rasmiysi Jeffri Zients.

“Qariyb ikki yildan buyon virusga qarshi kurashib, har kuni odamlar o’layotganini ko’ryapmiz. Haligacha virusga ishonmaydigan odamlar oramizda bor. Bizni qandaydir fitnaga sherik, kasallikni to’qib chiqarayapmiz deb o’ylashadi. Reallik shuki, biz har kuni ishga borib, odamlar o’layotganiga guvoh bo’lamiz”, - deydi Hernandez.

Koronavirus hozirgacha dunyo bo’ylab 5 million insonni hayotdan olib ketdi. AQShning o’zida esa bu kasallikdan o’lganlar 745 mingdan oshdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG