Breaking News

"Sehrli diyor"ning uysiz fuqarolari


Vashington shahrida 2020-yilda boshpanasiz qolgan Maykl Doss

Maykl Doss AQSh poytaxtidagi g’arib chodirini o’z uyim deb biladi. Menga o’xshaganlar juda ko’p, deydi u.

Darhaqiqat, Vashington shahri durdonalari va hashamatli federal binolari qarshisida chodir tortib yashayotgan uysizlar soni sezilarli darajada ko’paygan.

Mamlakatning boshqa hududlari bilan bir qatorda poytaxt Vashington ham iqtisodiy inqiroz va global pandemiya tufayli kuchaygan uysizlik muammosini hal etish borasida bosh qotirmoqda.

Doss mamlakatda boshpanasiz kun kechirayotgan qariyb 600 ming amerikaliklar safiga qo’shildi.

“Ko’chada qolishga majbur bo’ldim. Barmenlik ishimdan, ijara uyimdan ayrildim. Shu tariqa ishlarim ortga ketdi”, - deydi 33 yoshli Doss.

Hiyobon bo’ylab qator tortgan chodirlarni ko’rsatar ekan, so’nggi oylarda ko’plab uysizlar shu yerdan qo’nim topganini aytadi. Uning bildirishicha, uysizlar orasida harbiy veteranlar, immigrantlar va ozchilik qatlami vakillari ko’p.

Ayni damda Vashington shahrida har 1000 kishining 10 nafari uysiz. Bu mamlakatdagi o’rtacha ko’rsatkichdan ikki marta ko’p.

Uysizlarning aksariyati ozchilik qatlamiga mansub qora tanlilar, mamlakatning qadimiy tub aholisi va ispanzabonlardan iborat. Oq tanli amerikaliklar ulushi esa juda oz.

“Uysizlik borasida va boshqa sohalarda tizimli irqchilikdan kelib chiqadigan notenglik yaqqol ko’zga tashlanadi. Afro-amerikaliklar AQSh aholisining 13 foizini tashkil etadi. Uysiz shaxslarning 40 foizi ham afro-amerikaliklar. Boshpanasiz oilalar kesimida qora tanli oilalar 50 foizdan oshadi”, - deydi uy-joy ta’minoti rasmiylaridan Sara Saadian.

Prezident Jo Bayden tashabbusi bilan Kongress mart oyida qabul qilgan “Amerika najot rejasi” qonunida boshpanasiz qolgan yoki shunday muammo bo’sag’asida turgan fuqarolarga milliardlab dollar miqdorida yordam ko’rsatish nazarda tutilgan.

Shahar va shtat ma’muriyatlari bu mablag’larni pandemiya davrida va undan keyingi etaplarda fuqarolarni boshpana bilan ta’minlashga yo’naltirishi mumkin. Najot rejasida uy-joy ijarasiga ko’maklashish uchun 46 milliard dollar ajratilgan.

Nodavlat tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko’ra, AQShda 30 milliondan 40 milliongacha odamlar pandemiya davrida boshpanasiz qolish arafasida edi.

Poytaxt rasmiylariga ko’ra, eski mehmonxona va motellar arzon turar joylarga aylantirilgach, uysizlar muammosiga yechim topiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG