Breaking News

Tojikiston va Turkmanistonda internet cheklanishi siyosiy masala


Ashgabat ko'chalarida

Turkmaniston va Tojikiston - internet tezligi eng past mamlakatlar orasida. Tahlilchilar deydiki, bu siyosiy tuzum bilan bogʼliq. Soʼz erkinligini cheklash maqsadida internetga cheklovlar qoʼyiladi. Bu cheklovlar taraqqiyot tezligini ham cheklab kelmoqda. Shuningdek, axborot urushida ham bu davlatlar yengiladi, deydi tahlilchilar.

Cable.co.uk sayti texnik jihatdan dunyo davlatlari orasida interent surʼatini solishtirar ekan, Tojikiston 211-oʼrinni, Turkmaniston esa eng oxirgi oʼrinni egallagan. Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʼra, Turkmanistonda 0,50 megabayt-sekund internet tarqatiladi. Bu tezlikdagi internet bilan video materiallarni koʼrish yoki saqlab olish imkonsiz. Аgar Turkmanistonda 5 gegabaytlik videofilmni saqlab olishni istasangiz, buning uchun kamida 22 soatu 34 minut vaqt kerak boʼlar ekan.

Oldinroq yana bir global reytinglarni oʼrganib boruvchi Speedtest Global Index hamda xalqaro Ookla tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan reytingda Tojikiston dunyoning 141 davlati ichida mobil internet tezligi boʼyicha 136-oʼrinni egallagan edi. Turkmaniston esa, 181 davlat ichida 179-oʼrinni egallagan.

Tojikiston Аloqa vazirligiga koʼra, mamlakatda 3 milliondan ortiq internet foydalanuvchi bor, aholining uchdan bir qismi.

Dushanbe ko'chalarida
Dushanbe ko'chalarida


"Amerika Ovozi" Markaziy Osiyoning bu ikki davlatida internet surʼatining pastligi nimaga bogʼliqligini aniqlash maqsadida tegishli idoralarga murojaat qildi, ammo rasmiylaridan bu haqida maʼlumot ololmadi.

Oldinroq Tojikiston aloqa xizmati boshligʼining oʼrinbosari Ilhom Аtoyev mamlakatda internet tezligi yildan-yilga yaxshilanib borayotganligini taʼkidlagan edi.

Mustaqil tahlilchilar nima deydi?

“Baʼzi rasmiylar tomonidan Tojikistonda internet surʼatining pastligini mamlakatning togʼli hudud ekanligi bilan bogʼlashga urinishlar ham kuzatiladi. Аmmo bu hech qanday asosga ega emas", - deydi telekommunikatsiya boʼyicha muhandis Kamoliddin Аzimov.

"Toʼgʼri, Tojikiston hududining 93 foizini togʼlar tashkil etadi. Аmmo qoʼshni Qirgʼizistonda bundan ham ortiqroq. Mamlakat hududining 97 foizini togʼlar egallagan va ularda internet tezligi ham ancha yaxshi, narxi ham arzon. Tojikistonda interent tezligi 10 megabit sekund boʼlsa, qoʼshni Qirgʼizistonda kamida 25 megabit sekund, narxi ham ikki baravar arzon. Tojikistonda internet tezligining pastligi texnik muammo emas”.

Siyosiy sharhlovchi Said Muhammad:

“Internet tezligining pastligi – siyosiy masala. Аtay tezligni cheklashadi. Toʼsiq qoʼyishadi. Masalan, Togʼli Badaxshon muxtor viloyatida 25 noyabrь, mahalliy xalq norozilik namoyishiga chiqishi ortidan internet toʼsib qoʼyilgan, haligacha ishlamaydi. Yoki mamlakatdagi eng faol axborot agentliklaridan biri “Аziya plyus” saytiga necha yillardan beri toʼsiq qoʼyilgan. Mamlakat ichkarisida saytga kirib boʼlmaydi, xorijdan kirish mumkin. Xulosa, bu ishlarning hammasi soʼz erkinligi, fikr erkinligi, erkin axborot almashinuvini cheklash maqsadida amalga oshiriladi”.

Qaysi mamlakatda internet tezligi past boʼlsa, bu jahon media fazosida milliy kontentning kam boʼlishiga sabab boʼladi, yaʼni axborot kurashlarida bu davlat yutqaza boshlaydi, deydi sharhlovchilar.

Tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidov:

“Tojikistonda internet tezligining pastligi media fazoda milliy kontentlarning kamligiga ham sabab boʼlmoqda. Tojikiston nafaqat Rossiya, Xitoy yoki Eron axborotlari taʼsirida qolmoqda, balki aholisi qariyb bir baravar kam boʼlgan qoʼshni Qirgʼizistonga ham axborot kurashlarida yengilmoqda. Ikki davlat orasidagi chegara mojarolari, qurolli toʼqnashuvlar paytida Tojikiston tomonidan internetga bir material chiqarilguniga qadar Qirgʼiziston tomonidan 20 dan ortiq material eʼlon qilinish holatlari kuzatildi. Bugungi kunda dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun ham internet juda muhim. Аmmo nimagadir biz hali ham masalaning mohiyatiga chuqur yetmagan koʼrinamiz”.

Tojikistonda internet tezligi past boʼlishi bilan birga narxi ham nisbatan qimmat ekanligini kuzatish mumkin. Cable.co.uk saytida dunyo davlatlarida internet narxi qiyoslanar ekan, Tojikiston eng kambagʼal mamlakatlardan biri boʼlishiga qaramay, internet narxi qimmat boʼlgan davlatlardan biri ekanligini kuzatish mumkin. Tojikistonda 1 gigabayt mobil internetning oʼrtacha narxi 4,6 dollarni tashkil etadi.

Mutaxassislarning "Amerika Ovozi"ga tushuntirishicha, XXI asrda iqtisodiyotni internetsiz rivojlantirib boʼlmaydi.

Iqtisodchi olim Ravshan Norboʼtayev:

“Bugungi kunda hayotimizni, faoliyatimizni internetsiz tasavvur qila olmaymiz. Internet iqtisod olamida ham katta rol oʼynaydi. Qayerda internet tezligi baland boʼlsa, bu u yerda savdo-iqtisodiy aloqalar yaxshi rivojlanishi uchun ham yordam beradi”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG