Breaking News

Yuzlab muhojirlar Rossiya-Qozog'iston chegarasida turib qoldi


Rossiya-Qozog'iston chegarasida qolib ketgan o'zbekistonliklarning mashinalari
Rossiya-Qozog'iston chegarasida qolib ketgan o'zbekistonliklarning mashinalari

Yuzlab o'rta osiyolik muhojirlar bir necha kun Rossiya-Qozog'iston chegarasida 18-maygacha turib qolgan. O’zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridagi uylariga qaytayotgan mehnat migrantlari Qozog’iston chegarani ochmagani bois o'tish punktlarida to’xtab qolgan.

May oyining boshlarida muhojirlarning aksariyati Qozog'iston chegarasiga yetib kelgan. Ular 11-may kuni Nur Sulton ikki oy oldin joriy etgan favqulodda holat tugashi bilan Qozog'iston o'z chegaralarini ochadi, deb umid qilgan. Ammo Qozog’iston shu kuni o’z chegaralarini ochmagan. 18-mayga kelibgina chegarada to'planganlarni maxsus avtobuslarda Qozog'iston orqali O'zbekistonga olib ketishga ruxsat berilgan. Ammo mashinalarning o'tishiga hanuz ruxsat yo'q.

Qozog'iston Rossiyadan kelayotgan o'zbek, qirg'iz va tojik muhojirlari uchun asosiy tranzit yo'li hisoblanadi.

“Ozodlik” radiosiga yuborilgan videolavhalarda Mashtakovoda ko'plab odamlar, ayollar va bolalar O'zbekiston hukumatidan ularni uyiga qaytarishda yordam so'rab murojaat qilayotgani aks etgan.

"Biz oxirgi pulimizni bu yerda oziq-ovqat va suv sotib olish uchun sarflayapmiz, bizda hech narsa qolmadi, - deydi bir ayol. - Rossiya muhojirlarning ketishiga ruxsat berdi, ammo Qozog'iston yopiq."

Shunga o'xshash vaziyat boshqa Rossiya-Qozog'iston chegara o'tish punktlarida ham kuzatilmoqda. Samara va Orenburg viloyatlarida yuzlab odam chegaraning Rossiya tomonida qolib ketgan. Ayrim qirg'izistonlik muhojirlarning aytishicha, ular chegaragacha piyoda kelgan.

Ba'zi hududlarda Rossiya mahalliy hukumatlari muhojirlarga chodirlarni taqdim etgan, boshqalar esa transport vositalarida uxlamoqda.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 14-may kuni vaziyatni o’nglash ustida ish olib borayotganini aytdi. O'zbekistonlik diplomatlar ayni paytda Rossiya va Qozog'iston rasmiylari bilan muzokara olib borilayotganini ta'kidlagan.

13-may kuni Rossiyaning TASS axborot agentligi xabar berishicha, o'zbekistonlik diplomatlar fuqarolarning Qozog'iston orqali uyga qaytish rejalaridan xabardor bo’lgan va ularni bunday qilmaslik haqida ogohlantirgan; ammo muhojirlar rasmiylarga quloq solmagan.

Tashqi ishlar vazirligi 14-maydan 24-maygacha o'zbekistonliklarni vataniga qaytarish uchun Toshkent va Rossiyaning Sankt-Peterburg, Rostov-Don, Qozon, Novosibirsk va Moskva shaharlari o'rtasida yettita reys tashkil qilingani haqida xabar berdi.

Moskvadagi Qirg'iziston elchisi Alikbek Jekshenqulovning aytishicha, Qirg'iziston yaqin orada Rossiya samolyoti bilan 400 ga yaqin qirg'izistonlikni vatanga qaytarishni umid qilmoqda.

Uyga qaytishga umid qilayotgan ko'p sonli odamlar orasida samolyotga birinchi navbatda jiddiy kasalliklarga chalinganlar, homilador va yosh bolali ayollar hamda keksalar olinayotgani xabar qilindi.

Mart oyidan beri Qirg‘iziston hukumati 9000 dan ortiq qirg‘izistonliklarga chet eldan qaytishda yordam berdi, deb xabar qiladi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi. May oyida yana mingga yaqin fuqaro qaytib kelishi kutilmoqda.

Qaytib kelganlarning ba'zilari koronavirus bilan kasallangani aniqlangan. 7-may kuni Rossiyadan uyga qaytgan 541 qirg'izistonlik orasida kamida 56 kishi ushbu virusni yuqtirganligini aniqlagan.

Rossiya 90-yillardan beri ishsizlik eng katta muammoga aylangan Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekistonning millionlab mehnat muhojirlari uchun ish beruvchi mezbon davlat hisoblanadi.

Dunyoda koronavirus infeksiyalari soni bo'yicha ikkinchi o'ringa chiqib olgan Rossiya o'rta osiyolik ishchilarni ortiq ish bilan ta’minlab bera olmayapti.

O'zbekistonning Andijon shahridan bo'lgan Muyassar Rahimova fevral oyida O’zbekistonda ishsiz qolgandan keyin Rossiyaga kelgan.

31 yoshli Muyassar Moskvada ish topib, katta opasi va jiyani bilan kvartirani ijaraga oladi.

"Ammo tez orada karantin boshlandi va men yana ishsiz qoldim", - deydi u.

May oyining boshida Muyassar, opasi va jiyani COVID-19 yuqtirishi ortidan ahvollari yanada og’irlashdi.

Muyassarning Andijonda qolgan uch farzandi hayoti Moskvadan yuboriladigan pullarga bog’liq. Bolalar Rahimovaning kreditga sotib olgan kvartirasida qarindoshlari bilan yashaydi.

Hamma ham uyga qaytmayapti

So'nggi bir necha hafta ichida Qirg'iziston, O'zbekiston va Tojikiston minglab fuqarolariga Rossiyadan maxsus reyslar orqali yoki Qozog'istondan quruqlik orqali uylariga qaytishda yordam bermoqda.

Ammo hamma ham uyga qaytishga shoshilmayapti.

"Men Rossiyaga fevral oyida kelganman va o'sha paytdan beri Perm shahri tashqarisida ijaraga olingan bir xonada bir nechta do'stlarim bilan yashayapmiz", - deydi tojikistonlik muhojir Baxtovar.

Baxtovarning qo'shimcha qilishicha, ijara haqini to’lashga yetadigan darajada mayda ishlar chiqib turibdi va ular yashash uchun eng zarur oziq-ovqat sotib olish bilangina cheklanishmoqda. Baxtovar qiyinchiliklarga qaramay, Tojikistonga qaytishni istamaydi.

"Men Rossiyaga chegaralar yopilishidan oldin keldim, - deydi u. - Rossiyada, hech bo'lmaganda, ish joylari qayta ochilganda uyga jo'natish uchun pul topaman degan umiddaman".

"Koronavirus tarqalguniga qadar Tojikistonda ish yo'q edi. Agar uyga qaytib borsam, oilam och qoladi", - deya qo’shimcha qiladi u.

Rossiyaga qaytishni istayotganlar

Yuzlab o'rta osiyoliklar Rossiyani tark etishga harakat qilar ekan, yana minglab odamlar Rossiya tomon yo’lga chiqish orzusida.

Tojikistonning Xatlon viloyatida yashovchi Shorahmat Alimovning aytishicha, chegaralar qachon ochilishi va ko'plab o'rta osiyolik muhojirlar orasida taniqli bo'lgan Surgut shahriga qaytish imkoniyati qachon bo’lishi haqida ma’lumot topish uchun u tez-tez yangiliklarni kuzatib turibdi.

"Koronavirus hozir hamma joyda. Tojikistonda men ham virusga, ham ochlikka duch kelaman. Imkoniyat bo’lishi bilan, Rossiyada ish qidirishni istayman", - deydi u.

Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o'z chegaralarini qachon ochishi haqida hali ma’lumot bermadi.

Rossiyada koronavirus yuqtirganlar soni kundan kunga oshib bormoqda. So'nggi haftalarda kuniga o'rtacha 10 mingdan oshiq odam virusga chalinyapti.

Rossiya hukumatining to'rt nafar vaziri va yana ko’plab yuqori lavozimli rasmiylar koronavirus bilan kasallangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG