Breaking News

Faollar Turkiyada so'z erkinligi yanada cheklanayotganidan xavotirda


So'z erkinligi himoyasi uchun o'tkazilgan namoyish, Istanbul, Turkiya, 2021-yil, 29-iyun
So'z erkinligi himoyasi uchun o'tkazilgan namoyish, Istanbul, Turkiya, 2021-yil, 29-iyun

Turkiya qonun chiqaruvchi organi oktabrda ijtimoiy tarmoqlar nazoratiga oid qonun loyihasini ko’rib chiqishi kutilmoqda.

Yangi loyiha Turkiyaning hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi tomonidan internetda yolg'on xabarlar va dezinformatsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Loyiha tafsilotlari ommaga oshkor qilinmagan, biroq mahalliy matbuotda ismi oshkor qilinmagan rasmiylarning aytishicha, loyihada "dezinformatsiya" va "noto'g'ri ma'lumot" tarqatishni jinoyatga tenglashtirish taklif qilingan hamda ijtimoiy tarmoqlarda yolg'on xabar tarqatganlar uchun 5 yilgacha qamoq jazosini tayinlash nazarda tutilgan.

Loyihada, shuningdek, ommaviy axborot vositalarini tartibga soluvchi Radio va televideniye oliy kengashiga o’xshagan yangi organ tashkil etish taklif qilingan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an avvalroq internetda yolg‘on xabarlar va noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish naqadar xavfli ekani haqida gapirgan edi. Uning partiyasi raisi o'rinbosari Mahir Unal iyul oyining o'rtalarida partiya qonuniy choralarni ko'rib chiqayotganini aytib, "dezinformatsiyaga qarshi kurash terrorizmga qarshi kurashdek muhim", deya qo'shimcha qilgan edi.

Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari yangi loyihasidan xavotirda. Ular rasmiylardan qonun matnini jamoatchilikka oshkor qilishni so’ramoqda. Faollarga ko’ra, qonundan hukumatni tanqid qiluvchi fuqarolar va jurnalistlar ovozini o’chirishda foydalanilishi mumkin.

"Hukumatning g'alati odati bor. Uni tanqid qilgan har bir kishiga "dushman" sifatida qaraydi", - deydi Turkiya Jurnalistlar uyushmasi prezidenti Turgay Olchayto.

Internet ustidan nazorat

Taklif etilayotgan qonun ijtimoiy tarmoq platformalaridan so'rovlarni ko'rib chiqish uchun Turkiyada o’z vakiliga ega bo’lishni majburiy qiluvchi tartib kuchga kirishidan bir yil o’tib amalga oshmoqda.

Bu tartib qabul qilingandan keyingi birinchi oy ichida “Facebook”, “Twitter” va “YouTube” kabi saytlar qoidalarga rioya qilmaganlik aybi bilan 1,18 million dollar jarimaga tortilgan edi.

Matbuot erkinligi bo’yicha xalqaro reytinglarda Turkiya ko’rsatkichlari yomonlashib bormoqda. “Ozodlik uyi” chiqargan yillik hisobotda Anqara 100 balldan 34 ball olib, "erkin bo’lmagan" davlatlar qatoriga qo’shilgan.

Sentabr oyida e'lon qilingan eng so'nggi tahlilda past ballning sababi sifatida yuzlab vebsaytlarning bloklanishi va platformalar uchun yangi nazorat qoidalarining joriy qilingani ko’rsatilgan.

"Jurnalistikamiz holati haqida biror narsa deyishimga hojat yo'q, - deydi Olchayto. – Hukumat soxta xabarlar manipulyatsiya qilinishiga yo'l qo'ymaymiz, deyapti. Buni qanday amalga oshirasiz? Yangiliklarni eng ko'p manipulyatsiya qiladigan va yashiradigan hukumatning o’zi-ku".

Olchayto parlament bu qonunni qabul qilishiga ishonmasligini aytadi. Lekin agar qonun qabul qilinsa, biz kurashni davom ettiramiz, deydi u.

Erdog'an yakshanba kuni AQShning CBS telekanaliga bergan intervyusida "Turkiya tengi yo’q darajada ozod" deya Turkiya matbuot erkinligi haqidagi tanqidlarni rad etdi.

Media nazoratchisi

Jurnalistlar Radio va televideniye oliy kengashiga o’xshagan yana bir nazoratchi tashkilotning paydo bo’lishidan tashvishda. “Human Rights Watch” tashkiloti 2020-yilda hukumatni tanqid qiluvchi telekanallar nazoratchi organ tomonidan nomutanosib darajada sanksiyalar bilan jazolangani haqida xabar bergan edi.

Nazoratchi tashkilot yettita mustaqil stansiyaga qarshi 40 dan ortiq sanksiya qo’llagan va 2020-yilda jami yettita dasturni efirdan butunlay olib tashlash talab qilgan, deya xabar beradi “Human Rights Watch”.

Turkiyada so'z erkinligi bormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:26:13 0:00

Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Adnan O'zyalchiner ham qonun loyihasini tanqidiy matbuotni nishonga olishga urinish deb hisoblaydi.

"Tanqidiy matbuotga qarshi qonuniy yo'l bilan emas, o'zboshimchalik va ma'muriy yo'llar bilan choralar ko'rilmoqda. Bu tanqidiy matbuot ovozini o’chirishga urinish", - deydi O'zyalchiner.

Uyushma raisi qaysi kontent yolg'on ekanini kim hal qiladi, degan savolni o’rtaga tashlaydi. Unga ko’ra, hukumatni tanqid qiluvchi barcha yangiliklar "soxta yangiliklar deb e'lon qilinadi".

Jurnalistlar tashkilotlari yangi loyihaga nisbatan o’z takliflarini e’lon qildi. Unda qonun loyihasini jamoatchilikka oldindan oshkor qilish, jurnalistikani jinoiy javobgarlikka tortmaslik, muloqot va axborot erkinligini cheklamaslik kabi tavsiyalar olg’a surilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG