Breaking News

O'zbekiston mehnat migrantlariga oid yangi qonun qabul qildi


Moskvada ishlayotgan mehnat migrantlari, 2011-yil, 11-noyabr
Moskvada ishlayotgan mehnat migrantlari, 2011-yil, 11-noyabr

O’zbekiston xorijdagi o'zbekistonlik mehnat muhojirlarining uyushgan holda ishga joylashtirilishini qonunlashtirmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilingan “Tashqi mehnat migratsiyasi to’g’risida”gi qonun muhokamasi so’ngi 9 oyda 3 milliondan oshiq o’zbekistonlik ishlash uchun Rossiyaga borganiga doir ma’lumotlar soyasida kuzatilmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan taqdim qilingan qonun loyihasi mehnat muhojirlari huquqi, ijtimoiy himoyasi, ular soni bo’yicha hisobot yuritishni, faoliyatini monitoring qilishni, xorijdagi faoliyatini tashkillashtirish, uyushgan tarzda ishga joylashtirish va jo’natishni ham nazarda tutadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning ta’kidlashicha, tashqi mehnat migratsiyasiga doir me’yorlar yagona qonun ko’rinishiga keltirilgan, xalqaro normalar milliy qonunchilikka uyg’unlashtirilgan, mehnat migratsiyasini tashkil qilishda davlat, davlat organlari, nodavlat tashkilotlar vakolatlari belgilanmoqda.

Vazirning umid qilishicha, yangi qonunda mehnat muhojirlarini uyushgan tarzda xorijda ishga joylashtirishning huquqiy asoslari belgilanmoqda.

Muhokamada tashqi mehnat migratsiyasiga doir qonun deyarli jiddiy e’tirozlarga uchramagan, fraksiyalar tomonidan qo’llab-quvvatlangan.

Mehnat muhojirlarini soliqqa tortish tashabbusi bilan chiqqan “Milliy tiklanish” fraksiyasi vakili Nodirbek Tilovoldiyev muhokamada O’zbekiston xorijga arzon, malakasiz ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatga aylanib qolmasligi zarurligi, muhojirlarni inson qadrini hurmat qiladigan, yaxshi haq to’laydigan davlatlarga jo‘natish lozimligi haqida gapirgan.

“Tashqi mehnat migratsiyasi to’g’risida”gi qonunni ma'qullagan deputatlar Rossiyadagi 3 milliondan oshiq o’zbekistonliklarga doir bahsli ma’lumotlarga biror munosabat bildirmagan.

Rossiya ichki ishlar vazirligi so’ngi 9 oy ichida 3 million 374 ming o’zbekistonlik Rossiyaga kirib kelgani, ularning 90 foizdan oshig’i mehnat muhojirlari ekanini ma’lum qildi.

Bungacha Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari soni pandemiya cheklovlari bois keskin qisqargani ta’kidlab kelinayotgan edi.

Rossiya tomoni ma’lumotiga tayanilsa, ayni paytda Rossiyada bo’lib turgan o’zbekistonliklar soni pandemiyagacha qayd qilingan ko’rsatkichdan ham oshgan. Ikki yillar muqaddam Rossiyadagi o’zbekistonliklar soni 2 million atrofida baholanayotgan edi.

“Tashqi mehnat migratsiyasi to’g’risida”gi qonun qabul qilinishi ortidan mehnat muhojirligi oqimi bir qadar o’zgarishi, xorijdan ish izlash, ishga joylashish markazlashishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mehnat migratsiyasini rag’batlantirishga doir imzolangan qarorlar ortidan muhojirlar oqimini tashkillashtirish choralari ko’rila boshlangan edi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasida alohida departament ochilgan, mehnat muhojirlari bilan shug’ullanuvchi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tashkil qilinib, unga muhojirlarning mehnat faoliyatiga, ish topishiga ko’maklashish vazifalari yuklatilgan edi.

Prezident Mirziyoyevning tashqi mehnat migratsiyasini rag’batlantirishga doir siyosati muxoliflar tomonidan jiddiy e’tirozlarga uchragan; iqtidordagi hukumat mamlakatning o’zida raqobatli ish o’rinlari yaratish javobgarligidan xalos bo’lishga urinayotgani, O’zbekiston esa arzon ichchi kuchi eksportiga tayangan davlatga aylanayotgani tanqidga tutilgan edi.

Statistika mehnat muhojirlarining O’zbekiston iqtisodiyotidagi ulushi tobora o’sib borayotganini ko’rsatmoqda.

O’tgan 11 oy ichida xorijdan O’zbekistonga yuborilgan mablag’ miqdori 7 milliard 300 million dollarga yetgan. Bu ko’rsatkich mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10 foizidan oshig’ini tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG