Breaking News

O'zbekiston Pikulitskani Istanbulga chiqarib yubordi


O’zbekistonga kirishi taqiqlangan jurnalist Agneshka Pikulitska Davlat xavfsizligi xodimlari kuzatuvida Toshkentdan Istanbulga jo‘natilgan.

7-noyabr kuni Qozog’istondan O’zbekistonga o’tishda to’xtatilgan jurnalist mamlakatga kirishiga taqiq qo’yilgani bois bir kundan oshiq vaqt davomida chegara hududida qolayotgan edi.

Pikulitskaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari uni o’zbek-qozoq chegarasidan Toshkent aeroportiga olib borishgan. Jurnalist aeroportdan Istanbulga uchgan.

“Kuzatuv ostida Toshkent aeroportiga olib borishdi, faqat do’stim olib chiqqan sumkani olishga izn berishdi xolos. Hozir Istanbuldaman, Polshaga samolyot bo’lisihni kutyapman. Nima sababdan O’zbekistonga kirishimga taqiq qo’yilgani menga tushunarsiz, ammo bu borada rasmiy bir javob olishga harakat qilaman”, -deydi Turkiyadan Polshaga uchishga hozirlanayotgan jurnalist.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi shu yil fevral oyida jurnalistni akkreditatsiyadan o’tkazishni rad etgan edi. Shundan so’ng Polsha fuqarosi bo’lgan jurnalist vizasiz rejim tartibiga ko’ra O’zbekistonda yashab kelayotgan edi. Uning O’zbekistonga kirishiga taqiq qo’yilgani Tashqi ishlar vazirligining shu qarori ortidan kuzatilmoqda.

“Al-Jazira” va boshqa bir qator nufuzli nashrlar bilan hamkorlik qilib kelayotgan jurnalist Agneshka Pikulistka O’zbekiston tashqi ishlar vazirligi xodimini jinsiy tegjoqlikda, shuningdek O’zbekiston haqida ijobiy maqolalar yozishga undashda ayblab chiqishi bilan ham jamoatchilikka tanildi.

Jurnalistning bu ayblovlari ortidan O’zbekiston tashqi ishlar vazirligi undan uzr so’ragan va tezlikda unga akkreditatsiya taqdim etgan edi.

Jurnalist va O’zbekiston davlat idoralari o’rtasidagi navbatdagi keskinlik jinsiy ozchilik himoyachisi sifatida tanilgan bloger Miraziz Bozorovning Toshkentda kaltaklanib ketishi ortidan kuzatildi.

Agnieshka Pikulitska jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan blogerni borib ko’rgan va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bu zo’rlik ortidan huquq-tartibot idoralari mamlakatda besoqolbozlikda gumonlanayotgan fuqarolarga nisbatan “ov” boshlashgani haqida yozgan edi.

O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi bu mojaro ortidan jurnalist Pikulitska huquq-tartibot idoralariga tuhmat qilishda, milliy qadriyatlarga nisbatan hurmatsizlikda, OAV haqidagi qonun talablarini buzishda ayblangan kattagina bayonot bilan chiqdi. Bu ayblov ortidan ijtimoiy tarmoqlarda ham jurnalistga nisbatan tahdidlar, haqoratlar avj olgani kuzatildi.

Jurnalistning o’zi ayblovlarni rad etgan, Ichki ishlar vazirligiga sudga murojaat qilishni tavsiya qilgan, aybsizligini mahkamada isbotlashga tayyorligini bildirgan edi.

Pikulitskaning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, uning O’zbekistonda faoliyatini davom ettirishdan asosiy maqsadi bu mamlakatdagi so’nggi o’zgarishlar, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev davridagi O’zbekiston haqida yozayotgan kitobini yakunlash edi.

Pikulitskaning ijtimoiy tarmoqda qoldirgan izohlaridan uning Mirziyoyev davridagi o’zgarishlardan xafsalasi pir bo’layotganini ham ilg’ash mumkin.

“Men O’zbekistonga uch yil avval o’zgarishlarga nisbatan umidlar bilan kelgan edim. Mamlakatdan esa iqtidordagi bu hukumat davrida biror tizimli o’zgarishlar bo’lmasligiga ishonch bilan chiqib ketyapman”, - deb yozadi jurnalist O’zbekistonga kirishi taqiqlanishi ortidan.

O’zbekiston tomoni hozircha Agneshka Pikulitskaning mamlakatga kirishiga qo’yilgan taqiq yuzasidan biror izoh bermadi. Jurnalistning o’zi buning sabablarini tez kunlarda aniqlashtirish umidida.

“Al-Jazira”, “The Guardian”, “The Diplomat”, “Eurasianet” kabi nashrlar bilan hamkorlik qilib kelgan jurnalist Pikulitska O’zbekistonda faoliyat yuritib kelgan kam sonli xorijlik jurnalistlardan biri edi.

Uning akkreditatsiyadan mahrum qilinishining asosiy sababi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining jurnalist faoliyatiga aralashuvini jamoatchilikka oshkor etishi deb ko’riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG