Breaking News

NATO va'dalarida turmadi, deydi Putin, lekin bu rostmi?


NATO kuchlari mashda, 13-sentabr, 2021

SSSR parchalanganida NATO kengaymaslikka va'da bergan, ammo so'zida turmagan, degan da'vo Kreml tomonidan tez-tez yangraydi. Prezident Vladimir Putin yaqinda qilgan nutqida ham Shimoliy Atlantika harbiy alyansi 1990-yilda o'z zimmasiga olgan majburiyatlarini ado etmadi, deya G'arbni aybladi. Putinga ko'ra, va'da Germaniyani birlashtirish bo'yicha muzokaralarda o'sha paytdagi rahbar Mixail Gorbachyovga berilgan.

“Ular bizni aldashdi, ochiqchasiga va ayyorana. NATO kengaymoqda", - deydi Putin.

AQShning o'sha davrdagi Davlat kotibi Jeyms Beyker Sovet lideriga "NATO sharq tomon bir qarich ham kengaymaydi, degan", - deydi Putin.

Uning fikricha, G'arb zaif Rossiyani laqillatgan. Federatsiya, deya ta'kidlaydi u, bu agressiv siyosat qurboni.

Putin 2007 va 2014-yilda ham NATOga nisbatan shunday iddaolar qilgan.

AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Stiven Payferga ko'ra, NATO aslo bunday va'dalar bermagan, lekin Rossiya bunday uydirma ayblov bilan o'z siyosatini asoslashga urinib keladi. Shu tarzda, deydi Payfer, Rossiya tashlayotgan qadamlari uchun javob berishdan qochadi.

Davlat koltibi Entoni Blinken deydiki, "NATO hech qachon yangi a'zolar qabul qilmaslikni va'da qilmagan. U hech qachon bunday qilmaydi, chunki asosiy hujjatlarida ham boshqa davlatlarga ochilish haqida bandlar bor".

Gorbachyov 2014-yilda "RIA Novosti"ga bergan intervyusida Beyker bilan bu borada gaplashmaganini aytgan. "NATO kengayishi borasida umuman muloqot qilmaganmiz", - degan u.

O'sha paytdagi mavzu, Gorbachyovga ko'ra, NATO harbiy tizimlarining birlashayotgan Germaniya hududidagi faoliyati to'g'risida bo'lgan.

Sovet ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachyov va AQSh Davlat kotibi Jeyms Beyker muzokaralari, Moskva, 18-may, 1990
Sovet ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachyov va AQSh Davlat kotibi Jeyms Beyker muzokaralari, Moskva, 18-may, 1990

Gorbachyovning tushuntirishicha, Germaniya bilan kelishuvda bu davlat sharqida NATOning yangi strukturalari bo'lmasligi, kuchlari soni oshirilmasligi, qo'shimcha qurollar olib kirilmasligi xususida gap ketgan. "Bu shartlarga amal qilingan", - deydi Gorbachyov intervyuda.

Biroq Gorbachyov fikricha ham NATOning shundan beri kengayishi oradagi ishonchga zarba bergan.

Siyosiy tahlilchilar deydiki, Rossiya SSSRdan keyingi davrda Yevropa xavfsizligi u bilan maslahatlashgan holda ta'minlanadi deb umid qilgan. Biroq bunday bo'lmadi, deydi ular, asosiy sababi esa Rossiyaning atrofdagi davlatlarga nisbatan agressiv siyosati.

Gorbachyov yana bir narsani e'tirof etadi: u Varshava paktidan chiqayotgan mamlakatlar kelajakda NATOga kirishni xohlashishini bilgan.

Arxivlardagi hujjatlarga tayanilsa, muzokaralarda qator masalalar mavhum qolgan, jumladan NATOning Yevropaning ochilayotgan davlatlari bilan qay shaklda hamkorlik qilishi.

Boris Yeltsin Chexiya, Vengriya, Polsha va Boltiqbo'yi davlatlari 1997-yilda NATOga kirganida norozi bo'lib, buni AQShning o'sha paytdagi prezidenti Bill Klintonga bildirgan. Oq uyning javobi esa shunday bo'lgan: NATO kengayishga, davlatlar esa o'zlari xohlagan ittifoqqa kirishga haqli.

Rossiya esa atrofidagi noxush o'zgarishlarga nisbatan qarshilik bilriib, chora ko'rishga haqli, deydi federatsiya diplomatlari.

"NATO yangicha shaklga kirayotgan ekan, Rossiya ham xavfsizlikni ta'minlash uchun o'ziga ma'qul qadamlar tashlaydi", - deydi siyosiy tahlilchi Fyodor Lukyanov.

G'arb siyosatdonlari Rossiyani chegaradosh va yaqin mamlakatlarning suveren davlat sifatida qilayotgan qarorlariga chiday olmayotganlikda tanqid qiladi.

NATO va Kreml orasida kechgan qator muzokaralarda o'zaro ishonchni shakllantirish yo'llari muhokama qilingan, ammo bu uchrashuvlar samara bermagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG