Breaking News

Harris iqtisodiy tengsizlikka qarshi birlashishga chaqirmoqda


AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Parij Tinchlik forumida. 11-noyabr, 2021.
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Parij Tinchlik forumida. 11-noyabr, 2021.

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris 11-noyabr kuni Parij Tinchlik forumida so’zlar ekan, iqtisodiy tengsizlik muammosiga alohida urg’u berdi.

“Bugungi kunda tengsizlik nisbatining keskin o’sib borayotganiga guvoh bo’layapmiz. Bu sinovni munosib qarshilay olishimiz lozim”, - dedi Harris.

Uning ta’kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi iqtisodiy tengsizlikni kuchaytirdi. Shuning bilan birga, jahon hamjamiyatining mazkur muammoga e’tiborini ham jalb etdi.

“Bizning dunyomiz avvalgidan ko’ra o’zaro bog’liq va aloqador. Virus bir necha oy ichida butun dunyoga yoyilishi mumkin. Bir mamlakatda o’tirgan xaker boshqa mamlakat infrastrukturasini butunlay izdan chiqarishga qodir. Har qanday mamlakatdan chiqayotgan zaharli chiqindilar butun dunyoda havoning ifloslanishiga sabab bo’lishi mumkin”, - dedi AQSh rasmiysi.

Harrisning aytishicha, Vashington mamlakatda tengsizlik muammosini hal etishga bel bog’lagan. Jo Bayden ma’muriyati bu kurashni ustuvor vazifa sifatida ko’radi.

“Men Parijga kelishimdan biroz avval Kongress mamlakat infrastrukturasiga misli ko’rilmagan sarmoya kiritish to’g’risidagi muhim qonun hujjatini qabul qildi. Tez orada mamlakat ishchilari va oilalarni qo’llab-quvvatlashga hamda iqlim oldidagi majburiyatlarimizni ado etishga ko’maklashadigan yana bir qonun loyihasi qabul qilinadi. Bu ikki loyiha odamlarni qashshoqlikdan xalos qilishga, munosib sharoitlarda mehnat qilishga hamda mamlakatda saqlanib turgan tengsizlikka barham berishga sabab bo’ladi”, - dedi u.

“O’z mamlakatimizda progressga erishib, dunyoning boshqa mamlakatlari oldidagi burchimizni ham idrok etamiz. Shuning uchun ham, ko’proq jabr ko’rayotgan mamlakatlarning iqlim o’zgarishiga qarshi kurashini moliyalashni ikki barobar oshirdik, dunyo bo’ylab 1 milliard dozadan ziyod vaksina yetkazib berishni rejalaganmiz, rivojlanishni jadallashtirish maqsadida dunyo mamlakatlariga yordam yo’llaymiz”, - dedi Harris.

Vitse-prezidentning izohlashicha, bunday yirik ko'lamdagi muammoni hech bir davlat yakka o’zi hal etishga qodir emas. Harris barcha hukumatlar, tadbirkor liderlar hamda jamoat arboblarini dunyo bo’ylab tengsizlik muammosini hal etish maqsadida birlashishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG