Breaking News

Fred Starr: Tolibon hukmron bo'lsa-da, Afg'oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi


Kobuldagi xalqaro aeroport oldida turgan toliblar, 16-avgust, 2021

Tolibon xalq ko’ngliga yo’l topa oladimi? Hokimiyat sifatida ishonch qozona oladimi? Harakat yetakchilari berayotgan va’dalarga qaramay, uning mahalliy liderlari, kallakesar va yovuz qo’mondonlari ularga bosh egadimi? Amerikalik ekspert, Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi mutaxassis Fred Starr shu savollarni o’rtaga tashlamoqda.

Fred Starr, Vashingtonda uzoq yillardan beri faoliyat yuritadigan Markaziy Osiyo va Kavkaz Instutitu asoschisi
Fred Starr, Vashingtonda uzoq yillardan beri faoliyat yuritadigan Markaziy Osiyo va Kavkaz Instutitu asoschisi

Xitoy Tolibonni tan olishga tayyor. O’zbekiston va Turkmaniston ham Tolibon bilan bevosita va muntazam aloqada. Rossiyada Tolibon qonunan terror tashkiloti sanalsa-da, Moskva u bilan azaldan dialogda.

O’zbekiston Kobuldagi elchixonasi va Mozori-Sharifdagi konsulligi odatdagidek ishlayotganini bildirmoqda. Vaholanki, ko’plab davlatlar diplomatik vakolatxonalarni yopmoqda yoki missiyani qisqartirib, vakillarini evakuatsiya qilmoqda.

Respublika Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko'ra, O‘zbekiston "Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini" yuritadi va uning ichki ishlariga aralashmaydi.

"Umid qilamizki, mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda umumiy konsensus asosida tinch yo‘l bilan amalga oshiriladi", - deya bildiradi vazirlik.

"Ishonchimiz komil, vaziyatning bu yo‘nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi".


Hozirda O'zbekistonda 900 nafarga yaqin afg'onlar ushlab turilgani ma'lum. Hukumat buni to'liq tasdiqlamasa-da, Tolibondan qochgan qurolli kuchlar va fuqarolar Termizdagi chegaradan o'tib, respublikaga kirgani haqida ishonchli ma'lumotlar bor.

Kirganlar ichida 15-avgust kuni prezidentlikdan voz kechib, chetga chiqib ketgan Ashraf G'ani, bir kun oldin esa toliblar Mozori-Sharifni egallaganida qochgan yetakchilar - marshall Abdul Rashid Do'stum va general Ato Muhammad Nur - O'zbekistonda bo'lishi mumkin degan taxminlarni Toshkent inkor etmoqda.

"O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini ta’minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha Tolibon vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi", - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bergan izohda.

"Shuni qat’iy ma’lum qilamizki, O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi".

Pokiston Afg’onistonda muhim rol o’ynashda davom etadi, deya taxmin qiladi Starr. Ammo Hindistonning pozitsiyasi hozircha mavhum.

Arab davlatlari, G’arb siyosatdonlari nazarida, Tolibonni tan olishga moyil. Turkiya qay yo’ldan boradi, bu ham hozircha aniq emas, lekin Anqara AQShning chiqishini va Afg’onistonning hozirgi ahvolini qoralagan.

"Markaziy Osiyo (unga Afg'oniston ham kiradi) jahon siyosatida va jumladan, yirik davlatlar uchun nihoyatda muhim mintaqa, har jihatdan. Buni biror taraf inkor eta olmaydi va bu davlatlarning ahamiyatiga ko'z yumish xato bo'ladi", - deydi Starr.

"Afg'oniston asrlar davomida Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo'lgan, ayniqsa, madaniy va iqtisodiy jihatdan. Mintaqa hozir jiddiy blok sifatida oyoqqa turmoqda", - deydi Starr.

Uning fikricha, Markaziy Osiyoni pastga urish, unga ishonchsizlik bilan qarash hech kimga foyda keltirmaydi.

"Yaqingacha mintaqa bir ovozda gapirmas edi. Davlatlar o'z individual siyosatini olg'a surar edi. Hozirda regional pozitsiya borligi oydinlashmoqda. Rahbarlar tez-tez uchrashib turibdi. Hatto Turkmaniston ham hozir Markaziy Osiyoning bir qismimiz va birgamiz, deya bong urib turibdi. Bu salmoqli burilish", - deydi Starr.

Shunday ekan, Tolibon ostidagi Afg'oniston Markaziy Osiyoning bir bo'lagi sifatida qaraladimi?

Starr ta'biricha, shimoldagi qo'shnilar bunday qarashga moyil, ya'ni ular Kobuldagi oldingi hukumat bilan qanday muloqot qilgan bo'lsa, hozirgi rahbarlar bilan ham shunday gaplashaveradi. Chunki, ularga Afg'oniston bilan do'stona aloqalar zarur, iqtisodiy sherik kerak, barqarorlikni saqlash uchun diplomatiya to'xtamasligi lozim.

G'arb bunga qanday yondashadi? AQSh va Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy va Janubiy Osiyo yaqindan bog'lanishi muhim, ular yillardan beri shuni targ'ib qiladi. Tolibon Afg'onistonni bu tashabbusdan uzoqlashtirmasa, ya'ni mamlakatni biznesga ochsa, G'arb yo'q deydimi? Buni vaqt ko'rsatadi, deydi Starr.

Bayden ma'muriyati endi qanday yo'l tutishi kerak? Vashington Kobuldagi yangi rahbarlar bilan aloqa qilishi va ularni tan olishi uchun qanday shartlar qo'yishini belgilab olishi zarur, deydi Starr.

"Men ularga Tolibonni tan oling, demayapman, ammo qay sharoitda tan olishingiz mumkin, shuni bayon etish zarur. Vaqtni boy berish hamisha qimmatga tushadi". - deydi olim.

"Agar o'zimizni olib qochsak, manfaatlarga zarar yetadi. Ta'sir qilish kuchiga ega bo'lish uchun ular bilan gaplashish kerak".

Starr deydiki, u O'zbekiston ekspertlaridan Tolibonning G'arb bilan til topisha olishi qanchalik muhim ekani haqida eshitgan. Ya'ni, deydi u, Afg'onistonda nazoratini o'rnatayotgan tomon Amerikani qanchalik yomon ko'rmasin, u bilan gaplashishni istaydi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Afg'onistonning qo'shnilari, jumladan, Markaziy Osiyo hukumatlari bilan yaqindan ishlayotgani to'g'ri va shunday davom etishi kerak; bunday yaqinlik faqat plyus, deydi ekspert.

Tolibon qurollarni qayerdan olmoqda?

"Amerikadan, chunki mamlakatda o'tgan ikki o'n yillikda eng ko'p qurol-aslaha olib kirgan tomon bu Qo'shma Shtatlar... Tolibon uchun bu ulkan tuhfa", - deya kesatib gapiradi Starr.

AQSh terroristlarga qarshi kurashish uchun keltirgan harbiy vositalar Afg'onistondek korrupsiya chuqur ildiz otgan, noqonuniy savdo doimiy biznes bo'lgan muhitda jangarilar qo'liga yetib borishi qiyin bo'lmagan, deya mulohaza yuritadi ekspert.


Tolibonning iqtisodiy siyosati qanday bo'ladi? Fuqarolarga munosabati-chi? Shu kungacha qilayotgan bayonotlari amalda qanday aks etadi? Xalqaro hamjamiyat bilan qanday rishtalar istaydi? Yirik davlatlar hamda yaqin va olisdagi mamlakatlar bilan? Afg'onistondagi vaziyatning dunyoga ta'siri qanday bo'ladi? Masalan, Amerikaning Eronga nisbatan siyosatini o'zgartiradimi? Xitoyning strategik rejalari qanchalik yangilanadi? Bu jarayonlarni ko'zdan qochirmaslik kerak, deydi Starr. "Oldinga qarash kerak, ortga emas".

Afg'oniston shimolida toliblarga qarshi kuchlar, eski Shimoliy Alyans jonlanib, isyonlar boshlashi mumkin. Ularga boshqalar ham qo'shilib, fuqarolar urushi avj olsa-chi? Starr nazarida, buning ehtimoli hozircha u qadar yuqori emas.

"Afg'onistonni hamisha janubliklar boshqargan. Ular hokimiyatda uzoqroq tura olgan. Azaldan shunday yozilmagan kelishuv bor", - deydi olim.

Shimolda hamisha qarshilik bo'lgan, xususan, o'zbeklar tomonidan. Ammo ekspertga ko'ra, qozg'olonlar ko'p narsani o'zgartira olmaydi.

Afg'onistondan ekstremizm va terrorizm uchqunlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga o'tishi va kuchayishi mumkinmi?

Tolibon o'zini o'zi qanday boshqara olishiga bog'liq, deydi Starr. Ular hozir Afg'onistonning o'zidan ortmaydi. Ammo harakat ichidagi o'ta mutaassib kuchlar qanchalik nazorat qilinadi, gap shunda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 900 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG