Breaking News

Bayden: AQSh demokratiyasi ham zaiflashdi


Prezident Bayden Oq uyda Demokratiya uchun sammitni boshqarmoqda, Vashington, 9-dekabr, 2021
Prezident Bayden Oq uyda Demokratiya uchun sammitni boshqarmoqda, Vashington, 9-dekabr, 2021

AQSh rahbari Jo Bayden Demokratiya uchun sammit o'tkazib, xalqaro hamjamiyatni erkinlik va inson huquqlarini e'zozlashga undar ekan, 100 dan ortiq davlat vakillari hamda xususiy sektor va fuqaro jamiyatidan qatnashayotganlar oldida u o'z davlatidagi muammolarni tan oldi.

Virtual yig'inda Prezident Bayden har bir mamlakatda demokratiya liderlari kuchayishi kerak, jumladan Amerikada ham, deya undadi.

“Biz bu sammitga mezbonlik qilib, demokratiyani ushlab turish, uni mustahkamlash qattiq mehnat talab qilishini e'tirof etmoqchimiz", - dedi Bayden.

2020-yil AQSh tarixiga demokratik chekinish davri sifatida kirdi. Prezident saylovlaridagi mashmashalar, keyinroq Kongressga bosqin, to'polonlar - xalqaro hisobotlarga ko'ra, bu voqealar Amerikadek kuchli tuzumda ham erkinlik bir zumda tahlika ostida qolishi mumkin ekanini ko'rsatgan.

"Amerika demokratiyasi - tinimsiz kurash. Yuksak tamoyillarimizga rioya qilish, jamiyat sifatida hur yashash, tenglik va adolatni ta'minlash, Mustaqillik deklaratsiyamiz kafolatlagan sistemani yuritish hammamizni birdek harakat qilishga majburlaydi", - dedi Bayden.

Saylov huquqlari himoyachilari Nyu-Yorkda namoyishda, 9-dekabr, 2021
Saylov huquqlari himoyachilari Nyu-Yorkda namoyishda, 9-dekabr, 2021

Karnegi fondidan Stiven Feldshteyn deydiki, bugungi hukumat AQShning o'zida ham demokratiya bilan bog'liq muammolar talay ekanini yaxshi tushunadi.

"Dunyo bu borada aql o'rgatishni emas, demokratik g'oyalarni targ'ib qilish uchun birga ishlashni taklif qilishmoqda", - deydi ekspert.

Karnegi fondi sammit paytida chiqargan sharhlarda Lotin Amerikasi, Afrika, Yevropa, Janubiy Osiyo va AQShda demokratiya tushunchasining qadri pasaygani, hukumatlarga ishonch yemirilib, fuqaro bilan aloqa zaiflashgani qayd etiladi. Bu aql markazi tahlilchilariga ko'ra, amerikacha demokratiya hozirga kelib bu davlatning kuchli jihati emas. Uni yangilash uchun AQShga nisbatan hurmatni tiklovchi qadamlar tashlash kerak, ham ichkarida, ham tashqarida.

Prezident Bayden bu maqsadda yangi dastur boshlab, uni amalga oshirish uchun Kongressdan 424,4 million dollar so'ramoqda. Hali bu loyiha tasdiqlanmagan.

Mustaqil mediani quvvatlash, korrupsiyaga qarshi kurash, islohotchilarni rag'batlantirish, nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, texnologiya orqali demokratiyani yoyish, erkin va adolatli saylovlarni targ'ib qilish - Bayden dasturi shularni ko'zlaydi.

"Bayden ma'muriyati Amerika kasaba uyushmalari bilan yaqin va hamnafas ekan, bu yo'nalishda dunyo boy'lab foydali ishlar qila oladi", - deydi Marti Fleks, Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti.

Demokratiya uchun sammit, Oq uy, Vashington, 9-dekabr, 2021
Demokratiya uchun sammit, Oq uy, Vashington, 9-dekabr, 2021

"Avtoritar hukumatlar bugungi muammolarni qattiqqo'llik va yakkahokimlik yo'li bilan yechish mumkin deya o'z ta'sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Repressiya ular nazdida samarali usul", - deydi Bayden.

"Ozodlik uyi" reytinlariga ko'ra, 15 yildirki, dunyo ahli muntazam ravishda erkinlikni boy bermoqda.

"Pandemiya, iqtisodiy va jismoniy xavfsizlik masalalari bilan ovora ekanmiz, demokratiya tarafdorlari ko'p hollarda avtoritar raqiblarga boy berdi. Zolim rahbarlarning qo'li baland kela boshladi", - deya ogohlantiradi tashkilot.

Xitoysiz o'tayotgan sammitga Pokiston ham kelmagan. "Chunki bu uning manfaaatlariga qarshi", - deydi rasmiylar.

Ekspertlar Pokiston va Amerika qator masalalarda ziddiyatda ekan, sammitda ishtirok etmaslikning boshqa sabablari ham ko'pligini eslatadi.

Sammitda Xitoy va Rossiya tilga olinmasa-da, bu ikki davlat avtoritarizm kuchayishida ayblanadi. Pekin va Moskva bu yig'inda qatnashmayotgani biror mutaxassisni ajablantirmaydi.

Xitoy ham kutilmaganda o'z tadbirini o'tkazgan - Demokratiya bo'yicha xalqaro forum. Unda demokratiyaning ildizi va xitoycha erkinlik muhokama qilingan. Xitoyning ham o'z demokratiyasi bor, deya iddao qilingan.

AQSh 2022-yilda Pekinda o'tadigan Qishki Olimpiya o'yinlarini diplomatik boykot qilishga qaror qilgan. Unga Avstraliya, Kanada va Britaniya ham qo'shilgan. Xitoy hukumati bu boykotni siyosiy nayrangbozlik deya baholagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG