Breaking News

To’qayev namoyishchilarni ogohlantirishsiz otishga buyruq berdi


Almati, 7-yanvar, 2022
Almati, 7-yanvar, 2022

Qozog’istondagi namoyishlar yuzasidan navbatdagi murojaat bilan chiqqan Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev “jangarilar”ni ogohlantirishsiz otishga ruxsat berdi.

Prezident nazarida Qozog’iston xorijdan boshqarilayotgan terroristik xurujlarni boshdan kechirmoqda, “jangarilar” shafqatsiz yo’q qilinadi.

“Mahalliy hokimiyatlar vaziyatni qo’lga oldi, lekin terrorchilar hamon qurollardan foydalanmoqda, fuqarolarning mulkiga ziyon yetkazmoqda. Shuning uchun kontr-terroristik harakatlar jangarilar to’liq yo’q qilinmaguncha davom etishi lozim”, - dedi To’qayev.

Qosim-Jo’mart To’qayev “jangarilar”ni ogohlantirishsiz otishga ruxsat berdi
Qosim-Jo’mart To’qayev “jangarilar”ni ogohlantirishsiz otishga ruxsat berdi

Qozog’istonga Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) kuchlari kiritilishi ortidan qilingan bu murojaat To’qayevning prezident Vladimir Putinga alohida minnatdorchiligi, shuningdek, huquq himoyachilari, mustaqil matbuot, fuqarolik jamiyati vakillariga qilgan tahdid, po’pisa bilan ham ajralib turadi.

Rossiya tinchlikparvar qo’shinlari, dedi prezident, uning iltimosiga ko’ra xavfsizlikni ta’minlash maqsadida vaqtinchalik Qozog’istonga kiritilgan.

To’qayevning ishonishicha, mamlakatdagi qo’zg’olonlar aynan huquq himoyachilari, blogerlar, mustaqil matbuotning dastagi bilan amalga oshirilgan.

Prezident murojaatida bu ayblovlar isboti sifatida biror aniq dalil keltirilmasa-da, namoyishchilarning aksariyati xorijdagi kuchlarga aloqadorligi, Almati shahrining o’ziga 20 mingga yaqin jangari hujum qilgani iddao qilinadi.

Bu galgi murojaatning farqli tomoni namoyishchilarga shart qo’yish hukumat vakolatiga o’tayotganida ko’rinadi.

Prezident tinch namoyishlarni eshitishga tayyorligi, isyonchilarga nisbatan shafqatsiz choralar, xususan, ogohlantirishsiz otib tashlash chorasi qo’llanilishini ma’lum qildi.

To’qayevning so’zlari Qozog’istonni keskin tazyiqlarga suyangan yangi bir davr kutayotganiga doir mulohazalarni yuzaga chiqarmoqda.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchi Alisher Ilhomov shunday yozadi:

“To’qayevning qozog’istonliklarga murojaati tahdidlarga to’la. “Yo’q qilinadi” degan so’z bir necha bor takrorlandi. Shu bilan bir qatorda u tinch namoyishlar va katta ehtimol bilan hukumatning o’zi tomonidan yollangan jinoiy guruhlar o’rtasidagi farqqa mutlaqo to’xtalmadi, namoyishchilarning hammasini qo’poruvchilarga chiqardi. Bu murojaat keskin diktatura kutilayotgani ishorasidek. Uning repressiyalari Karimov rejimidan ham o’tishi ehtimol. Xullas, xalq bilan muloqot amalga oshmaydigan ko’rinadi”.

Qozog’istondagi namoyishlar hanuz to’xtamagan, nisbatan kichikroq qamrovda bo’lsa-da davom etmoqda. 7-yanvar kuni Almati, Janauzen, Aktau shaharlarida namoyishlar o’tgan. Ayrim shaharlarda bu namoyishlar tunda ham davom etgan.

Hukumat namoyishchilar ixtiyoriga o’tgan davlat binolari ustidan mutlaq nazorat o’rnatilganini bildirar ekan, mamlakat Ichki ishlar vazirligi qurbonlar, jarohatlanganlar, hibsga olinganlar haqidagi dastlabki raqamlarni ochiqladi.

Bu ma’lumotga ko’ra, namoyishlar davomida “26 nafar qurollangan jangari” o’ldirilgan, 18 kishi yaralangan, 3000 ga yaqin kishi hibsga olingan.

Bu raqamlar huquq-tartibot idoralari tomonidan berilgan qurbonlarni ifodalamaydi. Kuch ishlatar idoralari tizimidan 18 kishi halok bo’lgani, 100 dan oshig’i jarohatlangani ta’kidlanmoqda.

Qozog’istonliklar, xususan qozoq muxolifati faollari Prezident To’qayevning tahdidlarga to’la bayonoti mamlakatdagi namoyishlar yanada kuchayishiga xizmat qilishini ta’kidlashmoqda.

Suyultirilgan gaz narxi ko’tarilishiga qarshi boshlangan namoyishlar bir haftadirki davom etmoqda. Dastlab 2-yanvarda Janauzen shahrida boshlangan noroziliklar qisqa fursatda butun mamlakat bo’ylab yoyildi, siyosiy talablar ko’rinishiga keldi.

Namoyishchilarning asosiy talablari - Nursulton Nazarboyevning siyosatdan ketishi, hukumat iste’fosi, hokimlarni saylash, mamlakatda rejim o’zgarishi, 1993-yilgi konstitutsiyaga qaytish.

Bu talablar ortidan To’qayev gaz narxini tushirishga topshiriq berdi, hukumat iste’fosini qabul qildi, Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisligidan ketdi, ammo namoyishlar davom etdi.

Qozoq blogeri Ermek Narimboy buning sababini namoyishlarning asosiy talabi bo’lgan mamlakatdagi rejimning o’zgarishsiz qolgani, Qozog’iston xalqi, xususan, namoyishga chiqayotganlar erkin saylovlarsiz avtoritar rejimning o’zgarmasligini yaxshi tushunishlari bilan izohlaydi.

Aktau shahrida namoyishchilar o'z talablarini bayon qilib, davlat madhiyasini kuyladi, "Ozodlik" Qozoq xizmati:

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG