Breaking News

Sobiq mahbus: Yana Guantanamoga tushib qolgandekman


Guantanamoda 14 yil saqlangan yamanlik hikoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:05 0:00

AQShning Kubadagi Guantanamo qamoqxonasiga ilk asirlar olib kelinganiga 20 yil to’ldi. Bu davr mobaynida u yerda kamida 800 odam saqlangan, aksariyatiga hech qanday ayb qo’yilmagan.

“Janob Baydenga gapim – iltimos Guantanamoni yoping. Amerika tarixi, qadriyatlari va siyosatidagi dog’ bu”, - deydi Mansur Adayfi.

U harbiylashgan islomiy guruhlarni o’rganish uchun 18 yoshida Afg’onistonga borgani, Yamandagi islomiy institut uni yuborganini aytadi. Adayfi u yerdan qaytmagan.

“Afg’onistonga borganimdan ikki oy o’tib, 11-sentabr voqealari ro’y berdi. Meni mahalliy qo’mondonlardan biri o’g’irlab, boshqasiga sotdi. So’ng al-Qoida a’zosi deb, amerikaliklarga sotishdi”, - deya hikoya qiladi u.

Amerikaliklar, deydi Adayfi, al-Qoida yetakchilaridan birini, o’rta yoshli misrlik bir odamni qidirashayotgan edi. So’roq va qiynoqlar ostida “men o’sha odamman”, deb iqrornoma berishga majbur bo’ldim, deydi u.

Adayfi maxfiy bir turmada 19 yoshini qarshi olgan. Terrorizmda gumon qilinganlarni so’roq qilish uchun 2002-yilda Jorj Bush tomonidan ochilgan Guantanamo qamoqxonasiga jo’natilgan ilk mahbuslardan biri edi.

“Ushbu shaxslarni maxfiy joyda saqlash, ekspertlar tomonidan so’roq qilish, kerak bo’lsa javobgarlikka tortish zarur”, - degan edi Bush.

“Bizni kishanda, boshimizda qalpoq bilan olib kelib, terrorchilarning eng yomoni deb dunyoga ko’rsatishdi. Birinchi kelganda, yechintirib, polga uloqtirib, shlang bilan suv sepishadi, cho’tkalashadi”, - deydi Adayfi.

U Guantanamoda qiynoqlar davom etganini aytadi.

“Meni yalang’och qilib, kaltaklab, so’roq qilgan tergovchiga “sen o’zing terrorchisan, o’zingni terrorchidek tutayapsan” deb aytganman”.

Al-Qoidaning misrlik yetakchisi degan ayblov keyinchalik bekor qilingan. Ammo bunga 14 yil vaqt ketdi. Yoshligim tikanli simlar ortida, Guantanamoda o’tib ketdi, deydi Adayfi.

Bugungi kunda Guantanamoda 39 mahbus qolgan. Ayrimlari urush jinoyatlarida ayblangani ma’lum. Ayb qo’yilgan shaxslar o’ta xavfli hisoblanadi. Shuning uchun prezidentlar Barak Obama ham, Jo Bayden ham va’dalarga qaramasdan qamoqxonani yopa olgani yo’q.

“Bayden ma’muriyati bu inshootni yopish qarorida qat’iy, reja o’zgarmagan”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.

Yaqinda “Yangi Amerika” aql markazida o’tgan muhokamada ekspertlar va’daga yarasha harakat qilishga, Xolid Shayx Muhammad kabi mahbuslarni sudlashga, cheksiz muddatga ushlab turmaslikka chaqirdi.

“11-sentabr voqealaridan 20 yil o’tdi. Qamoqxonadagi asirlar yana qancha ushlab turiladi? 30 yil, 40 yilmi? Bu odamlar Guantanamoda keksalikdan vafot etadimi? Adolat yuzini ko’radimi ular”, - deya so’raydi “Guantanamo Fayllari” kitobi muallifi Endi Vortington.

“Urush tugagan, ularni saqlab turish uchun qonuniy asos yo’q”, - deydi huquqshunos Tomas Vilner.

Yaman parokanda ahvolda ekan, Mansur Adayfi uyiga jo’natilmadi. U kuchli xavfsizlik cheklovlari ostida Serbiyada yashamoqda. O’zini tuzoqqa tushib qolgandek his etishini aytadi.

“Bu yerda huquqiy maqomim yo’q, ishlay olmayman, oilam bilan aloqa qilolmayman. Odamlar siz bilan gaplashishdan qo’rqadi. Uylana olmaysiz. Ochig’ini aytsam, yana Guantanamoga tushib qolgandekman”, - deydi Adayfi.

Kitob yozish, deydi u, travmani yengishda yordam berdi. Guantanamoda o’tirgan paytimda yozishni boshlagan kitobimdan, deydi Adayfi, odamlar bu qamoqxona nega yopilishi kerakligini tushunib oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG