Breaking News

Tahlilchilar: Kreml Qozog’istonda “rangli inqilob” bo’lishidan qo’rqadi


G’arb diplomatlari va tahlilchilar nazarida, Rossiya qo’shni Qozog’istonda zudlik bilan askarlarni safarbar etishi Kremlning “rangli inqiloblardan” qo’rqishidan dalolatdir. Moskva, deydi ular, Qozog’istondadagi namoyishlar shiddatidan dahshatga tushgan bo’lsa ajab emas.

Yoqilg’i qimmatlashi ketidan boshlangan namoyishlar tez orada hukumatga qarshi keng qamrovli norozilik aksiyasiga aylanib, xavfsizlik kuchlari odamlarni o’qqa tutdi.

Namoyishchilar tuzum o’zgarishini, Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev va 81 yoshli elboshi Nursulton Nazarboyevning hokimiyatdan ketishini talab qilmoqda. Turli shaharlarda “Chol ket” degan chaqiriqlar yangradi, Taldiqo’rg’on shahrida sobiq prezidentning haykali qulatildi.

Namoyishchilar Almatida hukumat binolari va aeroportga hujum qilgan, to’qnashuvlarda o’nlab odam halok bo’lgani ma’lum.

Rossiyada ayrim rasmiylar va telekanallar Qozog’istondagi g’alayon ortida G’arb turgani, bu navbatdagi “rangli inqilob” ekani, maqsad NATO va AQSh bilan muzokaralar oldidan Rossiyani chalg’itish ekanini da’vo qilmoqda.

Bunday da’volar ilgari Belarus, Gruziya va Ukrainaga nisbatan ham yangragan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarovaning aytishicha, Qozog’istondagi isyonda uchinchi bir tomonning qo’li bor. Parliament a’zosi Konstantin Kosachyov esa namoyishchilar orasida islomiy jangarilar bo’lganini aytadi.

“Sobiq Sovet Ittifoqida, Rossiya askarlari va tanklari Ukrainani uch tomondan o’rab turgan bir paytda, vaziyat qaltis. Bu holatda Moskva o’zining ta’sir doirasida deb hisoblagan davlatda nozorilik namoyishlari bo’lishi uning uchun ortiqcha. Kreml yashirin kuchlarni qidiryapti, chunki Qozog’istonda norozilik aksiyalari haqiqiy ekanini qabul qila olmaydi”, - deydi tahlilchi Melinda Haring.

Namoyishchilarni ogohlantirishsiz otishga buyruq bergan Prezident To’qayev ham xorijiy kuchlarni ayblamoqda. Televizion chiqishida u Almati shahriga yuqori jangovar tayyorgarlikdan o’tgan “20 ming bandit” hujum qilganini iddao qildi.

Qozog’iston rahbari, shuningdek, Vladimir Putinga “terroristik tahdidni yengishda” bergan yordami uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

To’qayev Armaniston, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Rossiya va Tojikistonni o’z ichiga olgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) rasman yordam so’rab murojaat qilgan. Kelishuvning 4-bandiga ko’ra, a’zo davlatlar bir-birini “xorijiy aralashuvdan” himoya qiliadi.

AQSh munosabati

Davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar Qozog’istonda davom etayotgan favqulodda holat yuzasidan chuqur tashvishda.

“Hukumatni mutanosib ravishda, namoyish qilayotganlarning huquqlarini hurmat qilgan holda javob berishga undadik. Qozog’iston tashqi ishlar vaziri bilan gaplashdim. Mamlakatning konstitution institutlarini, OAV erkinligi va inson huquqlarini qo’llab-quvvatlashimizni, internetni tiklash kerakligini bildirdim”, - deydi Blinken.

Tarixdan saboq shuki, ruslar uyingizga kirsa, ba’zan ularning chiqib ketishi juda qiyin.

KXShT qo’shinlari Qozog’istonga kiritilgani yuzasidan AQSh bosh diplomati shunday deydi:

“Bu murojaatning mohiyati, sabablari haqida savollarimiz bor. Ko’proq ma’lumot olishga harakat qilayapmiz. Qozog’iston hukumati namoyishlarga nisbatan tegishli chora ko’rishga, buni qonun ustuvorligini ta’minlagan va namoyishchilar huquqini hurmat qilgan holda amalga oshirishga qodir ekaniga shubha yo’q. Shunday ekan, nega tashqi yordamga muhtoj ekanliklari noaniq”.

“Tarixdan saboq shuki, ruslar uyingizga kirsa, ba’zan ularning chiqib ketishi juda qiyin”, - deya qo’shadi Blinken.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, Qozog’istonga 3000 ga yaqin desantchi va boshqa turdagi harbiy xizmatchilar 75 ta harbiy samolyotda “tunu-kun” uchib ketmoqda.

7-yanvarda Qozog’iston Ichki ishlar vazirligi 26 namoyishchi o’ldirilgani, 18 nafari yaralangani, 3000 dan ortiq kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Xavfsizlik kuchlari xodimlaridan 700 nafari jarohat olgan, 18 nafari halok bo’lgan.

Almati, 7-yanvar, 2022
Almati, 7-yanvar, 2022

“Terrorchilar hamon qurollardan foydalanmoqda, fuqarolarning mulkiga ziyon yetkazmoqda. Shuning uchun kontr-terroristik harakatlar jangarilar to’liq yo’q qilinmaguncha davom etad”, - dedi To’qayev televizion chiqishida.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan britaniyalik diplomat fikricha, To’qayev namoyishlar yanada avj olgan taqdirda xavfsizlik kuchlari xodimlarining hammasi ham buyruqqa bo’ysunmasligidan xavotirlanib, Rossiyadan yordam so’ragan bo’lishi mumkin.

Ayrim kichikroq shaharlarda, deya qo’shadi u, politsiya namoyishlarni shunchaki kuzatish bilan cheklangan. Aktobeda, Rossiya bilan chegara hududda politsiyachilar namoyishchilar tarafida bo’lgani haqida xabarlar bor.

Armaniston bosh vaziri, KXShT raisi Nikol Pashinyan so’zlariga ko’ra, Qozog’istonga qo’shin “vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish uchun cheklangan muddatga” safarbar etilgan.

KXShT Bosh kotibi Stanislav Zasning aytishicha, askarlarning vazifasi Qozog’istonning hududiy yaxlitligiga bo’lgan “tahdidlarni minimallashtirishdan” iborat. U ham bu vaqtinchalik missiya ekanini qayd etgan.

Biroq ayrimlar Rossiya askarlarining Qozog’istonga kelishi boshqa muammolarni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirmoqda.

“Kimki bu qarorni qabul qilgan bo’lsa, qozoq mentalitetini mutlaqo tushunmaydi. Qozoqlar okkupatsiyaga toqat qilmaydi”, - deydi Moskvada yashayotgan qozog’istonlik Po’lat Jamalov.

Rossiya qo’shini uzoq muddatga qoladigan bo’lsa, tartibsizliklarga tortilishi xavfi bor, deydi Andrey Kortunov, Rossiya Xalqaro aloqalar kengashi rahbari.

“Hozircha buni qurolli aralashuvdan ko’ra ko’proq politsiya amaliyoti deyish mumkin. Lekin missiya cho’ziladigan bo’lsa, Rossiya uchun oqibatlari bo’ladi”, - deydi u.

AQSh, Britaniya va boshqa davlatlar taraflarni bosiqlikka undamoqda.

“To’qnashuvlardan xavotirdamiz va voqealarni diqqat bilan kuzatyapmiz. Eskalatsiyaga yo’l qo’ymaslik lozim. Masala tinch yo’l bilan hal qilinishi darkor”, - deydi Britaniya bosh vaziri so’zlovchisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG