Breaking News

Islom hamkorlik tashkiloti Afg'onistonga yordam berishga chaqirdi


19-dekabr kuni Pokiston poytaxti Islomobodda Afg'onistonga yordam berish masalasida Islom hamkorlik tashkiloti anjumani o'tkazildi.

57 davlat aʼzo Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) hamda AQSh, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi vakillari yakshanba kuni Pokistonda yigʻilib, Afgʻonistonda bo’y ko’rsatayotgan gumanitar falokatning oldini olish yoʻllarini muhokama qildi.

Pokiston rasmiylarining taʼkidlashicha, bir kunlik yigʻilishda ishtirokchilar “Afgʻonistondagi tez yomonlashayotgan gumanitar vaziyat va potentsial iqtisodiy tanazzulni toʻxtatishni va uni bartaraf etish yoʻllarini oʻrganishni maqsad qilgan”.

IHT yig’ini AQSh boshchiligidagi xorijiy qoʻshinlar 20 yildan soʻng mamlakatni tark etishi ortidan Tolibon hokimiyatni qaytarib olganidan beri Afgʻoniston boʻyicha o’tkazilayotgan eng katta xalqaro anjumandir. Xalqaro donor institutlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari ham yig’inda ishtirok etdi.

Shanba kuni Islomobodga yetib kelgan Tolibon hukumatining tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy xorijiy davlatlardan yordam umid qilmoqda.

Tolibon hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy Islom hamkorlik tashkiloti anjumanida, Islomobod, Pokiston, 2021-yil, 19-dekabr.
Tolibon hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy Islom hamkorlik tashkiloti anjumanida, Islomobod, Pokiston, 2021-yil, 19-dekabr.

"Bizning umidimiz shuki, konferensiya Afg'onistonga gumanitar va iqtisodiy yordamni muvofiqlashtirish mexanizmini ishlab chiqadi, - dedi Muttaqiy Pokiston poytaxtida jurnalistlarga. - Biz bu yig’in xalqaro hamjamiyatning Afgʻoniston bilan normal munosabatlarini tiklashga yordam beradi deb umid qilamiz”.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyning aytishicha, IHT yig‘ilishi Tolibon hukumatini rasman tan olish emas, balki “Afg‘onistondan voz kechish” “tarixiy xato” bo‘lishi haqida, chunki bu holat gumanitar inqirozni yanada kuchaytiradi va qochqinlarning yangi oqimiga sabab bo‘ladi.

“Biz alohida guruh haqida gapirmayapmiz. Gap Afg‘oniston xalqi haqida ketyapti. Bu haqda nimadir qilish kerak”, - dedi Qurayshiy sammit arafasida.

Shanba kuni Islomobodga kelgan AQSh maxsus vakili Tomas Uest ham anjumanni “o‘z vaqtida o’tayotgan va muhim tashabbus” deb ta’rifladi.

Sanksiyalar, qashshoqlik va muzlatilgan aktivlar

15-avgust kuni Tolibon Kobulni egallab olishi ortidan Afg‘oniston markaziy bankining 9,5 milliard dollarga yaqin xorijdagi aktivlari muzlatib qo’yildi. Bu mablag’ning aksariyati AQSh Federal rezerv tizimida ekani aytiladi. Bundan tashqari, urushdan vayron bo'lgan mamlakatning yangi hukumatiga qarshi xalqaro moliyaviy sanksiyalar joriy etildi. Natijada donorlar yordamiga qaram bo’lgan Afg’oniston iqtisodiy va ijtimoiy tanazzul yoqasiga yaqinlashdi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22,8 million kishi urush, qattiq qurg‘oqchilik va qashshoqlikning yuqori darajasi tufayli o‘tkir oziq-ovqat tanqisligini boshdan kechirmoqda.

Sanksiyalar va Kobuldagi Tolibon hukumatining rasmiy diplomatik tan olinmagani bank tizimini izdan chiqardi va afg'onlarga shoshilinch insonparvarlik yordami yetkazilishiga to’siq qo’ydi.

AQSh va boshqa davlatlar terrorizm tahdidinig oshishi, inson huquqlari, ayniqsa, ayollar huquqlarining qayta poymol qilinayotgani yuzasidan xavotir bildirmoqda. Bu xavotirlar, asosan, 1996-yildan 2001-yilgacha bo‘lgan oldingi Tolibon rejimidan qolgan xotiralarga asoslanadi. O‘shanda qizlarning ta’lim olishi va ayollarning yaqin erkak qarindoshi hamrohligisiz uydan chiqishi taqiqlangan edi.

“Biz Tolibon bilan inson huquqlari, terrorizm va taʼlim olish imkoniyati va boshqa koʻplab masalalar boʻyicha aniq maqsadli diplomatiyani davom ettirar ekanmiz, afgʻon xalqi bizning eʼtiborimiz markazida boʻlib qoladi”, - deb yozdi elchi Uest shanba kungi tvitida.

Tolibon yetakchilari bir necha bor o‘zlarining yangi ma’muriyati avvalgi hukmronligining qattiq siyosatini qaytarmasligi haqida va’da bergan. Ammo butun mamlakat bo'ylab aksariyat afg'on qizlariga hali ham maktabga qaytishiga ruxsat berilmagan va ko’plab ayol davlat xizmatchilari ham o’z ishiga qayta olgani yo’q.

Islomiy guruh o'zining yangi rejimi ayollarga Islom qonunlari yoki shariatga muvofiq o'z huquqlarini to’la berishini ta'kidlamoqda. Tolibon hukumatining tuzilganiga to'rt oy bo'lishiga qaramay, vazirlar mahkamasiga birorta ham ayol kiritilmagan.

Muttaqiy shanba kuni diplomatik tan olinish hukumatining "qonuniy huquqi" ekanligini ta'kidladi. U afg‘on urushining tugashi xavfsizlikni yaxshilaganini va Tolibon hokimiyatni qayta qo‘lga kiritgandan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab mojarolar bilan bog‘liq qurbonlar soni “nolga tushganini” da’vo qildi.

Xalqaro yordam tashkilotlari Tolibon hukmronligi davrida mamlakat bo'ylab urush olib borilayotgan vaqtga nisbatan ish sharoitlari va ularning operatsiyalari xavfsizligi sezilarli darajada yaxshilanganini tan oldi.

Qurayshiyning aytishicha, yakshanba kungi konferensiya dunyo uchun oʻz tashvishlarini Tolibon bilan boʻlishish va islom mamlakatlari uchun esa Islom qizlarning maktablarga borishiga, ayollarning boshqaruvda va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ruxsat berishini aytish uchun yaxshi imkoniyat boʻladi.

Pokiston vaziri, shuningdek, Tolibonga bosim o‘tkazishda ehtiyot bo’lishga chaqirib, o‘tmishdagi bunday siyosat kutilgan natijani bermaganini aytdi.

“Biz mavjud yechimlarga real munosabatda bo'lishimiz kerak. Keling, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun ishontirish, rag‘batlantirish usullaridan foydalanaylik”, - dedi Qurayshiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG