Breaking News

Dunyo: "Rossiya-Ukraina mojarosi diplomatik hal etilsin"


NATO a'zolarining bayroqlari, Rukla habiy bazasi, Litva, 22-fevral, 2022

Dunyo bo'ylab hukumatlar va xalqaro tashkilotlar Rossiyaning Ukrainaga qarashli ikki hududini mustaqil davlat deb tan olganini qoralamoqda. Bu inqiroz diplomatiya orqali barham topsin, degan chaqiriqlar kuchli.

“Biz aniq qayd etishimiz kerakki, Ukrainaga hujum BMTning har bir a'zosiga hujum demakrdir, chunki uning suvereniteti buzilmoqda. Bunga darhol va keskin javob berish lozim", - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Thomas-Grinfild.

“Mas'uliyat hissiga ega tomonlar masalani doim diplomatiya orqali hal etadi".

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning idorasiga ko'ra, Rossiya Donetsk va Luganskni tan olgani BMT tamoyillariga va Ukraina suverenitetiga ziddir.

Turkiya hukumati ham shu mazmunda munosabat bildirgan. Anqara nazarida Kreml qarori Ukraina siyosiy birligiga raxna solib, uning hududiy yaxlitligini buzmoqda.

Fransiya ham Prezident Vladimir Putin 21-fevral kuni imzolagan farmonni la'natlab, u mustaqil deb atayotgan har ikki hududga sanksiya joriy etayotganini bildirgan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, sanksiyalar misli ko'rilmagan ko'lamda kengayadi, deya ogohlantirmoqa Parij.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Josep Borrell deydiki, blok ham cheklovlar qo'yadi. Ukrainaga qarshi urush ochilsa, oqibatlari og'ir bo'ladi, dedi u.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ham shunday fikrda. London Rossiyani qilmishi uchun jazolashga bel bog'lagan.

"Rossiya kuchlari Ukrainaga kirsa, yanada qattiq sanksiyalar qo'yiladi", - deydi u.

Jonsonning aytishicha, Putinning kechagi qarori Ukraina suverenitetni bila turib, vijdonsizlarcha oyoqosti qilishdir.

Xitoy Rossiyaning qadamlarini qoralamagan. Pekin tomonlarni muzokara qilishga chaqirmoqda.

Eron nazarida NATO, xususan AQShning "provokatsion xatti-harakatlari" shunday oqibatlarga yetaklagan. Tehron Vashingtonni mintaqa tinchligini buzayotganlikda ayblaydi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg so'zlariga ko'ra Rossiya Ukraina sharqidagi separatistlarni moliyaviy va harbiy jihatdan quvvatlab, qo'shni davlatni egallab olish maqsadida qat'iy.

Yaponiya hukumati Rossiya qarorini "qabul qilib bo'lmaydigan holat" deb atagan. "Jarayonlar tahlikali tus olar ekan, xavotirdamiz", - deydi Bosh vazir Fumio Kishida.

Suriya rahbariyati esa Rossiya bilan hamfikr ekanini ta'kidlab, zarur bo'lsa, unga yordam berishga tayyorligini eslatmoqda.

Gretsiya uchun Putinning bu farmoni urush boshlash bilan barobar. "Bu ish - xalqaro qonunlarni poymol etish, Ukraina hududiy yaxlitligini buzish va Minsk kelishuvini uloqtirish", - deyiladi Afinada Tashqi ishlar vazirligi chiqargan bayonotda.

Germaniya bosh diplomati Annalena Berbok deydiki, Rossiya dunyo oldidadgi barcha va'da va majburiyatlariga qarshi qadam tashlamoqda va buning uchun javob berishi kerak.

Janubiy Koreya ham Rossiya va Ukraina orasida qonli urush boshlanadi, deya tashvishlanib, davlatlarni tinchlik uchun harakat qilishga undamoqda. Seul nazarida Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxligi hurmat qilinishi shart.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG