Breaking News

Turkiyada "oilaviy qadriyatlar"ga zid teledasturlarga chora ko'riladi


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (o'ngda) mahalliy jurnalistlarga intervyu beryapti, Istanbul, 2019-yil, 15-dekabr.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an mamlakatning “asosiy qadriyatlariga” zid deb topilgan teledasturlar va boshqa shu kabi media mahsulotlarga qarshi choralar ko‘rishni buyurdi.

Shanba kuni hukumat rasmiy nashrida chop etilgan ma’lumotnomada yangi qaror Turkiyada xorijiy kontentga ega teledasturlarning zararli ta’sirini bartaraf etish va turk madaniyatini himoya qilish maqsadida qabul qilingani aytiladi.

“Oila, bolalar va yoshlarga salbiy ta'sir ko'rsatadigan teledasturlarga qarshi Turkiya qonunlari va konstitutsiyasi orqali barcha choralar ko'riladi. Bolalar va yoshlar “muayyan ramzlar orqali yetkaziladigan xabarlar”dan himoyalanadi”, deyiladi qarorda.

Buning qanday amalga oshirilishi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.

Turkiyaning ommaviy axborot vositalarini nazorat qiluvchi organi - Radio va Televideniye oliy kengashi allaqachon keng ko'lamli vakolatlarga ega va ommaviy axborot vositalarini jarimaga tortish yoki hukumatni tanqid qiluvchi telekanallarni turk qadriyatlariga zarar yetkazish vaji bilan to’xtatib qo’yish huquqiga ega. Shuningdek, u erotik yoki LGBT kontentini efirga uzatgan kanallarni jarimaga tortgan.

Asosiy muxolifat partiyasidan OAV nazorati tashkiloti a'zosi Ilhan Tashchi bu harakatni "senzura ma’lumotnomasi" deb atadi va u matbuot erkinligini himoya qiluvchi konstitutsiyaga zid ekanini aytdi.

Turkiyadagi aksariyat media kompaniyalari allaqachon konservativ va millatchi hukumatga yaqin bo'lgan korxonalarga tegishli bo'lib, hukumat xohish-irodasidan tashqariga chiqmasdan ishlashi aytiladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti 2021-yilgi Jahon matbuot erkinligi indeksida Turkiyani 180 davlat orasida 153-oʻringa qoʻydi. Turkiya Jurnalistlar ittifoqi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda hozir kamida 34 nafar OAV xodimi panjara ortida.

O‘tgan hafta taniqli jurnalist Sedef Kabash “Tele 1” telekanalidagi chiqishida va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ho‘kizga ishora qilingan maqolni keltirgani uchun Erdog‘anni haqorat qilganlikda ayblanib, sudgacha hibsga olindi. Turkiyada shu paytgacha o‘n minglab odamlar Erdo‘g‘onni haqorat qilganlikda ayblanib sudga tortilgani aytiladi.

Yangi tartib “Fox TV” telekanali tomonidan “Niqobli qo‘shiqchi” xalqaro ko‘rsatuvining turkcha versiyasi namoyishi boshlanganidan so‘ng e’lon qilindi. Shou shaytoniy va butparast g’oyalarni targ’ib qilgani uchun jamoatchilik orasida tanqidlarga uchradi.

“Netflix”ning yaqinda e’lon qilingan birinchi arab filmi ham Misr va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlarida qizg'in bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Tanqidchilar uni gomoseksualizmni rag’batlantirgani bois oilaviy va diniy qadriyatlarga tahdid deb qoraladi.

Boshqalar esa film himoyasiga chiqdi. Ularning ta'kidlashicha, qoralovchilar real hayotda yopiq eshiklar ortida sodir bo'layotgan voqealarni inkor etmoqda. Filmni yoqtirmaganlar “Netflix”ga obuna bo'lishni to’xtatishlari mumkin, deydi kino kartina himoyachilari.

Turkiyada so'z erkinligi bormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:26:13 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG