Breaking News

Vaksina bo'yicha amerikaliklar orasidagi bo'linish saqlanib qolmoqda


Vaksina bo'yicha bahslar davom etmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00

Koronavirus pandemiyasi odamlar uchun og’ir kechdi. Emlanganlar va emlanmaganlar o’rtasidagi bo’linish esa ziddiyatlarni yanada kuchaytirmoqda.

O’tgan ikki yil ichida koronavirusga qarshi vaksina ko’plab amerikaliklarni ikkiga bo’luvchi ixtilofli masalaga aylandi.

Vaksina olishdan bosh tortayotgan odamlarni fosh qilish va qoralashga bag’ishlangan maxsus saytlar paydo bo’ldi.

Shuningdek, Entoni Fauchi kabi sog’liqni saqlash ekspertlari va vaksina tarafdorlariga qarshi zo’ravonlik tahdidlari yangragani haqida xabarlar o’rtaga chiqdi.

Siyosiy bo’lmagan fakt shuki, koronavirusdan eng ko’p vaksina olmaganlar aziyat chekmoqda.

Klermont-Makkena kolleji professori Piyerkarlo Valdesologa ko’ra, qarama-qarshi tomonlar bir-birini tushunishga urinmayapti.

“Virus katta siyosiy masalaga aylandi. Qarshi guruh a’zolari azob cheksa, buni sukut bilan kuzatishadi. Eng yomoni – qarshi taraf a’zolarining qiynalishidan hatto rohatlanadiganlar bor”, - deydi professor.

Merilendlik Linda Merser dastlab vaksinaga qarshi bo’lgan. Vaksinaning juda tez ishlab chiqarilganidan xavotirlandim va yaqinlarim ham shunday fikrda edi, deydi u. Ammo 2021-yil o’rtalarida u koronavirusga chalingach, fikri o’zgardi.

Merser bir necha hafta kasalxonada yotdi. Sog’aygach, o’zi ham, oilasi ham vaksina oldi.

“Vaksina olaman, dedim. Agar vaksina menda bo’lganidek darajadagi kasallikdan saqlasa, yana koronavirus yuqtirgandan ko’ra vaksina olganim yaxshi”, - deydi u.

Ekspertlarning aytishicha, kasallikni o’z boshidan o’tkazib, Merser kabi fikrini o’zgartirganlar oz emas.

“Psixologik nuqtai nazardan, har kuni koronavirusdan qancha odam o’layotgani yoki vaksinaning qanchalik samarali ekani haqidagi yangiliklarni o’qigandan ko’ra, hamfikr bir insonning o’z qarashini o’zgartirgani haqida eshitish odamlarga ko’proq ta’sir qiladi”, - deydi Valdesolo.

Brigam Yang universiteti o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, quruq statistikadan ko’ra shaxsiy hikoyalar vaksina olish uchun qaror qilishda ko’proq samara beradi. Eksperimentda vaksinaga qarshi bo’lgan talabalar vaksina himoya qilishi mumkin bo’lgan kasallikdan aziyat chekkan odamlardan intervyu olgan. Suhbat ortidan talabalarning 70 foizi vaksina haqidagi qarashini o’zgartirgan. Ekspertlarning aytishicha, jamoatchilik orasiga olib chiqib qoralashdan ko’ra ta’lim berish va o’rgatish vaksinalar haqidagi fikrlarni o’zgartirishda ko’proq foyda beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG