Breaking News

Makron, Putin uchrashuvidan Kreml ko'p narsa kutmayapti


Fransiya rahbari Emmanuel Makron Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muloqotda, Moskva, 7-fevral, 2022
Fransiya rahbari Emmanuel Makron Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muloqotda, Moskva, 7-fevral, 2022

Fransiya rahbari Emmanuel Makron bugun Moskvada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashar ekan, Kreml hali ham Ukrainaga nisbatan siyosatini o'zgartira oladi, deya umid bildirgan.

"Bu muloqot qay tomon yo'nalishimiz zarurligini belgilaydi", - degan Makron Putin bilan suhbat boshida.

"Urushning oldini olib, o'zaro ishonch, barqarorlik va hamjihatlik bilan harakat qilaylik".

Kreml so'zlovchisi Dmitriy Peskovga ko'ra esa bir uchrashuvning o'zi vaziyatni o'rgartirmaydi.

"Rossiyaga qanday xavfsizlik kafolatlari berishadi?” - deya so'raydi Peskov. “G'arbdagi muloqotdoshlarimiz bu borada lom-mim demayapti".

Rossiyaning 100 mingdan oshiq qo'shini Belarus bilan hamkorlikda Ukraina chegaralarida shay holatda, deydi G'arb rasmiylari, va Kreml istagan paytda Ukrainaga bostirib kirishi mumkin.

Moskva NATO va uning a'zolaridan bu harbiy alyansda Ukrainaga kiritish ehtimolini butkul yo'qqa chiqarib, sharq tomon kengaymaslikni talab qilmoqda.

Makron deydiki, diplomatik harakatlarni aslo to'xtatmaslik zarur.

"Vaziyat bunday ham og'irlashmasligini ta'minlash kerak", - deydi Fransiya prezidenti.

Makron Moskvadan Kiyevga borib, Ukraina rahbariyati bilan gaplashadi.

Vashingtonda esa AQSh rahbari Jo Biden Germaniyaning yangi kansleri Olaf Sholts bilan uchrashib, Rossiya bilan ziddiyatni muhokama qilmoqda.

NATO a'zolari bu masalada yakdil, ya'ni Ukrainani mustaqil va suveren davlat deb biladi va qaror uniki, deya bildiradi Oq uy.

Amerika Rossiya Ukrainaga kirishining oldini olishni istaydi, lekin urush boshlansa, unga qo'shinlarini yubormaydi. Ruminiya va Polshaga 3000 ming askar safarbar etilgan, NATO doirasida xizmat qilishga. Oq uy Ukrainaga 500 million dollarlik harbir yordam uzatgan.

Germaniya Ukrainaga qurol bermaslikka qaror qilgan, chunki u azaldan mojaro zonalariga bunday madad ko'rsatmaydi.

AQSh va Germaniya Rossiya orqali energetik ta'minot masalasini ham ko'rib chiqmoqda.

Rossiya Ukrainani bosib olsa, AQSh Boltiq dengizi ostidan Germaniyaga tabiiy gaz oqimini to'xtatishga bel bog'lagan.

Sholtsning qayd etishicha, Berlin har qanday choralar va ehtimollarga hozir.

Oq uy nazarida urush Kreml istagan payt boshlanishi mumkin.

“Rossiya bor kuchi bilan Ukrainani ishg'ol qilish uchun tayyorlangan va biz ham qanday javob berishimiz mumkinligi ustida ishlayapmiz", - deydi Milliy xavfsizlik kengashi raisi Jeyk Sallivan.

Rasmiy deydiki, Rossiya bosqini Ukrainaga misli ko'rilmagan zarar keltirishi mumkin, ya'ni ko'plab insonlarning yostig'i quriydi. Rossiya javobgarlikka tutiladi, deydi Sallivan, AQSh uning iqtisodiga zarba beruvchi sanksiyalar qo'llashga shay.

Oq uy Kreml bilan muzokara qilishga ochiq ekanini eslatmoqda.

Sallivanga ko'ra, NATO kengaygan taqdirda Rossiyaga xavf solmasligini isbotlovchi choralar ko'rishi mumkin. Harbiy mashqlar shaffof bo'ladi, zarur topilsa, qurollarni qanday joylashtirish borasida ham kelishish mumkin, deydi rasmiy.

"Ammo NATO o'z safiga qay davlatni qachon qabul qilishi borasida Rossiya bilan hech qanday kelishuvga bormaydi, buni muhokama qilmaydi".

Sallivanning tushuntirishicha, Prezident Bayden ittifoqchilar bilan yaqin aloqada. Oq uy Ukrainani quvvatlashda davom etadi. Amerika diplomatik yo'llar bilan harakat qilaveradi, deydi u.

(AP va "Reuters" agentliklariga tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG