Breaking News

O'zbekistonda "Islomiy davlat" guruhi mavjudmi?


“Islomiy davlat” jangarisi ekani hamda O’zbekistonga olib kelingani aytilayotgan “I.O” ismli shaxs
“Islomiy davlat” jangarisi ekani hamda O’zbekistonga olib kelingani aytilayotgan “I.O” ismli shaxs

Markaziy Osiyoda rejalangan qo’poruvchilik harakati ishtirokchisi O’zbekistonga olib kelingan.

Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati bayonot tarqatdi. “Islomiy davlat” jangarisi ekanligi aytilayotgan O’zbekiston fuqarosi qaysi davlatdan ushlab olib kelingani ma’lum qilinmadi.

“Islomiy davlat” guruhi faoli ushlanganiga doir xabarga samolyotdan kishanda olib tushilayotgan fuqaro surati ilova qilingan.

“I.O” sifatida taqdim qilingan shaxs shu yilning sentabr oyida mintaqa davlatlarining birida rejalashtirilgan qo’poruvchilik harakatida qatnashishi kutilgani ta’kidlanadi.

Maxsus xizmatlarning Markaziy Osiyoda xuruj kutilayotganiga doir ogohlantirishlari so’nggi yillarda kuzatilmayotgan bo’lsa-da, noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikka doir amaliyotlar o’tkazilishi deyarli to’xtamagan.

DXX “Islomiy davlat” jangarisi O’zbekistonga olib kelingani haqida bayonot qilishi barobarida, Qashqadaryoda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlari bo’lgan guruh fosh qilingani, 12 nafar fuqarodan iborat bu guruh tarkibida mahalla raisi, shuningdek imom-noib ham borligiga doir xabar tarqatdi.

Ammo, DXX xabari tarqashidan biroz o’tib, O’zbekiston musulmonlar idorasi, Mahalla va oilani qo’llab quvvatlash vazirligi raddiy bilan chiqdi. Guruh tarkibida imom-noib ham, mahalla raisi ham yo’qligi ta’kidlandi.

Ikki nufuzli idora tomonidan berilgan bu raddiyalar ekstremistik guruh fosh qilingani haqida bayonot qilayotgan DXX iddaolarining qanchalik haqiqatga yaqinligiga doir savollarni yuzaga chiqaradi.

DXX hozircha bu raddiyalarga nisbatan biror munosabat bildirmadi. Ammo, jamoatchilikda dindorlarga qarshi kurash yana eski usullarga qaytayotgani, hibsga olinayotgan dindorlarning haqiqatda ekstremist ekanligiga doir shubhalar jiddiy kuchaygan.

Bu munozaralar soyasida DXX tomonidan Markaziy Osiyo davlatlaridan birida qo’poruvchilik harakati rejalanganiga doir bayonot ancha xavotirli ko’rinadi.

Afg’onistondagi vaziyat ortidan jangarilarning Markaziy Osiyoga bostirib kirishi, turli qo’poruvchilik harakatlari amalga oshirishiga doir bayonotlar hozirgacha asosan Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan ta’kidlab kelingan.

Oktabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvada MDHga a’zo davlatlar maxsus xizmatlari rahbarlari bilan uchrashar ekan, Iroq va Suriyadagi janglarda tajriba orttirgan ekstremistlar Afg’onistonda yig’ilayotgani, ular Markaziy Osiyodagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishi haqida bayonot qildi.

Putin tomonidan MDH maxsus xizmatlari ekstremistlarga qarshi o’zaro hamkorlikdagi amaliyotlarni ko’paytirishga chaqirilgan bu uchrashuvda, jumladan, O’zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov ham qatnashgan edi.

O’zbekistondagi diniy, xususan ekstremizm tahdidiga doir vaziyat haqida “Amerika ovozi” gaplashgan ekspertlar mamlakatda ommaviy hibsga olish hollari ko’payayotganini Toshkent Moskva bosimi ostida Karimov davridagi diniy siyosatga qaytishga majburlanayotganida ham ko’rishadi.

“Rossiya diniy ekstremizm tahdidini anchadan buyon bo’rttirib keladi. Shuni Markaziy Osiyodagi hamkorlaridan ham talab qilmoqda. Toliblar g’alabasi mintaqadagi ayrim qatlamlar tomonidan iliq qarshilangani bor gap. Bu Rossiyani jiddiy cho’chitadi. Rossiya nafaqat o’zida, balki Markaziy Osiyodagi diniy uyg’onishdan ham qattiq tashvishda. Shuning uchun mintaqa davlatlarini, jumladan, O’zbekistonni diniy siyosatni keskinlashtirishga, avvalgi Karimov davridagi amaliyotlarga qaytishga chaqirib keladi”, - deydi diniy faollardan biri Mahmud Abdulmo’min.

Ammo, ayrim qarashlarga ko’ra, toliblarning Afg’onistonda hokimiyatga kelishi Markaziy Osiyo, jumladan, O’zbekiston uchun ham terror xuruji ehtimolini nisbatan aritgan.

“Tolibonning Afg’onistonda hokimiyatga kelishi xalqaro miqyosda kun tartibida turgan terrorizm masalasini nisbatan zaiflashtirdi. Markaziy Osiyo davlatlari terrorchi kuch deb topilgan toliblar bilan hamkorlik munosabatlari qurishga o’tmoqda. Iliq aloqalar o’rnatilmoqda, hatto ularni terrorchilar ro’yxatidan chiqarish bo’yicha tashabbuslar ko’tarishmoqda ” , - degan fikrda sharhlovchi Namoz Normo’min.

AQSh Komissiyasi yaqinda O’zbekistondagi diniy vaziyatga doir o’z hisobotini chop etgan. Mamlakat qamoqxonalarida hamon ikki ming atrofidagi diniy mahbuslar saqlanayotgani ta’kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG