Breaking News

Qonunchilar Baydenni Afg’oniston Markaziy banki pullarini qaytarishga chaqirmoqda


Ko'chada qolgan afg'onistonlik oilalarning farzandlari. Hirot, 29-noyabr, 2021.

Aksariyati demokratlardan iborat bo’lgan 46 nafar qonunchi Prezident Jo Baydenga maktub yo’llab, Afg’onistondagi gumanitar inqirozning oldini olishga chaqirdi. Har bir o’zgarish “oqilona, biroq tez” joriy etilishini so’radi.

Ma’lumki, Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni egallagach, Vashington sobiq hukumat Markaziy bankining 9,4 milliard dollarga teng kapitalini muzlatib qo’ygan. Qonunchilar AQSh prezidentidan o’rnatilgan cheklovlarni bekor qilib, sanksiyalarni yumshatishni so’ramoqda.

“Biz, shuningdek, ayni damda Tolibonning hukumat vazifasini bajarayotgan rasmiylariga qo’yilgan sanksiyalar moliyaviy institutlar faoliyatiga hamda Afg’onistonga ko’mak berayotgan tashkilotlar missiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatayotganidan chuqur xavotirdamiz”, deyiladi maktubda.

Vaziyatga oydinlik kiritar ekan, Oq uy Afg’onistonga gumanitar yordam berish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga urinayotganini ta’kidladi.

40 yildan ziyod urush ichida bo’lgan Afg’oniston iqtisodi tashqi yordamga qaram bo’lib kelgan. Bu yordam oqimining avvaliga to’xtab qolgani, keyin esa oz hajmda kirib kelayotgani mamlakatda gumanitar inqirozni kuchaytirmoqda.

Ayni damda Afg’onistonda qashshoqlik darajasi kuchaygan. Uzoq yillik qurg’oqchilik qishloq xo’jaligini ham izdan chiqargan. BMT hisob-kitoblariga ko’ra, qariyb 40 millionlik Afg’oniston aholisining teng yarmi ocharchilik muammosi bilan yashamoqda. Mamlakatda 1 million bolalar ochlik qurboniga aylanishi mumkin.

“Afg’onistonga qarashli 9,4 milliard dollarga teng valyuta zaxirasining AQSh tomonidan muzlatilishi inflyatsiya darajasining yanada kuchayishiga, tijoriy banklar faoliyatining to’xtashiga hamda muhim xususiy bisneslarning yopilishiga … iqtisodiy va gumanitar inqirozning yanada chuqurlashishiga sabab bo’lmoqda”, deyiladi AQSh qonunchilari prezidentga yo’llagan maktubda.

Maktub mualliflarining izohlashicha, iqtisodiy sanksiyalar Tolibon liderlarining zaiflashuviga olib kelmaydi. Aksincha, bir necha o’n yilliklar mobaynida urush va qashshoqlikdan jabr ko’rgan begunoh fuqarolarning o’limiga sabab bo’lishi mumkin.

“Biz, gumanitar ko’mak beruvchi guruhlar kabi, joriy siyosat kelgusi yillarda 20 yillik urushda berilgan qurbonlar sonidan ham ko’p o’limlarga sabab bo’lishidan xavotirdamiz”, deyiladi maktubda.

Chodirlarda yashayotgan afg'on bolalar. Hirot, 26-noyabr, 2021.
Chodirlarda yashayotgan afg'on bolalar. Hirot, 26-noyabr, 2021.

Qonunchilarga iqtisodiy va gumanitar inqiroz mintaqada afg’onistonlik qochqinlar ko’payishiga sabab bo’lishiga urg’u bergan.

“The Washington Post” nashrining yozishicha, respublikachi qonunchilar Tolibonga Afg’oniston pullarini qaytarishga tish-tirnog’i bilan qarshi.

Biroq Tolibon hukumatini na AQSh, na dunyoning boshqa mamlakatlari rasman tan olgan.

Bayden ma’muriyati Tolibondan terrorchi guruhlar, xususan, “Al-Qoida” bilan aloqalarini uzishni, sobiq hukumatga aloqador shaxslarga zulm qo’llashni to’xtatishni, mamlakatda inson huquqlarining ta’minlanishini, ayollarning jamiyat hayotida erkin ishtirok etishiga imkon yaratishni hamda qizlarning ta’lim olishiga ruxsat berishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG