Breaking News

O'zbekiston Senati xorijdagi fuqarolar manfaati uchun qanday chora ko'radi?


Abdulaziz Komilov, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri, Senat majlisida hisobot berdi, Toshkent, 7-avgust, 2020

O’zbekiston Senati xorijdagi fuqarolarga xizmat ko'rsatishda va ularni himoya qilishda Tashqi ishlar vazirligi kamchiliklarga yo’l qo’ygan, deya uning bu boradagi faoliyatini qoniqarsiz deb baholagan. Avvalroq Qonunchilik palatasining ayrim deputatlari fuqarolarni chet eldan olib kelishni vaqtincha to’xtatib turish kerak degan takliflar bilan chiqqan edi. Oliy Majlisning o'zida chet eldagi o'zbekistonliklar taqdiri yuzasidan siyosat qanday bo'lishi kerak, degan savolga aniq javob yo'q.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov senatorlar oldida so'zlar ekan, muhojirlar tomonidan xorijdagi konsulxonalarga o’t qo’yish tahdidi bo’lganidan shikoyat qildi.

Komilov tomonidan Senat majlisidagi hisobotda ta’kidlangan bu tahdid qachon kuzatilgani noma’lum. Ammo bu iddaodan qat’i nazar, Tashqi ishlar vazirligining yarim yillik faoliyati senatorlarni qanoatlantirmagan. Senat, xususan, vazirlik xorijdagi mehnat muhojirlarini himoyalashda kamchiliklarga yo’l qo’ygan, deb topgan.

Vazirning aytishicha, pandemiya davrida 117 mingdan oshiq fuqaro vatanga qaytarilgan va yana 103 ming vatandosh bu imkoniyatni kutib o'tiribdi. Rossiyada ular kamida 93 ming, deydi Komilov.

O'zbekiston Senati xorijdagi fuqarolarga nisbatan qanday siyosat yuritmoqchi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:30 0:00

7- avgust kuni o’tgan Senat yalpi majlisida hisobot bergan Tashqi ishlar vaziri Komilov muhojirlar muammosiga bir qadar kengroq to’xtalib, o’zbekistonlik muhojirlar huquqini himoyalashda parlament, jumladan deputatlar ham sukutda ekanligiga ishora qilib o’tdi. Komilov senatorlarga mehnat muhojirlari avvalo saylovchilar, milliy elektorat ekanligini eslatdi.

Pandemiya davrida O’zbekistonda keskin tanqidga tutilgan idoralardan biri shubhasiz Tashqi ishlar vazirligi bo'lib, joylardagi, jumladan Rossiyadagi elchixona va konsulliklar faoliyati bo’ldi. Ammo Komilov Senat majlisidagi hisobotda "vazirlikning qoniqarsiz faoliyatini" xodimlar yetishmasligi bilan izohlashga harakat qildi.

Komilovga ko’ra, tanqidlarga qaramasdan vazirlikning asosiy vazifasi xorijdagi fuqarolar manfaatlarini himoya qilish bo’lib qolmoqda.

Ammo O’zbekiston elchixonalari va konsulliklari faoliyati haqida “Amerika Ovozi” gaplashgan mutaxassislar va vatandoshlar Tashqi ishlar vazirligi uchun xorijdagi fuqarolar huquqini himoyalash masalasi yangi soha ekanini e'tirof etib, bu boradagi ishlar hamon oqsayotganini ta’kidlashadi.

Tashqi ishlar vazirining hisobotidan xorijdagilar himoyasi bilan bog’liq masala geosiyosiy maqsadlarga taqalayotgani ham ilg’ash mumkin.

Komilovga ko’ra, O’zbekiston Rossiyaga mehnat muhojirlarini himoyalashga qaratilgan hujjatlar imzolashni taklif qilgan, lekin Moskva buni istamagan. Federatsiyaga ko'ra, O'zbekiston Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilgan taqdirda mehnat muhojirlari bilan bog’liq muammolar o’z-o’zidan hal bo’ladi.

Tashqi ishlar vazirligi hisoboti vatanga qaytish istagidagi minglab fuqarolar Rossiya-Qozog’iston chegarasidagi dashtlarda qolib ketishi, xorijdagi mehnat muhojirlari ahvoli jiddiy og’irlashishi manzarasida kuzatilmoqda. Bu chiqishdan konsulliklar faoliyatiga nisbatan norozilik o’ta jiddiy nuqtaga, hatto tahdidlar ko’rinishiga yetganini anglash mumkin.

Komilovning axboroti senatorlarda biror jiddiy e’tiroz uyg’otgani kuzatilmadi, ammo Senat Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida, xususan mehnat muhojirlari huquqini himoyalashda kamchiliklar mavjud ekanini qayd etdi. Senat qanday chora ko'radi, noma’lum.

O'zbekiston Senatida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hisoboti, 7-avgust, 2020
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:50:12 0:00

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG