Breaking News

“Qozog’istonda Belarus ssenariysini hech kim xohlamaydi”


Qozog'iston: Namoyishchilarning talablari qondiriladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:51 0:00

Namoyishlar kuchaygan Qozog’istonda Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev bayonot bilan chiqdi. U tartibsizliklarga nisbatan keskin javob qaytarilishidan ogohlantirmoqda. Buning uchun mamlakat prezidenti va Xavfsizlik kengashi raisi sifatida to’la vakolatlarga egaligini ta’kidlayapti.

Prezidentning bayonotidan tushunilishicha, namoyishlar paytida huquq-tartibot idoralari tomonidan qurbonlar berilgan.

To’qayev, shuningdek, Nursulton Nazarboyevning siyosatdan ketishiga ham ishora berayotgandek. Har holda Qozog’iston Xavfsizlik kengashi raisligi 5 yanvardan To’qayev zimmasiga o’tgan, bungacha bu vazifani Nazarboyev bajarib kelayotgan edi.

To’qayevning bu keskin bayonotidan qat’i nazar mamlakatda namoyishlar to’xtagani yo’q. Almatida bir nechta ma’muriy binolar, jumladan, shahar hokimiyati binosi ham namoyishchilar ixtiyoriga o’tgan.

Hozir hukumatning asosiy vazifasi qon to’kilishining oldini olish. Boshqa tomondan esa xalqni demokratik tuzumga  o’tilayotganiga ishontirish.

Qozog’istonda 5-yanvardan favqulodda holat e’lon qilindi, mamlakat deyarli mutlaq internetdan uzilgan, o’nlab nashrlar bloklangan. Hukumatning bu taraddudlari namoyishlar taqdirini keskin hal qilishga hozirlik ko’rilayotgandek taassurot ham uyg’otadi.

Qozog’istondagi ommaviy namoyishlarni nima kutmoqda? Belarusdagi vaziyat Qozog’istonda ham takrorlanishi mumkinmi? Namoyishchilarning talablari qanchalik qondiriladi? Qozog’istonda rejim o’zgarishi mumkinmi?

“Amerika Ovozi” so’nggi vaziyat haqida qozoq faollaridan biri, bloger Ermek Narimboy bilan suhbatlashdi.

Ermek Narimbay: Asosiy talablar Nazarboyevning iste’fosi, hokimlarni saylash, saylovlarni yangidan demokratik tamoyillarga muvofiq o’tkazish, 1993-yilgi konstitutsiyaga qaytish. Bu talablar namoyishlarning tartibli, maqsadli ekanligidan darakdir. Bu namoyishning iqtisodiy talablardan iborat bo’lib qolgan avvalgi noroziliklardan farqi ham shunda, siyosiy. Namoyishchilar o’ta qat’iy, politsiya bilan ham jiddiy qarshilikka borishmoqda. Kuch ishlatar tizimlar ulgurmayapti.

Amerika Ovozi: Internetda politsiya xodimlari kaltaklangan, mashina va binolar yoqib yuborilgan tasvirlar keng tarqayapti. Nega bunday bo’lyapti?

Ermek Narimbay: Bu hukumat munosabatiga ham bog’liq. Masalan, Almatida bo’lgan noroziliklarga biror rasmiy, biror deputat kelmadi. Ular qo’rqishyapti va namoyishchilar oldiga faqat maxsus kuchlarni jo’natishmoqda. Shu paytda esa kimlardir mashinalarni yoqyapti. Bizningcha buni hukumat yollagan odamlar qilyapti, ya’ni favqulodda holat joriy etishga asos yaratish uchun. Xullas, namoyishlarni bostirishga xalq tomonidan biror asos berilgani yo’q. To’qayev, Nazarboyev, vazirlar hech kim bilan uchrashmadi, bu esa sovuqda turgan xalqning g’azabini oshirmoqda.

Amerika Ovozi: So’nggi vaziyatga ko’ra, mamlakat mutlaqo internetdan uzilgan. Bu hukumat namoyishlarni bostirishga jiddiy hozirlik ko’rayotganidan darakmi?

Asosiy talablar Nazarboyevning iste’fosi, hokimlarni saylash, saylovlarni yangidan demokratik tamoyillarga muvofiq o’tkazish, 1993-yilgi konstitutsiyaga qaytish.

Ermek Narimbay: Hukumat nima qilishi mumkin? Birinchisi, qurol bilan namoyishlarni bostirishga borish. Bu Qozog’istonning mutlaqo izolyatsiya qilinishiga olib keladi. Yoki mamlakat bo’ylab davlat idoralarini qurolli kuchlar yordamida qo’riqlashga o’tish. Albatta, hozir ular shunday qilishga urinib ko’rishadi. Ammo shunchalik ko’p xalq namoyishga chiqqan, bu esa zudlik bilan siyosiy islohotlarni boshlashni talab qilmoqda. Xullas, muloqot yoki repressiyalar.

Amerika Ovozi: Namoyishlar qaysidir siyosiy kuchlar, fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan muvofiqlashgan tarzda olib borilmoqdami?

Ermek Narimbay: Namoyishlar stixiyali tarzda yuzaga chiqdi, keyinchalik qandaydir muvofiqlashish boshlandi. Ammo hozirda aloqadagi to’siqlar sabab odamlar to’g’ri ko’chaga chiqishmoqda, namoyishga qo’shilmoqda. Boshqa tomondan odamlar ko’chadagi zo’ravonliklarga guvoh bo’lishgandan keyin tabiiy ravishda javob qaytarishga ehtiyoj sezishadi.

Amerika Ovozi: Nega Nazorboyev sukutda, har holda namoyishlardagi asosiy talab aynan unga qaratilgan...

Ermek Narimbay: Nazarimda u tushunadiki, uning qayerdadir paydo bo’lishi xalq g’azabini yanada oshiradi. Hozir undan kutilayotgani - siyosatdan mutlaqo ketgani haqida bayonot bilan chiqishi.

Amerika Ovozi: Bugungi tundan nimalar kutish mumkin? Voqealar asosan tunda jiddiy tus olyapti.

Hukumat bilan ochiq muloqot istaymiz. Ammo afsuski hukumatdagi doiralarning ochko’zligi bunga to‘siq.

Ermek Narimbay: Ha, shunday. Hozir hukumatning asosiy vazifasi qon to’kilishining oldini olish. Boshqa tomondan esa xalqni demokratik tuzumga o’tilayotganiga ishontirish. Shu maqsaddagi aniq qadamlarni ochiqlash kerak.

Amerika Ovozi: Hozirgi vaziyatni Belarusda kuzatilgan namoyishlar bilan qanchalik taqqoslash mumkin? Belarusdagi zo’ravonlik Qozog’istonda ham takrorlanishi mumkinmi?

Ermek Narimbay: [Aleksandr] Lukashenko o’z va’dalari bilan namoyishchilarni qaytarishga muvaffaq bo’ldi, keyin esa [Vladimir] Putin bilan hamkorlikda repressiyalar uyushtirdi. Buni Qozog’istonda ham kutish mumkin, ammo Lukashenko ssenariysini hech kim xohlamaydi.

Hukumat bilan ochiq muloqot istaymiz. Ammo afsuski hukumatdagi doiralarning ochko’zligi bunga to‘siq. Ular Qozog’istonning boyliklarini biror hadiksiz o’marishga o’rganishgan. Shunday ekan hokimiyatni ham shunchaki berib qo’yishmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG