Breaking News

Afg’onistonda 40 foiz ommaviy axborot vositalari yopilgan


Tolibon kaltaklagan jurnalistlar. Kobul, 8-sentabr, 2021.
Tolibon kaltaklagan jurnalistlar. Kobul, 8-sentabr, 2021.

Joriy yilning avgust oyida Tolibon Afg’oniston hokimiyatini egallaganidan beri mamlakat ommaviy axborot vositalarining 40 foizi yopilib ketgan. Jurnalist ayollarning 80 foizdan ziyodi ishsiz qolgan.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti Afg’oniston mustaqil jurnalistlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o’tkazgan so’rov natijalarini 21-dekabr kuni e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, jurnalistlar faoliyati va hayoti poytaxt Kobulda ham, mamlakatning boshqa hududlarida ham keskin tahdid va bosimlar bilan yuzlashmoqda.

“Joriy yilning yoz mavsumi boshida ishlab turgan 543 ta ommaviy axborot vositalaridan noyabr oyi yakuniga kelib, 312 ta qolgan”, deyiladi so’rov hisobotida.

Afg'oniston shimolida matbuot bo'g'ilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

Tolibon Kobulni egallagan 15-avgust sanasidan buyon 6400 nafardan ziyod jurnalistlar va OAV xodimlari ishsiz qolgan.

So’rov natijalariga ko’ra, ayol jurnalistlarning 84 foizi ishini yo’qotgan. Erkak jurnalistlarning 52 foizi faoliyatini to’xtatgan.

Ayni damda Afg’onistonning 34 viloyatidan 15 tasida birorta ham jurnalist ayol ishlamaydi. Mamlakat shimolida joylashgan Juzjon viloyatidagi 19 ta ommaviy axborot vositalarida jami 112 nafar ayol ishlar edi. Bugungi kunda saqlanib qolgan 12 ta OAV ning birortasida ham ayollar yo’q.

Ayrim hududlarda Tolibon ayol jurnalistlarni ishga olishni taqiqlab qo’ygan.

Afg'onistonning ayol jurnalistlari, 2012-yil.
Afg'onistonning ayol jurnalistlari, 2012-yil.

To’rt oy avval Afg’onistonning aksariyat viloyatlarida kamida 10 ta xususiy OAV faoliyat yuritar edi. Ayni damda ayrim viloyatlarda umuman mahalliy OAV yo’q.

So’rovda keltirilgan ma’lumotga ko’ra, Afg’onistonda eng ko’p OAV faoliyat yuritgan Kobul shahrida ham 51 foiz qisqarish qayd etilgan. 15-avgustga qadar ishlab turgan 148 ta medianing 72 tasi saqlanib qolgan.

Poytaxtda faoliyat yuritgan 1100 nafar ayol jurnalist va OAV xizmatchilarining 73 foizi ishsiz qolgan. Ayni damda 320 nafar ayol professional faoliyatini davom ettirmoqda.

Shuningdek, avgust oyidan beri Tolibon zulmidan qochib, yuzlab jurnalistlar Afg’onistonni tark etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG