Breaking News

Blinken-Lavrov uchrashuvidan oldin Rossiyaga bosim kuchaymoqda


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Berlinda Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari va Britaniya vakili bilan uchrashmoqda, 20-yanvar, 2022-yil
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Berlinda Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari va Britaniya vakili bilan uchrashmoqda, 20-yanvar, 2022-yil

Prezidentligining bir yilligi munosabati bilan so’zlagan Jo Baydenning aytishicha, Putin Ukraina masalasida diplomatik yo’ldan bormasa va Ukrainaga qo’shin kiritishga jur’at etsa, Rossiya jiddiy sanksiyalarga uchraydi.

Xalqaro hayot - 20-yanvar, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:04 0:00

“Rossiya Ukrainani bosib olsa, javobgarlikka tortiladi. Nima ish qilishiga qaraymiz. Mamlakatga qarshi kichik hujum uyushtirsa, qanday chora ko’rish haqida tortishishimiz mumkin. Biroq chegarada to’plangan qo’shinlari bilan kattaroq ishga qo’l ursa, oqibati Rossiya uchun yomon bo’ladi. Ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz Rossiya va uning iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazadi”, - dedi Bayden.

AQSh va Rossiya rahbarlari dekabr oyida virtual muloqot qilgan edi. O’tgan hafta esa AQSh, Rossiya va NATO vakillari Yevropaning uchta shahrida muzokaralar o’tkazib, taranglikni yumshatish xususida gaplashgan.

AQSh prezidentiga ko’ra, agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, rus banklari ortiq dollarda ish qila olmaydi.

Kuni kecha Ukrainada bo’lgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Prezident Vladimir Zelenskiyga dalda berdi, Qo’shma Shtatlar uning mamlakati tarafida ekanini aytdi.

“Rossiyaga tanlash imkonini berdik – muloqot va diplomatiya yoki to’qnashuv va jazolar. Rossiya bilan diplomatik yo’nalishda faol aloqa qildik – bevosita, NATO orqali, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti orqali. Rossiya diplomatik yo’ldan boradi deya umid qilaman. Shunisi ma’qul”, - dedi Blinken.

Baydenning Kongressdagi tanqidchilari uni Putin bilan qattiqroq gaplashishga undamoqda.

“Ukrainaning bosib olinishini to’xtatishga diqqat qaratish kerak. Undan keyin nima bo’lishi haqida gapirgandan ko’ra. Undan keyin nima bo’lishi ma’lum. Agar ruslar Ukrainani bosib olsa, birinchi kundanoq hayoti qiyinlashadi. Undan keyin yanada qiyin bo’ladi. Mamlakatni bosib olish oson emas. Qimmat jarayon. Inson hayoti va g’aznaga zarardir. Bayden buni Putinga tushuntirib qo’ydi. Har imkoniyat bo’lganda bunga urg’u berishimiz kerak”, - deydi respublikachi senator Jeyms Rish.

Texas universitetining tarix professori Jeremi Surining aytishicha, Bayden Rossiya bilan munosabatlarda Sovuq urush saboqlarini esga olmoqda.

“Sovuq urushning saboqlaridan biri shuki, tushunmovchilik bo’lmasligi uchun chegarani aniq belgilab olish kerak. Nazarimda, Bayden Vladimir Putinni AQSh qat’iyatini past baholamaslikka ishontirishi muhim. U Amerika maqsadlari cheklanganini ham ko’rsatmoqda. Ukrainani hali-beri NATOga olib kirish niyatimiz yo’q. Biroq NATO kelajagini tashqi kuchlar hal qilishiga yo’l qo’ymaymiz. Mana shularni aniq yetkazishni muhim deb hisoblayman”, - deydi siyosatshunos.

Juma kuni AQSh davlat kotibi va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Jenevada Ukraina mavzusida gaplashadi.

Bugun esa Blinken Berlinda Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari bilan ko’rishdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Bayden tahdidlari va ogohlantirishlari Ukraina bo’yicha vujudga kelgan ziddiyatlarning yumshashiga olib kelmaydi, aksincha yanada kuchaytirishi mumkin.

Unga ko’ra, Rossiyaga qarshi do’q-po’pisalar Ukrainani ruhlantirib, sharqda isyonchilarga qarshi harbiy kuch qo’llashga undashi mumkin.

Chorshanba kuni Ukraina rahbari xalqiga murojaat qilib, matbuotda Rossiya Ukrainaga qo’shin tortishi mumkinligi haqidagi materiallardan vahimaga tushmaslikka chaqirdi.

G’arb nazarida, Rossiyaning Ukraina chegarasida 100 ming sonli qo’shin to’plashi urushga tayyorgarlik bo’lishi mumkin. Kreml bunday da’volarni inkor etib kelmoqda.

"Urush ehtimoli ma’lum paytdan beri mavjud. Oxirgi paytlarda bunday ehtimol kuchaygani yo’q, ammo urush haqidagi gaplar kuchaygan. Asablarimizga faol hujum qilishyapti, sarmoyadorlar hissiyotlariga, biznes muhitimizga hujumlar. Ukrainani zaiflashtirishmoqchi, yon berishimizni xohlashyapti”, - dedi Vladimir Zelenskiy.

Bu o’rtada Rossiya va Belarus harbiy mashg’ulotlar o’tkazdi. Rossiya Mudofaa vazirligi Yapon dengizidagi suvosti kemasidan otilgan “Kalibr” qanotli raketasi quruqlikdagi nishonni aniq urganini ma’lum qildi. Yanvar va fevral oylarida Rossiya Harbiy-dengiz kuchlari O’rta dengiz va Oxotsk dengizida hamda Atlantika va Tinch okeanlarida harbiy mashqlar o’tkazadi.

Ukraina esa Qrimga yaqin Xerson viloyatida harbiy tayyorgarligini sinagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG