Breaking News

Pandemiya va mo’yqalam: O’shda o’zbek va qirg’iz musavvirlari ko’rgazmasi


O'shda o'zbek va qirg'iz rassomlari ko'rgazmasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:14 0:00

Qirg’izistonning Oʻsh shahrida, Turgʻunboy Sodiqov nomidagi viloyat tasviriy sanʼat muzeyida qirgʻiz va oʻzbek rassomlarining koʻrgazmasi ochildi.

Koʻrgazmada o’z asarlari bilan ishtirok etayotgan rassom, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi Murod Umarning aytishicha, bu kabi uchrashuvlar va Markaziy Osiyo rassomlari oʻrtasida aloqalarning mustahkamlanishi zamonaviy rassomchilik uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

"Arafa", Murod Umar asari
"Arafa", Murod Umar asari

Mazkur koʻrgazma tasviriy sanʼat muzeyida oxirgi ikki oy ichida oʻtayotgan uchinchi tadbirdir. Avvalroq Qirgʻiziston va oʻzbekistonlik rassomlar uchun besh kunlik oʻquv seminari uyushtirilgan edi.

“Soros Qirgʻiziston” fondining moddiy koʻmagi bilan oʻtgan ushbu tadbirlar asnosida yangi asarlar yaratish uchun rassomlarga moddiy-maʼnaviy yordam koʻrsatilgan. Uning natijasida dunyoga kelgan asarlar koʻrgazmada namoyish etilmoqda.

Pandemiya davridagi karantin choralari viloyat muzeyining faoliyatiga ham taʼsir qilmay qolmadi. Shu sababdan turli koʻrgazmalar, seminarlar orqali tasviriy sanʼat muzeyini ommaviylashtirishni koʻzlamoqdamiz, deydi muzey rahbariyati.

Muzey xodimi Irisboy Toʻlonovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Turgʻunboy Sodiqov nomidagi muzey 2014-yili ochilganiga qaramay koʻpchilik bu yer haqida yaxshi bilmaydi.

Muzeyning asosiy mijozlari xorijiy sayyohlar hisoblanadi, ammo pandemiya sabab ularning tashrifi ham kamayib ketgan.

"2010, 7 aprel", Nyurguyana Innokentyeva asari
"2010, 7 aprel", Nyurguyana Innokentyeva asari

“Tadbirlarning asosiy maqsadlaridan biri bu tasviriy sanʼat muzeyining faoliyatini rivojlantirish, muzeyni faqatgina Qirgʻizistonda emas, qoʻshni davlatlarda ham tanitish”, - deydi muzey xodimi.

Avvalroq Oʻsh va Bishkek shaharlarida “Art bozor” deb nomlangan tasviriy sanʼat asarlarining koʻrgazmasi ham uyushtirilgan edi. Unda “Art bozor” toʻplamidagi asarlar va tajribalar ilk bor jamoatchilikka taqdim etildi.

“Art Bozor” — Markaziy Osiyoda ijod qiluvchi musavvirlarning zamonaviy sanʼat asarlarini sotish va sotib olish uchun tuzilgan onlayn platforma.

Mazkur platforma karantin davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali Markaziy Osiyo rassomlarining asarlarini butun dunyodagi kolleksionerlarga sotishni yoʻlga qoʻyib, tasviriy sanʼat ustalariga yordam koʻrsatish maqsadida tashkil qilingan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan moʻyqalam sohiblarining aytishicha, xalqaro tashkilotlar yordamida bir qancha tadbirlar uyushtirilayotganiga qaramay Qirgʻizistonda tasviriy sanʼat sohasidagi muammolarga davlat tomonidan eʼtibor qaratilmayapti.

Rasul Ismanov asari
Rasul Ismanov asari

“Masalan, koʻrgazmalarning ochilishiga taklif qilingan Madaniyat vazirligi xodimlari hatto rassomning ishiga yaqinlashib, uni koʻrishmaydi ham. Buning oʻzi vaziyatni koʻrsatib turibdi. Agar ular sanʼatga qiziqqanda edi, koʻrgazmalarga kelib asarlarni tomosha qilgan, rassomlar bilan yaqindan suhbat qurgan boʻlardi. Lekin men bu muammo faqat bizning Qirgʻizistondagina bor deb oʻylamayman. Mening nazarimda barcha yerda madaniyat sohasi tushib ketyapti”, - deydi rassom Nyurguyana Innokentyeva.

“Bu orada koʻrgazmalarning eski uslubda va zerikarli ekanini ham aytib oʻtish kerak. Soʻnggi vaqtlarda sanʼatsevar homiylar, xalqaro tashkilotlar koʻmagida tashkil qilinayotgan ayrim koʻrgazmalar bundan mustasno”, - deb qoʻshimcha qiladi musavvir.

Oʻshlik teatr rassomi Azizullo Axmetov fikricha, sanʼatkor uchun eng muhimi bu ijodiy muhit. Davlatning yordami esa bu muhitni shakllantirishda katta ahamiyatga ega.

“O’shda ijodiy muhit yo’qolib borayotganini sezyapman oxirgi paytda. O’z qobig’imizda o’ralashib, sayozlik paydo bo’layotgandek. O’zaro aloqalar yo’q. Bu albatta rassomlarning ishiga ta’sir qiladi”, - deydi u.

Rasul Ismanov, rassom
Rasul Ismanov, rassom

Andijonlik rassom Rasul Ismanov esa Oʻzbekistonda madaniyat, xususan tasviriy sanʼat uchun katta imkoniyatlar yaratilayotganini mamnuniyat bilan tilga oldi.

Shu bilan birga u qirgʻizistonlik rassomlarni Badiiy ijodkorlar uyushmasining oʻzi rahbarlik qilayotgan Andijondagi boʻlimiga kelib, oʻzaro tajriba almashishga taklif qildi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG