Breaking News

Turkiya: Bursada o'zbekistonliklar soni oshmoqda


Turkiya: Istanbuldan Bursani afzal ko'rgan o'zbekistonliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:22 0:00

Bursa – ham ko’hna, ham zamonaviy shahar. U bugungi Turkiyaning eng yirik va sanoatashgan hududlaridan biri; ayni paytda Usmoniylar saltanatining sobiq poytaxti sifatida tarixiy obidalarga boy. Tog’ yongbag’rida joylashgani uchun bahavo tabiati, so’lim dam olish maskanlari bilan ham mashhur.

Bu yerda o’zbekistonliklar soni yildan yilga ortib bormoqda. Ular bu yerga, asosan, ta’lim olish uchun keladi. Ammo bahavo tabiati, Istanbuldan ko’ra sokinroq va sifatliroq hayot tarzi tufayli bu yerni doimiy yashash maskani sifatida tanlayotgan o’zbekistonliklar ham ko’paymoqda.

Abdulatif Adhamov O’zbekistonda oliy o’quv yurtiga kira olmagan. Ta’lim narxi ham qimmat, ham qabul imtihonlari qiyin bo’lgani uchun. Bugun u Turkiyaning eng nufuzli 20 ta oliy o’quv yurtidan biri bo’lgan Bursa Uludog’ universitetida tahsil olmoqda.

“Bu yerda o’qish, o’qishga kirish, yashash O’zbekistonga nisbatan, xususan, Toshkentga nisbatan biroz arzon va oson bo’lgani uchun shu yerda o’qishga qaror qildim. Shu sababli Bursa Uludog’ universitetiga o’qishga kirdim. Hozir 3-kursman, Sotsiologiya bo’limida o’qiyapman”, - deydi u.

Xorijliklar Turkiyada o’qishga qabul qilinishi uchun qanday talablar bor?

“O’zbekistondagi o’rta ta’limni olgan har qanday O’zbekiston fuqarosi bu yerda bemalol o’qishga kira oladi. O’qishga kirish uchun matematika va geometriyadan 100 balli sistemada imtihon topshiradi. Necha ball olishidan qat’i nazar, bo’sh o’rin bo’lsa, o’qishga qabul qilishadi. Xarajatga kelsak, har bir universitet uchun alohida kontrakt narxlari bor. Xususan, Bursa Uludog’ universitetida kontrakt narxi yillik 600 AQSh dollari. Istanbul, Anqaradagi ba’zi universitetlarda 100 dollarlik o’qishlar ham bor”, - deydi o’zbekistonlik talaba.

Bursaning ikki universitetida bugun 150 yaqin o’zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Ular yaqinda o’zaro uyushib, yangi tashkilot ochishdi.

Ushbu uyushma faoli, Bursa Texnika universiteti talabasi Fazliddin Hamdamovning aytishicha, maqsad bu yerdagi talabalarni bir joyga yig’ish va yangi kelayotgan vatandoshlarga yo’l-yo’riq ko’rsatishdir.

“O’zbekistonlik talabalar bilan birgalikda talabalar uyushmasi tarzida bir birlik tuzdik. Birligimizning vazifalaridan biri O’zbekistondan keluvchi talabalarga to’g’ri yo’nalish va to’g’ri maslahat bera olishdir. Bugungacha ba’zi shirkatlarga murojaat qilib xato qilgan yoki adashgan talabalarimiz haqida ham eshitdik. Ularga ham yordam qildik, Xudoga shukr. Bundan keyingilariga ham to’g’ri maslahat berish maqsadida ma’lumotimiz yetgani qadar yordamchi bo’lishga harakat qilyapmiz”, - deydi u.

To’lqin Yusupov Toshkentdagi uyini sotib, yashash uchun Bursaga ko’chib kelganini aytadi. U shu yerdan uy sotib oldi; hozir oilasi bilan Bursada muqim yashamoqda.

Kasbi dasturchi bo’lgan bu vatandosh internet oqali AQSh va boshqa davlatlardagi kompaniyalar bilan ishlaydi. Ya’ni Turkiyaga ko’chishni ishi taqozo etmagan. U Turkiyaga va aynan nega Bursaga ko’chishga qaror qilganini shunday tushuntiradi.

“Bursaning boshqa Turkiya shaharlaridan farq qiladigan jihatlarini sanab o’tsak, u Turkiyaning eng yashil sahaharlaridan biri hisoblanadi. Tog’ bor, dengiz ham yaqin. Ko’llari bor, o’rmonlari nihoyatda ko’p. Har bir mahallada yashil hududlari, ya’ni istirohat parklari bor. Shu narsa shaharning ekologik tozaligini ham ta’minlaydi. Ikkinchisi – Istanbulga, boshqa shaharlarga qaraganda arzonligi. Bursada qishloq xo’jaligi ham, ishlab chiqarish ham juda rivojlanganligi uchun ko’p narsalar o’zidan chiqadi; shu bois narxlar ancha arzon. Keyingi omillardan biri – Istanbulga yaqinligi. Istanbul orqali O’zbekistonga ketish qulayligi ham shunday qaror qabul qilishimizga ta’sir ko’rsatdi”, - deydi u.

"Yelkadosh" - Turkiyadagi o'zbekistonliklarga madad ko'rsatayotgan jamoa
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:01 0:00

Zamonaviy Bursani Uludog’ tepaliklaridadagi tog’-chang’i kurortisiz tasavvur qilish qiyin. Sayyohlarni qariyb to’qqiz kilometr yo’l bosib, dengiz sathidan 1870 metr balandlikka olib chiquvchi Bursa havo transporti dunyodagi eng uzun osma lift hisoblanadi. Qishin-yozin bu yer ham mahalliy, ham xorijiy sayyohlar bilan gavjum.

O’ziga xos jihatlaridan biri yana shundaki, tog’ va o’rmondagi bu dam olish zonalari shaharga juda yaqin hududda joylashgan va qulay transport infratuzilmasiga ega.

“Qarshimizdagi tepalik, ya’ni o’rmon Otaturk o’rmoni deyiladi. Butun Bursadagi aholi chiqib, shashlik, mangal tayyorlab hordiq chiqarishi mumkin. Dam olish kunlari bu hududlar odam bilan to’la bo’ladi. Shu bilan birga, o’sha yerda bolalar parklari ham bor. Bu ham bir qadam, piyoda borish mumkin bo’lgan uzoqlikda”, - deydi To’lqin Yusupov.

Shahar tobora sanoatlashib, avvalgi ko’rki va tabiatini boy berib borayotgani haqida shikoyat qiladiganlar ham yo’q emas. Ammo u ham tarixiy, ham zamonaviy ko’rinishi bilan mahalliy va xorijiy sayyohlarni hanuz o’ziga jalb qilishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG